Sarvar Azimov (1923–1994)

0
200
marta koʻrilgan.

Taniqli dramaturg va adabiyotshunos Sarvar Azimov 1923 yilda Jizzax shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Mashhur shoir Hamid Olimjonning ukasi Sarvar Toshkentdagi pedagogika texnikumini tamomlagach, Oʻrta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetida oʻqidi (1942–1946), soʻngra aspiranturada tahsil oldi.

1946–1947 yillarda respublika radiokomitetida masʼul muharrir, 1947–1950 yillarda Adabiyot muzeyida ilmiy xodim, direktor oʻrinbosari boʻlib ishladi. 1954–1956 yillarda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasida fan va madaniyat boʻlimi mudiri, 1956–1957 va 1980–1985 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. 1957–1959 yillarda Respublika Madaniyat ishlari vaziri, 1959–1969 yillarda Respublika hukumati raisining oʻrinbosari boʻlib xizmat qildi.

S. Azimov 1969–1980 yillar mobaynida Suriya va Pokistonda elchi, 1986–1990 yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri boʻlib ishladi.

Yozuvchining adabiy-tanqidiy faoliyati 1948 yildan boshlangan. U “Oʻzbek adabiyoti tarixini buzishga qarshi”, “Yosh oʻzbek yozuvchilar ijodi haqida” kabi maqolalarida shu davr adabiyotining muhim ilmiy-nazariy masalalarini ilgari surdi. Sarvar Azimov Hamid Olimjon ijodi boʻyicha uzoq yillar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, 1953 yilda nomzodlik, 1972 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

U oʻrta maktablar uchun oʻzbek adabiyoti dasturlari, darsliklari va majmualarini yaratishda faol ishtirok etdi.

Sarvar Azimov oʻzining sahna asarlari bilan 60-yillar dramaturgiyasi va teatri taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshdi. “Qonli sarob” (1961), “Oppoq tong qoʻshigʻi”, “Yulduzlar jamoli” (1964) asarlari va adabiyotshunoslikka doir ilmiy-nazariy kitoblari oʻzbek adabiyotining yutuqlaridandir. “Zamon dramasi” (1968) oʻzining gʻoyaviy-badiiy puxtaligi bilan dramaturg ijodida alohida oʻrin tutadi.

Sarvar Azimov barcha dramatik asarlarida oʻzi guvoh boʻlgan tarixiy davrning muhim muammolarini koʻtardi. Xorijiy xalqlar hayotidan olingan asarlari bilan oʻzbek dramaturgiyasini yangi mavzu, yangi obrazlar bilan boyitdi.

S. Azimov bir qancha ridioqissalar ssenariysi muallifidir. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi”, “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvonlari hamda xalqaro “Nilufar” adabiy mukofoti bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.