Samandar Vohidov (1942–2014)

0
189
marta koʻrilgan.

Samandar Vohidov 1942 yil 12 sentyabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻildi. Buxoro davlat pedagogika institutining filologiya fakultetida tahsil oldi.

Ijodini oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlagan Samandar Vohidovning “Qorboboning istagi” nomli ilk majmuasi 1976 yilda nashr etildi. Shundan soʻng uning “Kaftimda gul” (1977), “Qatralarda nur yonar” (1978), “Olamdan rang izlab” (1985), “Asal bobo” (1985), “Kenglikni qoʻmsash” (1991), “Xayoling men bilan” (1996), “Buxorom bor, Buxorom bor” (1997), “Sunbula” (2002), “Umr chorbogʻi” (2003), “Saylanma” (uch jildlik, 2004–2006), “Halovatni halollikdan izladim” (2005), “Haj daftari” (2008), “Bu bogʻda bahra boqiydur” (2010), “Gullayotgan kunlar” (2011), “Istiqlol manzumasi” (2011) kabi sheʼriy toʻplamlari dunyoga keldi.

Shoir sheʼrlarining mazmun-mohiyatida hayotni alqash, shukronalik, bahravar tuygʻular ustuvor:

 

Aftodahol qagʻillar qargʻa:

“Rizq qolmadi shudgorda endi…”

Kurtak yozib, shivirlaydi tol:

“Ha, bu yogʻi bahor-da endi…”

 

Toʻlqin surgan muzlar toʻngʻillar:

“Biz oʻgaymiz anhorga endi”.

Maysa tilda soʻylar sohillar:

“Ha, bu yogʻi bahor-da endi…”

 

“Bahor arafasi” sheʼridan olingan ushbu satrlar inson va tabiat, tabiat va inson munosabatlarining azaliy va abadiy rishtalariga bagʻishlangan.

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Samandar Vohidov ijodida “insonning oʻzi ‒ betakror qadriyatdir” degan hayotsevarlik konsepsiyasi yetakchilik qiladi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.