Saʼdulla Karomatov (1926–1986)

0
107
marta koʻrilgan.

Mohir jurnalist, adib va tarjimon Saʼdulla Karomatov 1926 yili Buxoroda tugʻildi. Oʻrta maʼlumotni ham shu yerda oldi. 1949 yilda Oʻrta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgach, Oʻzbekiston radiokomitetida ishladi.

Saʼdulla Karomatovning jurnalistik faoliyati 1954 yildan boshlandi. 60-yillarda u vaqtli matubot sahifalarida ocherknavis sifatida koʻrindi. 1963 yilda esa birinchi yirik nasriy asari ‒ “Togʻlar tabassumi” hujjatli qissasi maydonga keldi. Soʻng “Amuning zar kokillari”, “Goʻzallik ramzi”, “Kumush kamar” singari ocherklari toʻplamlari bosmadan chiqdi. Shundan soʻng u mohir hikoyanavis va qissanavis sifatida qalam tebratib, “Bir tomchi qon”, “Eʼtiqod” (1970) kabi povestlarini yaratdi. U soʻnggi yillarda geologlar hayotidan olib yozilgan “Oltin qum” va choʻlquvarlar hayotiga bagʻishlangan “Soʻnggi barxan” romanlarini yaratdi.

Saʼdulla Karomatov mohir tarjimon sifatida ham barakali qalam tebratgan. U Jyul Vernning “Suv ostida 8000 mill”, turkman yozuvchisi Qilich Quliyevning “Qora karvon” romanlarini, Eron yozuvchilarining hikoyalar toʻplami, tojik yozuvchisi Yusuf Akobirovning “Tegirmon toʻxtagach” qissasini, Vadim Kojevnikovning “Peshin chogʻi kungay tomonda” romanini oʻzbek tiliga oʻgirgan. S. Karomatov jamoat arbobi sifatida ham elga tanilgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Saʼdulla Karomatov “Oʻzbekiston ovozi”, “Toshkent oqshomi” kabi gazetalarning bosh muharriri, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining kotibi lavozimlarida ham faoliyat koʻrsatgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.