Rahmat Fayziy (1918–1988)

0
1947
marta koʻrilgan.

Taniqli adib Rahmat Fayziy 1918 yili Toshkentning Beshyogʻoch dahasida, kosib oilasida dunyo keldi. U oʻrta maktabni tugatib, elektr-mexanika texnikumida oʻqidi. Soʻng respublika gazetalari tahririyatlarida ishladi. Uning dastlabki sheʼriy mashqlari, lavha, ocherklari ham gazetalar sahifalarida eʼlon qilindi va uning qalami yildan yilga charxlanib bordi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi tinch qurilish yillarida yozuvchi “Toʻy toʻyonasi” (1951), Mirzachoʻlni oʻzlashtirayotgan yoshlarga bagʻishlangan “Choʻlga bahor keldi” (1951), “Povest va hikoyalar” (1954), “Shohi darparda” (1958) kabi qissa, ocherk va hikoyalar toʻplamlari bilan elga tanildi. Ijodkorning

“Tekin muzqaymoq”, “Mening bobom”, “Choʻntak”, “Nafisa” kabi hikoyalari bolalarni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi.

Rahmat Fayziy 1962–1965 yillarda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida ishladi. Uning “Sen yetim emassan” (1962), “Yor-yor” kinossenariylari asosida ishlangan filmlar oʻzbek milliy kinosi rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi. Ayniqsa, yozuvchining “Sen yetim emassan” kinossenariysi boʻyicha suratga olingan film qator xorijiy mamlakatlar ekranlarida namoyish etilib, tomoshabinlarga manzur boʻldi.

Rahmat Fayziy 1969 yili shu ssenariy asosida yaratgan “Hazrati Inson” romanida temirchi Mahkam ota va Mehriniso opa hayoti orqali oddiy kishilarning front orti mehnati, qahramonligini koʻrsatdi.

Rahmat Fayziy “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi”, Polsha Xalq Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat arbobi faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. Yozuvchining qator asarlari rus va qardosh tillarga oʻgirilgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.