Qosimi Anvar (1355-1433)

0
135
marta koʻrilgan.

Temuriylar davridagi adabiyot va tasavvufning yirik vakillaridan biri Qosimi Anvardir.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, shoirning dunyoqarashi oʻz davri va oʻzidan keyingi ilm-fan va tasavvufning yirik namoyandalari Bahovuddin Naqshband, Sadriddin Yaminiy, Ulugʻbek, Neʼmatulla Vali, Nuritdin Kirmaniy, Abdurahmon Jomiy va Navoiylarning taʼlimotlari bilan gʻoyaviy jihatdan yaqin turadi. Ayniqsa, Alisher Navoiy oʻzining “Majolis un-nafois” tazkirasida shoir ijodi haqida keng toʻxtalib, sheʼrlaridan namunalar keltiradi. Uni zamonasining iqtidorli shoirlari qatoriga qoʻshadi: “Ravishlari pok erdi va nafaslari otashnok, – deb xabar beradi Alisher Navoiy Qosimi Anvar haqida. – El bagʻoyat alar nazmlariga moyil va sheʼrlarin oʻqumoq va bitmakka rogʻib boʻldilar”.

Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va boshqa manbalarda keltirilishicha, Qosimi Anvar yoshligidan Sadriddin Ardabiliyga murid boʻlib, soʻfiylik tariqatini mukammal egallaydi. 1426 yili Hirotning masjidida Shohruxga qarshi fitna uyushtiriladi. Xurufiylar oqimiga mansub boʻlgan Ahmad Lur degan shaxs Shohruxga pichoqurib, uni yarador qiladi. Shu yerning oʻzidayoq Ahmad Lur oʻldiriladi. Yuqoridagi voqea tufayli Qosimi Anvar xurufiylar bilan yaqin aloqada boʻlganliqda va fitnada qoʻli borligida ayblanib Hirotdan Samarqandga surgun qilinadi. Samarqandni boshqarib turgan Ulugʻbek uni yaxshi kutib oladi.

Oʻsha davrda Ozarbayjon, Turkiya, Iroq, Suriya va Sharqning boshqa mamlakatlarida xurufiylik oqimi keng tarqalgan boʻlib, bu oqim Markaziy Osiyo va Xurosanda, ayniqsa, Samarqand va Hirotda oz boʻlsada mavjud edi. Xurufiylik oqimi harflarni ilohiylashtirib, kishilarni obʼyektiv dunyo, harflar va xudoni idrok qilishga chaqiradilar. Bu esa boshqalarning fikricha, dinni obroʻsini tushirar edi. Xurufiylar shahar kambagʻallari va hunarmandlarining manfaatini himoya qilib, zoʻravonlik, jabrzulm, zodagonlarning oʻzboshimchaligiga qarshi kurash olib bordilar.

Markaziy Osiyo va Xurosonda bu oqim tarafdorlari, garchi ular koʻpchilikni tashkil etsada, hokimiyat uchun zimdan kurash olib bordilar, har xil fitna va gʻalayonlar uyushtirib turganliklari bois Temuriylar, ayniqsa, Shohrux va boshqa hokimlar xurufiylik oqimi tarafdorlarini taʼqib ostiga olganlar. Qosimi Anvar ijodi va dunyoqarashini tadqiq etgan olimlarning aksariyati, shu jumladan, Ye. Braun, 3. A. Qulizoda va boshqalar xurufiylik oqimi shoir ijodiga taʼsir koʻrsatgan boʻlsada, uni tasavvuf oqimining yirik vakili, deb hisoblaydilar. Darhaqiqat, Qosimi Anvarning qoldirgan adabiy va ilmiy merosi ana shundan dalolat beradi.

Qosimi Anvar asarlarining anchagina qismi bizgacha yetib kelgan. Uning “Devon”i qoʻlyozmalari Sankt-Peterburgda, Gurjistonda, shuningdek, Samarqandda va boshqa yirik ilm markazlarida saqlanmoqda. 1958 yili Tehronda uning “Kulliyoti” Said Nafisiy tomonidan chop etilgan.

Mutafakkirning “Anis ul-oshiqin” (“Oshiqlar doʻsti”) masnaviysi (“Anis ul-orifin” ham deb yuritiladi), “Sad maqom dar istilohi soʻfiya” (“Tasavvuf atamalarida yuz maqom”), “Risolayi-adadi maqomot” (“Maqomlarning soni haqida risola”), “Risola dar bayoni ilm” (“Bilim haqida risola”), “Savol va javob” risolasi va boshqa asarlari mavjud.

Uning taʼlimotida Alloh hamma narsaning ibtidosi va birinchi sababi, deb talqin etiladi. Alloh dunyodagi hamma narsalarda namoyon boʻladi, ular bir-biriga qoʻshilib ketadi. Qosimi Anvar insonni mavjudotlarning aʼlosi, unga bu dunyo va oxiratning Sultoni boʻlishni Allohning oʻzi ato etgan, deb aytadi. “Tuyi sultoni jovidon, tuyi maqsad, tuyi aqso” (“Sen mangu sultonsan, sen maqsadsan, sen uzoqdagi ufqsan”), – deydi u inson haqida.

Maʼlumki, tasavvuf oqimida axloqiy masalalariga keng oʻrin beriladi. Qosimi Anvar ham oʻzining tasavvufiy qarashlarida, inson, borliq va Allohning birligini asoslashda ijtimoiy muammolar, axloq va xulq-odobga katta eʼtibor beradi. Insonning Allohga yaqinlashuvi poklanishsiz, axloqiy kamolotga erishmasdan oshishi mumkin emas. Inson oʻzini qanchalik oʻrgansa, idrok qilsa, shunchalik axloqan poklanib boradi. Allohga yaqinlashish yoʻlida olgʻa qadam bosadi. Shu munosabat bilan u johillikni qattiq qoralaydi, zeroki u axloqiy poklanish va oʻz-oʻzini bilishga xalaqit beradi. Inson yaxshi va xayrli ishlar qiladimi, yovuzlik va adolatsizlik bilan shugʻullanadimi, birinchi oʻrinda, oʻzi sababchi boʻladi. “Nik va bad gar mikoʻni, boxud koʻni” (Yaxshilik va yomonlik qilsang, oʻzingga qilasan), – deb hisoblaydi shoir.

Qosimi Anvarning ijodida ijtimoiy masalalar ham u yoki bu darajada inʼikosini topgan. Zamonasidan zorlanish, mavjud jamiyatdan norozilik, hukmron sinf vakillarining adolatsizligi, jabr-zulm va nohaqsizliklarini qoralash mutafakkir ijtimoiy qarashlarida maʼlum oʻrin egallaydi. U yolgʻonchilik, firibgarlik, ikkiyuzlamachilikni qoralaydi, zohidlarning yaramas odatlarini tanqid qiladi. Jamiyatdagi salbiy illatlarning yoʻqotish yoʻllarini topa olmagan shoir, bir kun vaqti kelib bu dunyoda adolat va haqiqat oʻrnatilishiga umid bogʻlaydi.

Xullas, Qosimi Anvarning ijodiy merosini oʻrganish shundan dalolat beradiki, u Temuriylar davrining yirik mutafakkiri, shoiri boʻlgan va oʻsha davr maʼnaviy taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.