Qo‘chqor Norqobil (1968)

0
79
marta ko‘rilgan.

Qo‘chqor Norqobil 1968 yilning 5 mart kuni Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumanidagi Mo‘minqul qishlog‘ida tavallud topdi. O‘rta maktabni tugatib, 1986–1988 yillarda afg‘on urushida qatnashdi. 1992 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomladi. Mehnat faoliyatini “Turkiston”, gazetasida boshlab, keyinchalik “O‘zbekiston ovozi”, “Xalq so‘zi” gazetalari va “Saodat” jurnalida ishladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muassisligidagi “Inson va qonun” gazetasi bosh muharriri vazifasida xizmat qiladi.

Qo‘chqor Norqobilning ijodi o‘tgan asrning 80-yillarda boshlandi. “Bosinqirash”, “Asorat”, “Xun” hikoyalari, “Daryo ortidagi yig‘i” qissasi chop etildi. Adib ijodida “Daryo ortidagi yig‘i” (1994) qissasi muhim o‘rin tutadi. Unda afg‘on yurtida muallif o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, boshidan kechirgan hayotiy voqealar mahorat bilan ifoda etilgan. Mazkur qissa yoshlar tashkilotining Usmon Nosir nomidagi mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

“Kaftimdagi qizg‘aldoq” (1990), “Xosiyatli dunyo” (1993), “Deraza rahidagi gul” (2007) kabi she’riy va “Daryo ortidagi yig‘i” (1994), “Kulib tur, azizim” (2005), “Quyoshni kim uyg‘otadi?..” (2008), “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” (2012), “Afg‘on: 2 rota” (2012) kabi nasriy kitoblari chop etilgan. “Taqdir sinovlari” (2010), “Quyoshni sen uyg‘otasan” (2011), “Nur soyada qolmaydi”, “Omad biz tomonda”, “Suv ko‘rmay etik yechma” (2012), “Zamindan olis ketma” kabi dramalari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnalashtirildi.

Qo‘chqor Norqobil 2001 yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.