Pablo Neruda (1904–1973)

0
139
marta koʻrilgan.

XX asr jahon adabiyotining ulkan namoyandasi, shoir, koʻplab milliy va xalqaro mukofotlar sovrindori, faol jamoat arbobi va siyosatchi, tinchlik uchun tolmas kurashchi. Haqiqiy ismi – Neftali Rikardo Reyes.

Chilining janubidagi Parral shaharchasida temiryoʻlchi oilasida tugʻilgan Pablo Nerudaning bolaligi Temuko shahrida – ogʻir sharoitda oʻtgan. Bolaligidan sheʼr yoza boshlagan. 1921 yilda “Bayram qoʻshigʻi” sheʼri talabalar adabiy tanlovida gʻolib chiqib, mukofot oladi. 1923 yilda ilk kitobi “Tun manzaralari”, 1924 yilda esa ikkinchi kitobi – “Muhabbat haqida yigirma sheʼr va umidsizlik haqida bir qoʻshiq” nashr etiladi. Pedagogika institutining filologiya fakultetini bitirgandan soʻng bir necha yil diplomatik xizmat taqozosiga koʻra bir qator Osiyo va Yevropa mamlakatlarida boʻladi.

Shoir ijodining birinchi choʻqqisi deya baholangan “Vatanimiz bitta – ona yer” sheʼrlar toʻplami 1933 yilda yoziladi, 1935 yilda nashr etiladi.

Ispaniyada roʻy bergan fuqarolar urushi davrida Pablo Neruda Madridda yashab, Chili elchixonasida faoliyat yuritadi. Ispaniyadagi urush voqealari taʼsirida “Ispaniya yuragimda” sheʼrlar kitobini yaratadi. Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi nafrat va uzoq qamal qilingan shahar aholisiga xayrixohlik ruhi bilan sugʻorilgan “Stalingradga muhabbat qoʻshigʻi” turkum sheʼrlarini yozib, gavjum shaharlarda oʻqiydi. Plakat shaklida koʻp nusxada chop etib, koʻchalarga osib qoʻyadi.

1948–1952 yillarda quvgʻinda yashirinib yuradi, Chili politsiyasidan qochib chet ellarda yashaydi. 1949 yilda shoir oʻzining asosiy kitobi – “Bashariyat qoʻshigʻi” epopeyasini yaratadi. Kitob 1950 yilda Meksikada nashr etiladi, asar yashirin tarzda Chilida ham bosiladi. “Bashariyat qoʻshigʻi” shoir ijodining eng yuksak choʻqqisidir.

Yevropa va Osiyo mamlakatlariga safar “Uzumzorlar va shamollar” (1953) sheʼrlar kitobini yaratish uchun katta manba beradi. Keyingi ikki yil davomida shoir falsafiy qasidalar bitadi: “Oddiy buyumlarga qasida” (1954) va “Oddiy buyumlarga yangi qasidalar” (1955). Bu bilan shoir epik janrga murojaat etadi. 1957 yilda esa Pablo Neruda “Qasidalarning uchinchi kitobi”ni “Estravagario” (“Aqliy dovdirash” va “Hech nima – va deyarli hamma narsa”) nomi bilan eʼlon qiladi.

1969 yilda “Hamon…”, 1970 yilda “Qiyomat” sheʼrlar kitobi nashr etiladi.

1971 yilda Pablo Neruda adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.

Pablo Neruda 1949 yilda Rossiyada Pushkin tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan xalqaro adabiy anjumanda ishtirok etadi. Rossiya va qardosh respublikalarning koʻplab yozuvchi-shoirlari, shu jumladan Gʻafur Gʻulom bilan tanishadi. 1962 yilda Pablo NerudaToshkentga keladi, adabiy uchrashuvlarda ishtirok etadi, Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning Beshyogʻochdagi uyida mehmon boʻladi.

1973 yilning 11 sentyabrida fashistlar Chilida davlat toʻntarishini amalga oshiradilar. Mamlakat Prezidenti Salvador Alyendeni otib oʻldirishadi. Oʻz vatanining va xalqining boshiga tushgan musibat tufayli 1973 yilning 23 sentyabrida Pablo Neruda halok boʻladi. Fashistlar Pablo Nerudaning Santyagodagi uyini vayron qiladilar. Vafotidan keyin shoir hayotligida chop etolmagan kitoblarini turli mamlakatlardagi doʻstlari, muxlislari bosmadan chiqarib, koʻp nusxalarda tarqatishadi.

“Savollar kitobi”da bitilgan ezgu, quv, ayni paytda murakkab savollar har bir oʻquvchini javob izlashga, dunyoning siru asrorlari haqida tasavvur qilishgan undaydi.

“Yolgʻiz atirgul” kitobining nomi ramziy maʼnoda mashhur Aku-Aku qabilalarining makoni qadimiy Rapa Nui orollarini anglatadi. Shoir oʻlimidan bir oz avval oʻsha yerni ziyorat qilgan edi.

Pablo Neruda sheʼrlari, nasriy asarlarini hamon oʻquvchilar sevib mutolaa etishadi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.