Oxunjon Hakimov (1934)

0
322
marta koʻrilgan.

Oxunjon Hakimov 1934 yilning 20 fevralida Fargʻona viloyatining Logʻun qishlogʻida tugʻildi. Oʻrta maktabdan soʻng Fargʻona davlat pedagogika institutini tugatib, viloyat va respublika markaziy gazetalarida, “Mehnat va turmush” jurnalida faoliyat koʻrsatdi.

Oxunjon Hakimov ijod maydoniga oʻtgan asrning 50-yillar oxiri, 60-yillar boshlarida kirib keldi. Shundan buyon uning yigirmadan ortiq sheʼriy toʻplami va bir qator qissalari yaratildi. Shoirning “Ilhom vodiysi”, “Fargʻona ruboiysi”, “Vatan qasidasi”, “Lirika”, “Dostonlar”, “Koʻzlaringning oʻzi qora”, “Qizlar xayol sursalar” (1995) kabi sheʼriy guldastalari qoʻldan-qoʻlga oʻtib oʻqilib keladi. Uning “Muhabbatni koʻzlardan izlang” (1996) nomli sheʼriy majmuasi esa maʼlum maʼnoda saylanma hamdir. “Goʻzallar, goʻzallar” (1997) toʻplami sheʼr ixlosmandlarining koʻngliga yoʻl topdi.

Isteʼdodli shoirimiz Abdulla Oripovning ushbu toʻplamga yozgan soʻz boshisida shunday jumlalarni uchratamiz: “Bu majmuaga… Yoshlik va muhabbat tuygʻulari bilan limmo-lim toʻla sheʼrlardan tortib, soʻnggi yillarda yaratilgan va shoirning chinakam kamolotidan dalolat berib turuvchi koʻplab lirik, falsafiy sheʼrlari, nafis gʻazallari, labingizda tabassum paydo qilmay qoʻymaydigan shoʻx, fargʻonacha hazil va yumorlari jamlangan”.

Oxunjon Hakimov lirik shoir sifatida adabiyotimiz rivoji yoʻlida munosib xizmat qilib kelmoqda. U qaysi mavzuda, qaysi janrda asar yaratmasin, hamisha odamlarning baxt-saodati, imoni, maʼnaviyati haqida goh lirik, goh falsafiy ohanglarda oʻz qarashlarini olgʻa suradi.

Oxunjon Hakimov asarlarida qoʻllangan hazil-mutoyibalar ham ajoyib. Ularda vodiy ahlining qiziqchiligi, askiyachiligi anʼanalari yangidan tugʻilgan, jonlanganday boʻladi. Bu jihatdan shoirning “Yashasin dovdirlar”, “Yasha, soʻrgʻich”, “Qatiqxoʻr”, “Qadr”, “Xotinimning muovini” kabi hikoyalari eʼtiborga loyiq. Shoir yaratgan “Qoʻllarim koʻksimda”, “Tafakkur boqiy”, “Oʻshal kun kelur” kabi dostonlari ham kitobxonlar tomonidan iliq qarshi olingan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov Istiqlol davri, imonli, eʼtiqodli zamondoshlar haqida har xil janrlarda asarlar yozmoqda. “Malaklar surati” (2005), “Dunyo-dunyo” (2006), “Olam gʻalat, odam gʻalat” (2007), “Dardga malham” (2008) sheʼriy majmualari hamda “Qoʻsh kabutar” (2001), “Baqiroq tuyaning tushlari” (2003), “Bu chollar, yomon chollar” (2004), “Haydar xoʻroz” (2005), “Koʻpik davru davronlar” (2006), “Tikon supurgi” (2008) pyesalari elga manzur asarlardir. U “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.