Omon Muxtor (1941–2013)

0
392
marta koʻrilgan.

Omon Muxtor (Muxtorov Omon Sulaymonovich) 1941 yilning 16 iyulida Buxoro shahrida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika boʻlimida tahsil oldi. Respublika bolalar gazetasida, Oʻzbekiston teleradio Davlat qoʻmitasida, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida xizmat qildi. Yigirma yildan koʻproq vaqt “Sharq yulduzi” jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir lavozimlarida ishladi.

“Chorlar quyoshli yoʻllar” birinchi sheʼriy toʻplami 1966 yilda chop etildi. Shundan soʻng u shoir, hikoyanavis, qissanavis, romannavis sifatida oʻttizga yaqin kitob nashr ettirdi. Jumladan, “Nigoh” (1968), “Quyoshlar va tushlar” (1971), “Shaharlik kelinchak” (1973), “Hayot darvozasi” (1978), “Buxorolik donishmand” (1982), “Bolalikka sayohat” (1984), “Volshebnik” (rus tilida, 1986) kabi hikoyalar toʻplamlari, “Uchqur poyezdlar” (1981), “Vazifa” (1988) kabi qissalar, “Yillar shamoli” (1976), “Egilgan bosh” (1989), “Ming yildan soʻng” (1991), Tepalikdagi xaroba”, “Koʻzgu oldidagi odam” (1996), “Ming bir qiyofa” (1994) kabi romanlarini, “Ohang” (1974), “Yogʻdu” (1979), “Marvarid” (1985), “Shiddat” (1990), “Sharshara” (Saylanma, 2001) kabi sheʼriy toʻplamlarini nashr ettirdi.

Mustaqillik yillarida Omon Muxtorning “Buxoro hayoti yoki Labihovuzdagi tutlar” (2004), “Navoiy va rassom Abulxayr” (2006) “Sherlok Xolms Buxoroda” (2008), “Uzun yoʻlakdagi ikki kishi” (2011) singari qator hikoyalar va qissalar, dramalar va adabiy manzaralardan iborat kitoblari, “Ffu” (1997), “Ayollar mamlakati va saltanati”, “Aflotun” (1998), “Odamlar kulishlari kerak” (2008), “Maydon” (2010), “Xotin podshoh” (2010) “Dengiz tubi, sahro qaʼrida” (“Muhabbat oʻlimdan kuchli”) kabi romanlari dunyoga keldi.

Omon Muxtor bolalar uchun “Buvim ertak aytadi” (1971), “Kunlardan bir kun” (1985), “Ming yildan soʻng” (1991), “Eski sandiq” (“Stariʼy sunduk”, rus tilida, 2010) kabi sheʼr, ertak va hikoya toʻplamlarini ham eʼlon qildi.

U “Egilgan bosh” romani uchun 1990 yil Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yillik adabiy mukofotiga sazovor boʻldi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Omon Muxtor 1998 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan, 2009 yilda Alisher Navoiy hayotiga bagʻishlangan dilogiyasi uchun adabiyot sohasidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.