Omon Matjon (1943)

0
1558
marta koʻrilgan.

Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topdi. Oʻrta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetida tahsil oldi. 1969–2002 yillar mobaynida Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir, boʻlim boshligʻi, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir, “Choʻlpon” nashriyotida direktor boʻlib ishladi.

Omon Matjon oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab matbuotda oʻz sheʼrlari bilan koʻrina boshladi. Keyinchalik shoirning eng yaxshi sheʼrlari “Ochiq derazalar” (1970), “Karvon qoʻngʻirogʻi” (1973), “Quyosh soati” (1974), “Dramatik dostonlar” (1975), “Yonayotgan daraxt” (1977), “Yarador chaqmoq” (1979), “Haqqush qichqirigʻi” (1979), “Seni yaxshi koʻraman” (1983), “Daraxtlar va giyohlar” (1984), “Ming bir yogʻdu” (1989), “Oʻrtamizda birgina olma” (1990), “Odamning soyasi quyoshga tushdi” (1991), “Qush yoʻli” (1993), “Iymon yogʻdusi” (1995), “Diydor aziz” (2011), “Xaloskor ruh” (2012) kabi yigirmaga yaqin sheʼriy toʻplami, “Toʻrabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva” badialari chop qilindi. Bu toʻplamlardagi “Amu”, “Oybek”, “Shuʼlalardan hayratlanish”, “Ona degan soʻz”, “Turnalar”, “Mezon”, “Chorlov”, “Oʻn uchinchi eshik”, “Umrimiz haqida” kabi sheʼrlari hozirgi oʻzbek sheʼriyatining eng yaxshi namunalaridan boʻlib, ularda inson qalbining turfa jilolari rang-barang tashbehlarda, jozibali obrazlarda ifodalangan. Omon Matjon ijodida “Choʻldagilar” doston xronikasi, “Gaplashadigan vaqtlar” sheʼriy qissasi alohida oʻrin egallaydi. Ular oʻzining yangicha shakli, ohangi bilan kitobxon eʼtiborini tortadi.

Shoirning 2000 yili “Avesto”ning 2700 yilligiga bagʻishlangan “Ardaxiva” asari chop etildi.

Omon Matjon qardosh va chet el adabiyotidan koʻplab namunalarni ona tilimizga mahorat bilan oʻgirgan. Xususan, F. Shiller, Sh. Bodler kabi jahon klassiklari, Ye. Yevtushenko, R. Hamzatov, Sh. Petefi, Yu. Marsinkyavichyus, B. Kerboboyev, Suxrob Tohir, I. Yusupov singari shoir va adiblar ijodidan qilgan tarjimalari eʼtiborga loyiq.

Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon adabiyotimiz rivoji yoʻlidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.