Ogahiy (1809-1874)

0
2096
marta koʻrilgan.

Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli – Ogahiy XIX asr Xorazm adabiy muhitining yirik siymolaridan biri boʻlib, Navoiydan keyin eng “koʻp va xoʻb” sheʼr aytgan shoirlardandir.

Ogahiy 1809 yil 17 dekabrda Xiva atrofidagi Qiyot qishlogʻida (Hozirgi Ogahiy nomli jamoa xoʻjaligi) dunyoga kelgan.

Otasi Erniyozbek vafot etgach, yosh qolgan Ogahiyni togʻasi munis oʻz tarbiyasiga oldi. Munis atrofiga toʻplangan ijodkorlar boʻlgʻusi shoir Ogahiy ijodiga katta taʼsir qildi. Ogahiy dastlabki bilimni Munis Xorazmiydan oldi, keyichalik Xiva madrasalarida tahsil koʻrdi. 1829 yil Munis vafot qilgandan keyin Ollohqulixon uning oʻrniga Ogahiyni bosh miroblik vazifasiga tayinlaydi. Shoir xizmat yuzasidan Xorazm vohasining koʻp joylarida boʻlib, dehqonlarni, hunarmandlarni ayanchli hayotini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Bu Ogahiy ijodiga taʼsir etmay qolmadi.

Ogahiydan boy ijodiy meros qoldi. U madrasada oʻqib yurgan paytlaridayoq “Bayozi mutafarriqai forsiy” nomli bayoz tuzdi. Bu bayozga Jomiy, Navoiy, Hofiz, Sheroziy, Bedil, Fuzuliy gʻazallarini kiritish bilan bir qatorda ularga ergashib yozgan oʻzining oʻn besh gʻazali va ikki muxammasini qoʻshdi. Ogahiy ustozi Munis boshlab qoʻygan, ammo, tamomlay olmagan tarixiy “Firdavs ul-iqbol” asarini yozib tugatdi. Bundan tashqari Xiva xonligi tarixiga oid “Riyoz ud-davla”, “Jome ul-voqeoti Sultoniy”, “Zubdat              ut-tavorix”, “Gulshani davlat”, “Shohidi iqbol” nomli tarixiy asarlar yozdi. Ogahiy jahon madaniyatini nodir durdonalari hisoblangan Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, Nizomiyning “Haft paykar”, Hiloliyning “Shoh va gado”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Jomiyning “Yusuf va Zulayho” kabi badiiy, tarixiy, axloqiy, falsafiy, didaktik asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi.

Ogahiy 1872 yilda parokanda boʻlgan badiiy merosini jamlab “Taʼviz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) nomli devon tuzib qoldirdi. Madaniyatimizning durdonasi boʻlgan bu devon oʻzbek mumtoz sheʼriyatining 22 janrini oʻz ichiga qamrab olgan.

Ogahiy ijodida XIX asr Xiva xonligidagi ijtimoiy hayot oʻz ifodasini topgan. Bu davrga kelib, Turkiston Rusiya tomonidan bosib olingandi, xalq ikki yoqdan zulm ostida qolgandi. Ogahiy bundan qattiq qaygʻurardi, xalq hur, ozod yashashini orzu qilardi.

Ogahiy dunyoga, insonga tuganmas muhabbat, hayotga cheksiz mehr bilan qaraydi, ijtimoiy jarayonlarga qattiq qiziqadi. Shoir insonni hayot goʻzalliklarini, muhabbat shavq zavqini toʻlib toshib tarannum etadi. Mutafakkir oʻz asarlariga ijtimoiy fikrlarni mahorat bilan singdirib yuboradi. Misol uchun mashhur “Feruz” ashulasidagi quyidagi satrlarni eslaylik:

 

Ey shoh, karam aylar chogʻi teng tut yomonu yaxshini,

Kim, mehr nuri teng tushar vayronu obod ustina.

 

Xoki taning barbod oʻlur, oxir jahonda necha yil,

Sayr et Sulaymondek agar taxting qurib bod ustina.

 

Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan gʻoyalari xon va shoir Feruzning siyosiy-maʼrifiy tarbiyasiga taʼsirqiladi. U tarixchi olim sifatida Xiva xonlariga, yirik tarixiy shaxslarga bagʻishlab qasidalar yozgan. Shoirning “Qasidai nasihat” degan qasidasi bunga yaqqol misol boʻladi. Asar Feruzga bagʻishlangan. Ogahiy oʻz nasihatlarida saltanatni boshqarishning yoʻlyoʻriqlarini koʻrsatadi, mamlakat va xalqni adolat bilan idora etish yoʻllarini belgilab beradi. Bu qasida masnaviy janrida yozilgan boʻlib, shoirning siyosiy-maʼrifiy qarashlarini yorqin ifoda qiladi. Shoir fikricha, har qanday davlat boshligʻi hokimiyatni mustahkamlash uchun barcha ijobiy fazilatlarga ega boʻlishi lozim. Podshohi himmatli, shijoatli, adolatli, gʻayratli, saxovatli, hayoli, sof niyatli, madaniyatli, hamiyatli kambagʻalparvar boʻlishi zarur. Hukmdor shu fazilatlarga ega boʻlsa hokimiyati kamol topadi, mamlakati farovon boʻladi, degan fikrni ilgari suradi.

Ogahiy davlatni boshqarishning yoʻllarini ham koʻrsatib oʻtgan. Shoirning fikricha, shoh shariat ahkomlariga qattiq amal qilmogʻi darkor. Aysh ishratdan, fitna va gʻiybatdan, gʻaflatdan, yalqovlikdan, zulmrazolatdan, chaqimchilikdan, molparastlikdan uzoq boʻlishi kerak. Xiva xoni Feruz Ogaxiyning davlatni boshqarish toʻgʻrisidagi maslahatlariga quloq tutgan, uning hikmatali baytlarini marmar toshlarga yozdirib arzxonalariga qoʻydirgan, koʻp ezgu ishlarni amalga oshirgan.

Bu davrda Xorazm xalqi mahalliy boylar va rus bosqinchilari zulmi ostida qolgandi. Lekin shunga qaramay xonlikda madaniy-maʼrifiy ishlar rivoj topdi. Bunda Ogahiyning maʼrifiy hissasi katta boʻldi. Ogahiyning Feruzga bergan siyosiy saboqlari bugun ham oʻz qiymatini yoʻqotgan emas.

Mutafakkir shoir jamiyatning insonparvarlik imkoniyatlarini oshirishning barcha yoʻllaridan foydalanishga harakat qildi, hukmdorlarni adolatga, rahmshafqatga daʼvat etdi. Ogahiy Sayid muhammadxon iltimosiga binoan 1857 yilda qasida yozdi.

 

Bas, endi raiyatga qil imdod,

Topay desang ikki jahonda murod.

 

Ilohe, bu qasr ichra qilyun makon,

Bu manzilni fahm etmagil jovidon.

 

Vafosiz durur dahr iqboli bil,

Baqosiz durur mulk ila moli bil.

 

Koʻngil qoʻymagil mulk bunyodigʻa,

Yet, albatga, mazlumlar dodigʻa!

 

Qasida koʻhna Arkda xonning arzxonasidagi marmar ustunga oʻyib yozildi. Shoir oʻz qasidasida insonparvarlik gʻoyalarini olgʻa surdi, adolatparvar, maʼrifatparvar davlat rahbarlarini orzu qildi va xonni shunga daʼvat etdi.

Ogahiy Xiva xonligining 1813 yildan 1873 yilgacha boʻlgan tarixini izchillik bilan boy manbalar asosida yozib qoddirgan. Ogahiyning tarixiy asarlariga akademik V. V. Bartold yuqori baho bergan: “Munis va Ogahiy tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy asarlar… voqealarni bayon etish va ularda keltirilgan daliliy manbalarning koʻpligi jihatidan bizgacha yetib kelgan Qoʻqon va Buxoro xonliklari tarixi boʻyicha boʻlgan hamma asarlarni oʻzidan ancha orqada qoldiradi”.

Ogaxiyning tarixiy asarlari daliliy manbalarning boyligi va ishonchli boʻlishi bilan ajralib turadi. Ogaxiyning tarixiy asarlari qoʻshni qardosh xalqlarning tarixini oʻrganishda birinchi manba hisoblanadi. Uning tarjima asarlari Xorazm ijodkorlarini arab, fors-tojik adabiyotining noyob durdonalari bilan tanishtirdi, xalqning maʼnaviy saviyasini bir pogʻona balandga qoʻtardi, oʻzbek adabiyoti xazinasini yangi asarlar bilan boyitdi, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamladi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.