Nodir Normatov (1950–2017)

0
201
marta koʻrilgan.

Nodir Normatov 1950 yil 24 dekabrda Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanidagi Poshxurd qishlogʻida tugʻildi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1967–1972).

Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida rejissyor yordamchisi, muharrir, diafilmlar boʻlimi bosh muharriri vazifalarida ishladi (1972–1974). Shundan soʻng “Saodat” jurnalida (1974–1979), “Sovet Oʻzbekistoni” jurnalida (1979–1983), “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida (1983–1989), Oʻzbekiston Madaniyat fondida (1989–1991) turli lavozimlarda xizmat qildi. 1997 yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasida bosh mutaxassis, Xalqaro Aloqalar markazida tijorat direktori, 1998 yildan boshlab “Sanʼat” jurnalining bosh muharrir oʻrinbosari, 2000 yildan bosh muharrir vazifalarida xizmat qildi. 2009 yildan Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi Axborot va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab keladi.

Nodir Normatovning “Tiniqgul” nomli ilk hikoyasi 1974 yilda “Saodat” jurnalida eʼlon qilindi. “Koʻhitang hikoyalari” nomli birinchi kitobi 1977 yilda bosilib chiqdi. Shundan soʻng “Bisot” (1982), “Jazo” (1985), “Jarlikdan qushlar uchdi” (1986), “Ismoil togʻaning tarozisi” (1987), “Daraxt tagidagi odam” (1988) qissalari, “Barigal” romani eʼlon qilindi. “Roʻzi Choriyevning soʻnggi vasiyati” roman-essesi sanʼatshunoslar, adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi, rus tiliga tarjima qilindi. “Kamalak yashaydigan uy” kitobi esa rassom haqida bolalarga moslab nashr etildi.

Nodir Normatovning “Kumush yongʻoqlar”, “Jazo”, “Ismoil togʻaning tarozisi” qissalari va bir qator hikoyalari sankt-peterburglik yozuvchi Ganna Nemirko tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, “Golubiye orexi” (1990) nomida chop etildi.

Nodir Normatov sanʼat arboblari, xalq ustalari toʻgʻrisidagi yigirmadan ortiq hujjatli filmlar muallifidir

U tarjimon sifatida qadimgi Suriya yodgorliklaridan “Pandnoma” kitobini (G. Normatova hamkorligida), K. Paustovskiyning “Isaak Levitan” qissasini, A. Nesinning “Lomakon” pyesasini oʻzbek tiliga oʻgirdi.

Yozuvchi badiiy ijoddagi yutuqlari uchun 2010 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobi asosida tayyorlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.