Murodjon Mansurov (1941–2014)

0
108
marta koʻrilgan.

Murodjon Mansurov Toshkent shahridagi Katta Qangli dahasining Mirjuvon mavzeida 1941 yilning 15 martida tavallud topdi. Otasidan juda erta ayrilgan Murodjon onasining tarbiyasida voyaga yetdi. Toshkent Politexnika institutining qurilish fakultetida (1957–1962) tahsil oldi. “Qalamimni koʻrib, respublika markaziy gazetasi “Qizil Oʻzbekiston”ga (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) chaqirib olishdi”, ‒ deb yozadi muallif oʻz tarjimai holida.

Bir muddat Oʻzbekiston Davlat loyihalash institutida, 1963 yil 15 yanvardan boshlab esa hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida 18 yil ishladi. 1981–1990 yillarda “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, soʻngra “Sharq” nashriyotida boʻlim mudiri vazifasida xizmat qildi.

U maktabda oʻqib yurgan paytlaridan ustoz Gʻayratiyning mashhur adabiyot toʻgaragi mashgʻulotlarida qatnasha boshlaydi. “Aziz inson” nomli birinchi hikoyasi (1963) eʼlon qilinadi. Shundan soʻng uning “Sadarayhon” (1965), “Umr chorrahalari” (1972), “Qirgʻoqlar” (1975), “Hammaning yashagisi keladi” (1980), “Yombi” kabi qissalari, “Mangu jang” (1985), “Gunohi azim” (1995) kabi romanlari dunyoga keladi.

Uch jildlik “Judolik diyori” romani (1998–2006) maʼlum maʼnoda sarguzasht xarakterida. Unda oʻz diyoridan adashib, hamon oʻz oʻrnini topolmay yurgan qavm hayoti va kechinmalari islomiy bir maʼrifat, maʼnaviyat yogʻdulariga omuxta tarzda ifoda etiladi. Murodjon Mansurov yaratgan qissalar va ayniqsa, “Mangu jang” romani oʻzining hayotiyligi va samimiyligi, tilining sodda va shiraliligi bilan ajralib turadi.

Murodjon Mansurov 1999 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.