Murod Muhammad Doʻst (1948)

0
1942
marta koʻrilgan.

Murod Muhammad Doʻst 1948 yili Samarqand yaqinidagi Jom qishlogʻida tugʻildi. Hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetida, soʻng Moskvadagi adabiyot institutida tahsil oldi.

U “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida, “Oʻzbekkino” Davlat aksiyadorlik kompaniyasida xizmat qildi.

Ijodi oʻtgan asrning 70-yillaridan boshlanib, “Qaydasan, quvonch sadosi?” nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1976 yili nashr etildi. Shundan soʻng adibning “Mustafo”, “Isteʼfo”, “Dashtu dalalarda”, “Chollardan biri”, “Bir toychoqning xuni” kabi hikoya va qissalari bosildi. 1983 yilda “Galatepaga qaytish” qissasi eʼlon qilindi. Yozuvchi turgʻunlik davrining maʼnaviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzuli haqida hikoya qiluvchi “Lolazor” (1988) romanini yaratdi. Bu asari uchun 1999 yilda Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.

Murod Muhammad Doʻstning “Galatepaga qaytish” qissasi talabchan ilmiy-adabiy jamoatchilikning yuksak eʼtiborini qozondi. Undagi Gʻaybarov ‒ adabiyotda hali uchramagan yangicha dunyo, yangicha tafakkur kishisining obrazidir. “Lolazor” romanida ana shu yangicha tafakkur tigʻidan yemirila boshlagan kommunistik mafkuraning tanazzuli, istiqlol shamchirogʻining yona boshlaganligiga ishoralar bor.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.