Muqimiy (1850-1903)

0
617
marta koʻrilgan.

Muhammad Aminxoʻja – Muqimiy lirik shoir va zabardast hajvchi sifatida XIX asrning soʻnggi choragi va XX asr boshlaridagi oʻzbek milliy adabiyotining eng yirik namoyandasi sifatida dong taratdi. Markaziy Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekiston chor Rossiyasining mustamlakasiga aylantirilgan sharoitda qalam tebratgan Muhammad Aminxoʻja ijodi chin maʼnoda xalqchildir. U ezilgan mehnatkash omma, bechora kosibu hunarmandlar va xonavayron qishloq dehqonlarining otashin kuychisi boʻlib maydonga chiqdi. Mustamlaka tuzumidagi adolatsizlik va zoʻravonlikni, joriy tartib-qoidalarni xalqona uslubda ayovsiz qoralagan shoir oʻlkamiz istiqboliga ishonch bilan qaradi. Uning asarlarida insoniy ishq-muhabbat ulugʻlandi, iymon-eʼtiqod, halollik, saxiylik, pokdomonlik, elparvarlik, doʻstlik, ona tabiat goʻzalliklaridan zavqlanish, visol onlarining lazzatlari va hijron azob-uqubatlari ishonarli lavhalarda juda taʼsirchan ifodalandi.

Muhammad Aminxoʻja Qoʻqonning Begvachcha muhallasida 1850 yilda Mirzaxoʻja Mirfozil oʻgʻli oilasida tugʻilgan. Novvoylik bilan oila tebratuvchi Mirzaxoʻja farzandining xat-savod chiqarishiga jiddiy eʼtibor bergan boʻlsa, sheʼriyatga ishtiyoq va qobiliyatining shakllanishida onasi Oyshabibining oʻrni benihoyat kattadir. Tugʻma isteʼdod sohibasi boʻlgan bu ayol juda koʻplab ertak-qoʻshiqlarni yod bilgan, taʼsirchan va ifodali soʻzlab berish qobiliyati bilan tinglovchilarni maftun ettan. Onadagi bu fazilat, shubhasiz, goʻdak Muhammad Aminxoʻjaga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan. .

Mahalla maktabi va “Hokim oyim” madrasasida taʼlim olgach, Muhimiy 1872–73 yillarda Buxoroga borib, “Mehtar oyim”madrasasida tahsilni davom ettiradi. 1876 yilda uni bitirib Qoʻqonga qaytadi, oila quradi.

Xatmi madrasa qilgan Muqimiy avvaliga Qoʻqon yer oʻlchash mahkamasida mirzalik qilarkan, oʻz vazifasiga koʻra, Qoʻqon va uning atrofidagi qishloqlarga tez-tez chiqib, dehqonlarning turmush sharoitlari, qishloqlarning ayanchli ahvoli bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi. Lekin u yer mahkamasida uzoq ishlay olmadi.

Ammo bu muddatning oʻzi ham shoir hayoti va dunyoqarashida sezilarli iz qoldirdi. Mavjud mustamlaka tuzumga, joriy tartib-qoidalarga keskin salbiy munosabat va tanqidiy bahoning shakllanishiga jiddiy turtki boʻldi.

“Dar mardumi Oqjar batariqi muxammas” asaridan maʼlum boʻlishicha, Muqumiy 1870 yilning oxirlarida Qoʻqonning gʻarbi-shimolidagi Sirdaryo yoqasida joylashgan Oqjar paromida pattachi boʻlib ishlagan. Bu yangi vazifa ham shoirga mehnatkash omma vakillari, qishloq dehqonlarining turmush sharoitlari bilan bevosita tanishish imkonini berdi.

Qattiqqoʻl, muttaham parom xoʻjayinlari bilan kelisha olmagan Muqimiy 80-yillar boshlarida Qoʻqonga qaytadi. Oilaviy hayotda ham farogʻat topmagan shoir, hovlini tashlab, oʻsha Begvachcha mahallasidagi Hazrat madrasasi hujrasiga koʻchib chiqadi va umrining oxiriga qadar muhtojliqda, oʻz taʼbiri bilan aytganda, oʻsha “huj-rai tang va torlikda bekaslik va gʻariblik chirogʻini yoqib” umr oʻtkazdi.

Shu vaqtdan boshlab Muqimiy butun vaqtini ijodiy ish, shaxsiy mutolaaga bagʻishladi, husnixat va kotiblik bilan shugʻullandi. Zokirjon Furqat guvohligiga koʻra, bu yillarda Qoʻqonda muttasil ravishda harakat qilgan adabiy yigʻin anjuman ishlariga Muqimiy yirik ijodkorlar Muhiy, Zavqiy, Nisbatiylar qatorida faol qatnashadi, davr adabiy harakatiga yetakchilik qiladi. Doimiy moddiy yetishmovchilik, yashash sharoitining nihoyatda ogʻirligi shoir sogʻligʻiga putur yetkazadi, u ogʻir dardlarga chalinadi. Shoir merosida davrdan, mashaqqatli turmushdan, ogʻir taqdiru zabun toledan shikoyat, munisu hamdard yoʻqligidan nolish ohanglari keng oʻrin tuta boshlaydi.

Shoirning ilgʻor dunyoqarashi, farovon hayot va ozod jamiyat, insof va adolat, barkamol inson va insoniylik, iymon-eʼtiqod va zrk haqidagi orzu-intilishlari bilan mustamlaka sharoiti, mavjud adolatsiz tuzum, zoʻravonlik hukmron boʻlgan zamona oʻrtasidagi jiddiy ziddiyat, bir soʻz bilan aytganda yuksak ideal bilan razil borliq oʻrtasidagi nomutanosiblik Muqimiy ijodida voqelikka nisbatan keskin tanqidiy munosabatning uzil-kesil shakllanishiga olib keldi.

Oʻtgan asrning 90-yillariga kelib shoir davr adabiyotidagi kuchli tanqidiy-satirik yoʻnalishning yetakchisiga aylandi. Hayotni, borliqni haqqoniy tasvirlashni ijodda asosiy mezon deb qabul qilgan shoir, ayni zamonda, qalam ahlini xalqchil mavzularni topishga, omma dili va intilishiga mos – “xalq tolib” asarlar yaratishga daʼvat etadi. Bu mezon va daʼvat quyidagi misralarda oʻz ifodasini topgan:

 

Gar qilich boshimga ham kelsa detayman rostin!

 

… Sheʼringazga xalq tolib oʻlsalar, soʻngra oʻqung!

 

Muqimiy 1887–88 yillarda birinchi, 1892 yil boshlarida esa ikkinchi marotaba ota shahri Toshkentga safar uyushtiradi, bu yerdagi ijod ahli bilan ijodiy uchrashuv – suhbatlar qurdi, shahar ijtimoiy va madaniy hayotida yuz bergan oʻzgarishlar bilan tanishdi. Ikkinchi safari vaqtida “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N. P. Ostroumov bilan uchrashgan. Shu gazeta sahifalarida 1891 yil oktyabr oyida shoirning bir necha sheʼrlari mashhur hofiz Makaylik tilidan yozib olinib eʼlon qilingan edi. (Keyinchalik, 1903 va 1907 yillarda ham gazeta Muqimiyning bir qator ishqiy va hajviy ruhdagi asarlarini eʼlon qilgan). Shoirning Fargʻona vodiysi shaharlariga, Qoʻqon atrofidagi qishloqlarga ham bir necha bor sayohatlar uyushtirgani uning qator asarlarida oʻz izini qoldirgan.

XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib shoirning salomatligi yomonlasha bordi. Jiyaniga yoʻllagan maktublarida, besh-olti oylab betob yotganligini bildirib, “necha muddatlar boʻladurkim, nazm ayturgʻa tabiat lohasi erdim” deb yozadi. Shunday boʻlsada, Muqimiy umrining oxiriga qadar qalamini qoʻymagan.

“Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida 1903 yilning yanvar va aprelida bosilgan “Hoʻqandlik bir boyning shaʼniga Muqimiy shoirning aytqon sheʼridur” (15 yanvar) va dahshatli Andijon zilzilasi munosabati bilan yozilgan sheʼrtarixi (22 aprel) shoirning ijtimoiy mavzudagi soʻnggi yirik asarlari jumlasiga kiradi.

 

Ey tabib, aylanma, dardim bedavolardin biri,

Ranga zardim, koʻru koʻrma, qahrabolardin biri –

 

misralari bilan boshlanuvchi muxammasda esa shoir hayotining soʻngti damlaridagi ruhiy kayfiyati taʼsirchan ifodasini topgan. Keltirilgan misralarda shoirning sariq kasaliga giriftor boʻlganligiga ishora bor. Xuddi shu dardi 1903 yil 25 mayda uni bu olamdan olib ketadi.

Muqimiy qoldirgan adabiy merosning katta bir qismini jozibador gʻazallar, joʻshqin va shoʻx murabbaʼlar, dilkash muxammaslar tashkil etadi. Shoir lirikasini ham gʻoyaviy, ham badiiy kamolotga erishuvida xalq ogʻzaki ijodi bilan bir qatorda koʻp asrlik sheʼriyatimizning, xususan, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Amiriy kabi shoirlarning ijodi samarali taʼsir qildi. Muqimiy oʻz lirikasida chin sevgini, sadoqat va vafodorlikni, insonni koʻrkamlashtiruvchi, uni maʼnaviy goʻzal etuvchi fazilatlarni ulugʻladi, bevafolik, subutsizlik, inson shaʼniga dogʻ tushiruvchi xislatlarni qoraladi.

Muqimiy gʻazal, murabbaʼ va muxammaslarining yetakchi obrazi – lirik kahramon, avvalo, burch, vafo va sadoqat haqidagi ilgʻortushunchalarga ega boʻlgan sofdil, maʼnaviy barkamol va ruhan boy shaxs sifatida gavdalanadi. U shoirga zamondosh aniq tarixiy shaxs, mustamlaka zulmi va zoʻravonlik hukmron boʻlgan davr farzandi, mehnatkash xalq vakili, uning na molu dunesi, na amalu mansabi bor. U raqibu agʻyorlar tazyiqini, falak jabrini, charx zoʻravonligini oʻzida doimo his etib, ruhan azoblanadi.

Muqimiy lirikasidagi shikoyat, norozilik, hayotdan bezish va tarkidunyochilik daʼvati emas, balki, mohiyat-eʼtibori bilan hayotsevarlikdan, farovon turmush va baxtli zamona haqidagi orzu-umidlaridan kelib chiqqan. Xuddi shuning uchun ham shoir hayot lazzatlaridan, doʻstu ulfat suhbatlaridan, sevgi va visol onlaridan bahramandlikka chaqiradi, ona tabiat goʻzalliklaridan, bahor nashidasidan zavqlanishga undaydi. Bu fazilat shoirning:

 

Ey yaxshilar, kelaylik, bir joyga yigʻilaylik!

Oʻynaylik, kuylaylik, omon boʻlaylik!

 

va

 

Navbahor ochildi gullar, sabza boʻldi bogʻlar,

Suhbat aylaylik kelinglar, joʻralar, oʻrtogʻlar!

 

baytlari bilan boshlanadigan mashhur gʻazallarida toʻla namoyon boʻlgan.

Muqimiy adabiyotimiz tarixidagi eng koʻp murabbaʼ yozgan shoirlardan biri boʻlib, bu qadimiy turning rivojiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Shoirning murabbalarining barchasi, ishq-muhabbat mavzuida. Xalq qoʻshiqlari ruhi va oʻynoq vazinlarda yaratilgan murabbalar nihoyatda samimiy, shoʻx va joʻshqin yangrab, oʻquvchilarni oʻziga rom etadi. “Ey chehrasi tabonim”, “Bir soʻrmading, ey dilrabo, na boʻldi?”, “Emdi sendek, jono, jonon qaydadur!”, “Tokim, jono, jilva bunyod aylading” misralari bilan boshlanuvchi murabbaʼlar oʻsha yaratilgan yillaridayoq hofizlar ijrosida Muqimiyga katta shuhrat keltirgan.

Shoir bir necha oʻnlab muxammaslar ham yaratgan, ular orasida oʻz mazmuni va ruhiga koʻra sof ijtimoiy va satirik yoʻnalishdagilari uchrasa ham, koʻpchiligi ishq-muhabbat mavzuidadir. Shoir merosida Navoiy, Jomiy, Fuzuliy, Amiriy gʻazallariga, shuningdek, Furqat, Zavqiy, Nodim kabi zamondoshlari hamda oʻz gʻazallariga taxmislari ham ancha-muncha.

Muqimiy lirik shoir sifatida qanchalik mashhur boʻlgan boʻlsa, kuchli satirik sifatida ham xalq orasida shunchalik katta shuhrat qozongan. Shoir bu tur asarlari uchun mavzu va timsollarni oʻsha hayotdan olib, oʻziga yaxshi tanish voqea-hodisalarni tanqidiy tahlil etdi, oʻsha davr ruhidan oziqlandi. Mashhur “Tanobchilar” satirasining yaratilishida Navoiy merosidan bahramand boʻlgan. Nihoyatda oʻtkir “Hapalak qishlogʻi haqida” hajviy muxammasi esa Maxmurning gʻazaliga taxmisdir. Lekin, Muqimiy hajviyoti uchun “xom ashyoni”, avvalo chorizm oʻrnatgan mustamlakachilik tartibi, hukmron adolatsizlik va zoʻrovonlik, inson haq-huquqining toptalishi, chor va mahalliy amaldorlarning oʻzboshimchaligi va shafqatsizligi, aldamchilik va axloqiy tubanliklar berdi. Mehnatkash omma, hunarmandlarning ogʻir iqtisodiy ahvoli, mustamlaka zulmi ostidagi shahar-qishloqlarning vayronaga aylanishi, nochor shaxs taqdiri Muqimiy hajviyotida yetakchi oʻrinni egallaydi.

Shoir oʻzbek adabiyoti tarixida ijtimoiy-siyosiy hajviyotning asoschilaridan biri boʻlib maydonga chiqdi. Uning qator hajviyalarini shu yoʻnalishning yetuk namunalari sirasiga qoʻyish mumkin. “Tanobchilar”, “Voqeai koʻr Ashurboy hoji”, “Moskovchi boy” kabi hajviyalarida mustamlaka tuzumi uchun xos boʻlgan hayotiy mavzular – jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, tabaqalanish, hukmron adolatsizlik kabi juda jiddiy masalalar tahlil etildiki, bu Muqimiy hajviyotining siyosiy yoʻnalishi va gʻoyaviy kamolotidan guvohlik beradi. Bu jihatdan Ashurboy Hojining ogʻir jinoyati haqidagi hajviyadan shoirning jiddiy siyosiy umumlashtiruvchi xulosasi diqqatga sazovor:

 

Haqorat qilingan kishilar qolib,

Topib boy soʻzi munda zoʻr eʼtibor.

Qachon kambagʻalning soʻzi oʻtar?

Agar boʻlsa aqchang – soʻzing zulfiqor.

 

Bu keskin misralar hukmron adolatsiz tuzumga berilgan qatiy aybnoma kabi jaranglaydi.

Jabrlanuvchi oddiy dehqon tilidan yozilgan “Tanobchilar” hajviyasida esa mavjud tuzumdagi ijtimoiy adolatsizlik, chor maʼmurlar va mahalliy amaldorlarning oʻzboshimchaliklari va zoʻrovonliklari, mustamlaka sharoitida soliq solish va undirib olish kabi hayotiy lavhalarda tarixan haqqoniy tasvirlangan.

Burjua saylov sistemasining fosh etilishi kabi sof ijtimoiy-siyosiy mavzuni ham Muqimiy birinchi boʻlib adabiyotimiz tarixiga olib kirdi. Bugina emas, masalaning mohiyatini chuqur anglagan shoir uning birinchi hajviy tahlilini berdi, mustamlakachi chor maʼmurlari nazorati ostida oʻtadigan “saylov”larning batamom qalbaki ekanligini ochib tashladi. Muqimiyning “Saylov” hajviyasi adabiyotimizda bu mavzuning keyinchalik yanada chuqur va keskin tanqidiy ruhda ishlanishiga mustahkam zamin boʻldi.

Shoir merosidagi “Veksel”, “Dar mazammati zamona”, “Urugʻ”, “Lyaxtin”, “Dodxohim”, “Asrorqul”, “Toʻy” kabi hajviyalar muallifning zamonadagi jiddiy ijtimoiy mavzularni tanqidiy ruhda tahlil etish masalasiga katta eʼtibor berganligini tasdiqlaydi.

XIX asr oxirlari va XX asr boshlari milliy adabiyotimizda yumoristik yoʻnalishning rivojlanishida ham Muqimiyning ijodiy faoliyati juda katta boʻldi. Shoir qoʻlida kulgi qoʻpol qahqaha yoki shunchaki xushchaqchaqlik, bachkana mutoyiba emas, balki, hayotdagi qoloq, taraqqiyotga toʻsiq gʻovlarni, shaxslar ongi va tabiatidagi ojizlik va salbiy belgilarni, xunuk feʼl-atvor va oʻrinsiz xatti-harakatlarni qoralash, tanbeh berish, ogohlantirish vazifasini oʻtagan.

Muqimiyning toʻrt qismdan iborat “Sayohatnoma” asari muallifning safar hisoboti yoki tor shaxsiy kechinmalari majmuasi boʻlib qolmagan, aksincha, u oʻsha mustamlaka tuzumi va ijtimoiy hayotning qator muhim muammolarini tanqidiy nazar bilan tahlil etuvchi badiiy asardir.

Xalqchil shoir oʻsha mustamlaka tuzum ustidan: “Dunyo qurulgʻon dor ekan!”, deya keskin hukm chiqardi. Bu bilan birga muallifning vatanparvarlik tuygʻulari, ona yurtiga sadoqat va iftixor hislari aniq sezilib turadi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.