Muhammad Yusuf (1954–2001)

0
2350
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topdi. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi Jahon tillari universiteti) tahsil oldi. Respublika Kitobsevarlar jamiyatida, “Toshkent oqshomi” gazetasida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, “Tafakkur” jurnalida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida xizmat qildi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish Akademiyasida tahsil olgach, 1998 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritdi.

Muhammad Yusuf avvalo xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o‘xshamagan misralarda ta’riflagan she’rlari, qo‘shiqlari bilan tanildi, shuhrat qozondi. El mehriga sazovor bo‘ldi.

Mustaqillikning ilk davrlaridayoq “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston”, deya kurash maydoniga tushgan, Istiqlolni baralla kuylagan, vijdoni uyg‘oq ijodkor Muhammad Yusufning hayot yo‘li, ijodi va qizg‘in ijtimoiy faoliyati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima ena allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Ko‘nglimda bir yor” (1991), “Bevafo ko‘p ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Saylanma”, “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulug‘imsan, Vatanim” singari o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari adabiyotimizning oltin merosiga aylandi.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf o‘zbek she’riyati va qo‘shiqchiligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1996 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Muhammad Yusuf 2001 yil 1 avgustda 47 yoshida vafot etdi. Uning milliy adabiyotimiz va madaniyatimizni, xalqimiz ma’naviyati, ongu tafakkurini yuksaltirish, yosh avlod qalbida o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish borasidagi xizmatlarini inobatga olib, 2013 yilning 27 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi hamda shoirning tavallud ayyomi milliy adabiyotimizning haqiqiy bayrami sifatida tantana qilindi.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.