Migel de Servantes (1547–1616)

0
536
marta koʻrilgan.

Buyuk ispan adibi Servantesning hayoti va ijodi bilan bogʻliq asosiy voqealar bugungi kunda oʻquvchilarga ancha-muncha tanish. U 1547 yilda Alkala-de-Enares degan manzilda omadi chopmagan dorishunos oilasida dunyoga keladi. Ota kasbi shahardan shaharga, qishloqdan qishloqqa koʻchib yurishni taqazo qilgani sababli, Servantes bolaligidan muntazam ravishda maktabga qatnayolmaydi, binobarin, uning bilim olishi ham anchagina pala-partish kechadi. Bu yillari Ispaniya taraqqiyoti mislsiz gurullab rivojlanayotgan edi. Ispanlarning qadimiy dushmani hisoblanmish mavrlar mamlakatdan endigina surib chiqarilganiga qaramay, ularning Oʻrtayer dengizidagi hukmronligi davom etardi. Ispaniya bu paytda Gabsburglar imperiyasining tarkibida boʻlib, Avstriya, Niderlandiya, Neapol, Sitsiliya, Sardiniya, Burgundiya, shuningdek, Germaniyaning ham bir qismi shu mamlakat tarkibiga kirardi. Qolaversa, Ispaniya okeanning narigi tomonidagi ulkan imperiya – yangi kashf etilgan va oʻzlashtirilayotgan qitʼaning ham siyosiy markazi hisoblanar, xullas, Ispaniyaning oltin davri boshlanmoqda edi.

Yigirma yoshlarida Servantes Rim Papasining Ispaniyadagi noibi – kardinal Akvavivaga xizmat qiluvchi jangchilar boʻlinmasiga yollanadi. Akvavivaning xizmat muddati tugab, Rimga chaqirilganida, Servantes ham karvon safida Italiyaga yoʻl oladi. Bu paytda Servantes hali yozuvchi sifatida nom qozonmagan boʻlsa ham, ammo oʻsha paytlardagi davlat arboblaridan Don Karlos, qirolicha Izabellalarning vafotiga bagʻishlab yozgan sheʼrlari tufayli koʻzga ancha koʻrinib qolgan umidli qalamkash sanalgan. 1570 yilda u Ispaniya armiyasiga koʻngillilar safida xizmatga kiradi, dengiz urushlarida qatnashdi. Servantes mana shu janglarda mardlarcha ishtirok etadi, uch marotaba yarador ham boʻladi.

1573–1574 yillarda u Tunisdagi ispan garnizoniga madad uchun joʻnatilgan qoʻshin safida Afrika qitʼasiga ham oʻtadi (ushbu safar tafsilotlari “Don Kixot” romanida yoritilgan). 1575 yili Ispaniyaga qaytib kelayotganda, choʻntagida Don Xuan tomonidan taqdim etilgan zobitlik unvoniga musharraf qilish haqidagi yorliq (aniqrogʻi, tavsiyanoma) ham bor edi. Taqdirning oʻyinini qarangki, dengizda ularning kemasiga qaroqchi berberlar hujum qilib, kemani egallaydi. Servantes asirga olinadi, Jazoirga joʻnatiladi va uning boshi uchun xun (tovon) puli belgilanadi. Xuddi shu vaziyatda Servantesning choʻntagidagi tavsiyanoma pand berib qoladi, boʻlajak adibni katta arbob deb oʻylagan berberlar uning boshi uchun juda katta tovon puli talab qiladilar. Servantes bir necha marotaba asirlikdan qochishga urinib koʻradi. Ammo barcha harakatlari muvaffaqqiyatsiz chiqaveradi. Shu tariqa u besh yil tutqunlikda qolib ketadi. 1580 yildagina besh yuz dukat evaziga ozodlikka chiqadi.

Bir muddat Portugaliyada yashab, soʻng uyiga qaytgan Servantes 1582 yillarda yana oʻzini yozuvchilik sohasida sinab koʻra boshlaydi. Vatanparvarlik mavzusidagi “Numansiya” tragediyasi, maishiy mavzularda intermediya (kichik pyesa)lari shu davr mahsullaridir. “Numansiya” tragediyasi shoir Rafael Albertining qayta ishlovida 1938 yil qamal qilingan Madrid shahrida ham sahnaga qoʻyilgan. Uning intermediyalarini 1885 yilda A. N. Ostrovskiy rus tiliga oʻgirgan. Servantesning oʻsha yillardagi ijodining mahsuli boʻlgan “Galateya” romani oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olinadi. Bu roman 1783 yilda fransuz tiliga tarjima qilinib nashr etilgach, Yevropa mamlakatlarida koʻplab kitobxonlarning sevimli kitobiga aylanib qoladi.

1584 yilda adib oʻzidan 18 yosh kichik Katalina de Salasar-i-Palasos bilan turmush quradi. Davlat lavozimlaridan umidvor boʻlib yurgan Servantes nihoyat 1587 yili Angliya mamlakatiga bosib borish ilinjidagi qoʻshinga jadal tayyorgarliklar koʻrish boʻyicha komissar qilib tayinlanadi. Bu juda sertashvish-sermashaqqat ish edi, shafqatsizlik talab qilardi. Harbiy qonun-qoidalarga qatʼiy amal qilaman, deb ish koʻrgan komissar Servantes ibodatxona oziq-ovqat zahiralarini oʻz xisobiga qoʻshib olgach, diniy xodimlarning qargʻishiga uchraydi. 1590 yilda u Amerikadagi Ispaniyaga qarashli yerlarda maʼmuriy rahbarlik lavozimiga erishishga harakat qiladi-yu, ammo bu niyati amalga oshmay qoladi. Aftidan, yozuvchining haddan ortiq haqiqatparastligi bunga toʻgʻonoq boʻlgan. Buning ustiga, Servantes boshqa birovlarning aybi bilan ishda yoʻl qoʻyilgan kamomadlar sabab boʻlib, uch marotaba qamoqda ham oʻtirib chiqadi (1592,1597 va 1602 yillar). Hayotining oxirgi yillari haqida saqlanib qolgan maʼlumotlar juda kam. Aftidan u umrining soʻnggi yillarida badiiy ijodga (balki “Don Kixot” romanini yozishga) butunlay berilib ketgan boʻlsa kerakki, Servantes biograflari ham adib umrining nihoyasi borasida koʻp narsa yozib qoldirishmagan.

1605 yili muallifga bir olam shuhrat keltirgan, uning nomini mangulikka doxil qilgan asari – “Don Kixot” romanining birinchi qismi nashr etiladi. Qizigʻi shundaki, bu romanni avvaliga koʻpchilik yozuvchilar (jumladan, buyuk dramaturg Lope de Vega ham) “ijobiy bahoga arzimaydi”, “hech kim oʻqimaydigan asar” deb nazarga ilishmagan edi. Biroq roman chop etilishi bilanoq tilga tushdi. Uni izlab yurganlar koʻpaydi. Nafaqat adabiy davralarda, balki maishiy hayotda xayolparast va tajang, hardamxayol va pokiza qalbli Don Kixot, uning oʻziga oʻxshash yaroqbardori Sancho Pansa haqida odamlar qizgʻin bahs yuritadigan boʻlib qoldilar, kishilar oʻrtasida “donkixotchilik” degan tushuncha paydo boʻldi. Kitob qoʻshni mamlakatlarga ham tez tarqaldi, muallif tirikligidayoq boshqa tillarga oʻgirila boshlandi-yu, ammo muallifning oʻzi hech boyimadi, kambagʻalligicha qolaverdi. Agar shu orada bir voqea yuz bermaganida edi, Servantesning qoʻli kaltaligi sababidan kitobning ikkinchi qismi yozilmay qolib ketishi hech gap emasdi. Voqea esa shundan iborat boʻldi: asar chop etilib, kitobxonlar orasida tobora keng yoyila boshlangan bir paytda Alonso Fernandes de Avelyaneda ismli (bu, aftidan, taxallus boʻlsa kerak) allaqanday bir shaxs 1614 yilda muallifdan ruxsat soʻrab-netib oʻtirmay, romanning davomini yozadi-da, kitob qilib chop ettira boshlaydi. Ana shundan keyin paytavasiga qurt tushgan Servantes oʻzi yaratgan asarning, qahramonlarining taqdiridan tashvishlanib, shosha-pisha “Don Kixot”ning ikkinchi qismini yozishga kirishadi va asar davomini bir yildayoq yozib bitirib, kitob holida chop ettiradi. (Asarning yakuniy bobida muallif oʻzining qalamdosh raqibi shaʼniga ancha-muncha achchiq-tizziq gaplarini ham yogʻdiradi).

Hayotining soʻnggi yillarida Servantes “Ibratli novellalar” nomli turkum hikoyalar yaratdi. Oʻlim toʻshagida yotib yozgan asari – “Persilas va Sigizmunda” nomli romani fantastik voqealar tarixidan iborat. Adib 1616 yili Madridda vafot etadi, biroq qabri qayerdaligi hanuz nomaʼlumligicha qolmoqda.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.