Maxmur (vafoti 1844 yil)

0
426
marta koʻrilgan.

Maxmur taxallusi bilan qalam tebratgan Maxmud Mulla Shermuhammad oʻgʻli XIX asr birinchi yarmi oʻzbek mumtoz adabiyotining eng yirik namoyandalaridan biridir. U XVIII asrning oxirgi choragida Qoʻqon shaxrida, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Otasi Mulla Shermuhammad – Akmal taxallusi bilan sheʼrlar yozib, XIX asr boshlari Qoʻqon adabiy hayotida koʻzga koʻrinarli oʻrin tutgan, oʻzbek va fors tillarida sheʼrlaridan ikki devon tartib etgan. Akmal Amir Umarxon saroyida toʻplangan koʻpsonli ijodkorlar jumlasidan boʻlib, sheʼriyat muxlislari oʻrtasida nom chiqargan va shu bois Fazliy Namangoniy tuzgan “Majmuat ush-shuaro” tazkirasida bir necha bor hurmat bilan tilga olingan, asarlaridan namunalar keltirilgan.

Maxmur yosh chogʻidan boshlab otasi tashabbusi bilan uyushtirilgan mushoiralarda, adabiy suhbatlarda ishtirok etish imkoniga ega boʻldi. Maxmurning Qoʻqondagi Madrasai Mirda chuqur tahsil olganligi, jumladan, fors tilini mukammal egallaganligi maʼlum, uni tugatgandan keyin, oʻzi qayd etganidek, maʼlum muddat sarbozlik-sipohiylik qilgan. Bu haqda Maxmur oʻz sheʼrlarining birida anʼanaviy faxriya uslubida “ham ilmu fanda, ham sipohliqda mohiram, jang kunida botir qahramonam”, deb gʻururlanadi. Xuddi shu oʻrinda oʻzining “sheʼr ilmidagi” mahorati haqida soʻz yuritadi. Bir namunada oilasi va uch farzandi borligi toʻgʻrisida soʻz yuritsa, bir qator sheʼrlarida shaxsiy hayotidagi yetishmovchilikdan shikoyat qiladi, moddiy qiyinchilikdan nola qiladi, turmush tashvishlari yuzasidan figʻon chekadi.

Shoir Qoʻqon xoni Amir Umarxon nomiga yozilgan sheʼriy arizasida oʻzining nihoyatda ogʻir iqtisodiy sharoitini kuvonch bilan bunday tasvirlaydi:

 

Kechalar yotgani na koʻshim bor,

Kunduzi ichgani na noʻshim bor.

Bir hovuch na uyimda gʻallam bor,

Ikki gaz na boshimda sallam bor.

Boshimda gaz desamki, sallam yoʻq,

Salla desam uyimda gʻallam yoʻq!

 

Maxmur hayotda botirsoʻz, dovyurak, qoʻrqmas kishi boʻlgan, tabiatan munofiqlik va riyokorlikni, ayni zamonda qatʼiy qoralovchi, hiyla-nayrang va qingʻir ishlarni yoqtirmaydigan, noziqdil va serjahl, oʻz qadr qimmatini yuqori tutuvchi inson boʻlgan. Shoir tabiatidagi bu belgilar bir qator zamondoshlari va yuqori lavozimdagi amaldorlar bilan sovuq munosabatlarni shakllantirganidek,ijodida shaxsiy yoʻnalishdagi turkum hajviyalarning yaratilishiga ham turtki boʻlgan.

Maxmurning qancha umr koʻrgani maʼlum emas. Ammo uning vafoti sanasi Qori Qunduziy Komiyning tarixi orqali aniq qayd etilgan. U Maxmurning hijriy 1279, milodiy 1844 yilda Qoʻqonda vafot etganligini maʼlum qiladi.

Asrimizning elliginchi yillariga qadar Maxmurning ijodiy faoliyati va u qoldirgan adabiy meros xususida juda cheklangan maʼlumotlarga ega edik. Adabiyotshunoslik ilmiga uning Fazliy tazkirasidan oʻrin olgan besh gʻazali hamda Muqimiyning hajviy taxmisiga asos boʻlgan Hapalak qishlogʻi haqidagi gʻazaligina maʼlum edi. 1950 yilda mumtoz adabiyotimizning yetuk bilimdonlari Poʻlatjon Qayumov va Asqarali Charxiylar saʼy-harakatlari tufayli Qoʻqonda Maxmurning qariyb uch yarim ming misrani oʻz ichiga olgan oʻzbek va forsiy tillardagi sheʼriy toʻplami topildi hamda adabiyotshunos olim A. Qayumovning qator tadqiqotlari orqali ilmiy doiraga tortildi, keng jamoatchilik hukmiga havola qilindi.

Maxmurning hozircha ilmga maʼlum asarlarining hammasi, beistesno, oʻz mazmun va ruhiga koʻra hajviy va tanqidiy yoʻnalishdadir.

Mumtoz sheʼriyatimizning gʻazal, masnaviy, muxammas va qasida turlarida yaratilgan bu asarlar ijtimoiy hajviyotning Maxmur ijodida yanada yuqori bosqichga koʻtarilganini isbotlovchi badiiy hujjatlardir. Shoir XIX asr birinchi yarmidagi mavjud tuzumning koʻpdan-koʻp illatlarini, oʻsha zamonadagi hukmron adolatsizlik, ijtimoiy tengsizlik, zoʻravonlik va huquqsizlikni ayovsiz fosh etadi. “Hojatlar chiqaruvchi qozi dargohiga munojot” deb nomlangan muxammasidagi quyidagi misralari mavjud adolatsiz tuzumga kuchli qahr gʻazabni ifodalaydi va oʻsha tuzumga aybnomadek jaranglaydi.

 

Qaysi bir zulmung etay teʼdod, garduni dun?

Kim, sening bedodu javring haddi gʻoyatdin burun!..

Jamʼi donolarni qilding holini zoru zabun,

Zogʻni aʼlo qilib, toʻtini nodon aylading!

 

Oʻrni kelganda aytib oʻtish kerakki, oʻn bir banddan iborat boʻlgan bu muxammasning olti bandi forscha yozilgan. Ammo, bu bandlarning ham beshinchi misralari hamda umumiy radif oʻzbekchadir.

Maxmur hajviyoti va tanqidiy sheʼrlarining deyarli barchasi oddiy bechora shaxs tilidan va nuqtai nazaridan mavjud ijtimoiy-iqtisodiy hayot va kundalik turmush tashvishlari toʻgʻrisidagi achchiq haqiqat bayoni tarzida yaratilgan va xuddi shu bois xalqchil ruh egallagan. Mehnatkash ommaning, xususan, dehqon ahlining och-yalangʻoch hayoti, oʻlkani qurshagan vayronagarchilik va xarobazorgaaylangan qishloqlarning achinarli manzarasi Maxmur hajviyotiga zamin boʻlgan. “Dar sifati qishloqi Hapalakki, ba mahdum Maxmur taalluq yofta” deb nomlangan asarida juda jonli taʼsirchan chizilgan:

 

Turfa qishloqi gʻazab kardaxi, parravdalari,

Tovuqi ignachiyu oʻrdagu gʻozi – kapalak.

 

Boru yoʻq uylarini banda bayon gar qilsam:

Bir katak, ikki kapa, uch olachuq, toʻrt katalak.

 

Uy demak, balki, zaminkandur, agar kirsa kishi,

Har taraf betiga urgaylar aning koʻrshapalak.

 

Xalqini koʻrsang agar oʻlasiyu qoqu xarob,

Ochlikdin egilib qomati – misli kamalak.

 

Ajirigʻ tomurini oʻgʻurida mayda tuyub,

Qaynatib kunda ichar, otuni qoʻyub sumalak.

 

Vayrona qishloqlar va ularda kun koʻruvchi bechora dehqon ahli mavzui Maxmurning boshqa sheʼrlarida ham, jumladan Qurama viloyatiga bagʻishlangan hajman kattagina muxammasida shunday tanqidiy ruhda hayotiy ishlangan.

Maxmur hajviyalarining qoʻpchiligi oʻsha zamonning koʻzga koʻringan amaddorlarining kirdikorlarini, aldamchixasisliklarini, inson sifatida tuban feʼlatvorlarini fosh etishga bagʻishlangan. Shoir ularni shaxsan juda yaxshi tanigan, iflos qilmishlaridan toʻla xabardor boʻlgan va shu bois oʻz hajv oʻqlarini ulardagi yetakchi nuqsonlarga bexato urgan. “Xoja Mir Asad hajvi”da oʻta muttaham shaxsning mugʻombirliklari kulgili voqea bayonida fosh etilsa, “Hajvi Atoyi poraxoʻr ayni savobi akbarast”, yaʼni “Atoyi poraxoʻrga hajv yozish ulugʻ bir savobdir” – misrasi bilan boshlanuvchi asarida poraxoʻrlik fosh etilgan.

“Qozi Muhammad Rajab avj sifatlari” deb nomlangan hajviyada shoir takabburlik bilan oʻzini poqdomon va bilimdon tutuvchi, aslida esa axloqan tuban va batamom omi, noʻnoq boʻlgan qozining ijtimoiy qiyofasini chizadi:

 

Ajab qoziyi qohili, johile,

Boʻlub omiylik ilmiga komile.

 

Aning koʻksini chok qilsang hama,

Gʻilu gashini pok qilsang hama.

 

Adamdur, “alif” anda qoʻp izlama,

Bu narxarni qozi debon sizlama!

 

Maxmurning ijodiy merosida ayrim tarixiy shaxslarning tabiati va amaliyijtimoiy faoliyatlarini ayovsiz fosh etuvchi hajviy juftliklar uchraydi. Har juftlik nishonga olingan shaxsga masnaviyda bitilgan salbiy tavsifnoma va shu shaxsning oʻz kirdikorlarini oʻzi fosh etish uslubida yozilgan gʻazaldan tashkil topgan. Masalan, Maxmurning hajviy qalami ostida tabiblik daʼvosida boʻlgan Hakim Turobiy aslida tamoman nodon va firibgar shaxs ekanligini “oʻzi boʻyniga” oladi, tan beradi:

 

Bihamdilloh, tabibi shahri Buqroti xaloyiqman,

Ajaldin ham bani odamni oʻddirmoqqa foyiqman…

 

Tabibi shahr nomi oyda bir bemor oʻldursa,

Vale, man kunda yuz bemor oʻdsirmoqqa hoziqman.

 

Mani badbaxt to zarbulmasal boʻldum tabibliqda,

Jahon voricha aknun koʻp haqoratlarga loyiqman!

 

Bu namunalar Maxmurning barcha hajviy usullardan, xususan, oʻz-oʻzini fosh etish sanʼatidan samarali foydalanganini ravshan koʻrsatadi.

Maxmur qoddirgan adabiy meros haqida soʻz borar ekan, shoirning “Karimqul Mehtarning sifatlari” hajviyasi ustida alohida toʻxtab oʻtish kerak. Ellikdan ortiq baytdan tashkil topgan bu masnaviyning asosiy qismi yengil yumor bilan sugʻorilgan va har bir oʻquvchida iliq tabassum, kulgu va zavqli kayfiyat uygʻotadi. Maxmur xon buyrugʻiga binoan uning amaddorlaridan Karimqul Mehtar tomonidan oʻziga ajratilgan otni taʼriflash jarayonida yumoristik tasvirning goʻzal lavhalarini yaratadi:

 

Bir zamon menga ot deb berding,

Rasmi Rustamsifot deb berding.

 

Bir qaro eshaki falakzodani,

Ham samovatu ham samaqzadani.

 

Ham xarshu ham xarobu ham badnom,

Ikki ming ayb angadur mudom.

 

Suv ichsa ham tamogʻiga tiqilar,

Pashsha gar qoʻnsa yoliga yiqilar…

 

Shoir ot taʼrifida xalq ogʻzaki ijodining lof, askiya turlaridan ham keng foydalanib, oʻquvchilarga quvnoq zavq-shavq baxsh etuvchi misralarni bitadi.

Maxmur ijodiy faoliyati oʻzbek adabiyotida tanqidiy yoʻnalishning, ayniqsa, hajviyotning taraqqiyotida navbatdagi yuqori bosqichi boʻldi. Shoirning adabiy merosi keyingi davrlar hajvgoʻylariga, xususan, Muqimiy va Nodimlarning ijodiga samarali taʼsir qildi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.