Mahmudxoʻja Behbudiy (1874–1919)

0
3768
marta koʻrilgan.

Buyuk maʼrifatparvar alloma, yozuvchi, dramaturg va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy 1874 yilning 19 yanvarida Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi. Oiladagi muhit undagi maʼrifat, adabiyot va ijtimoiy hayotga boʻlgan qiziqishning kuchayishiga, isteʼdodining rangin qirralari bilan namoyon boʻlishiga imkon tugʻdirdi.

Behbudiyning otasi islom huquqshunosligi sohasida zakiy mutaxassis boʻlib, bu borada koʻplab kitoblar, risolalar yaratgan edi. Ushbu omil oʻz navbatida Mahmudxoʻjaga taʼsir oʻtkazmay qolmadi. U keyinchalik bu haqda soʻzlab, maqolalaridan birida otasining “Hidoya”, “Islom huquqiga sharhlar” asarlari oʻz taqdirida katta rol oʻynaganini alohida qayd etgandi.

Mahmudxoʻja Behbudiy adabiyot, tarix, huquq va maorif qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shugʻullandi. Gazeta-jurnallar orqali jahonda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib bordi. U Makkaga, muqaddas Haj amallarini ado etish uchun borishga chogʻlanarkan, arab tilini mukammal oʻrganadi; islom tarixi va nazariyasi bilan jiddiy shugʻullanadi. U 1899 yili Hajga borib, u yerdan muftiy unvoniga, yaʼni, musulmonlarda oliy lavozimli ruhoniy: shariat qonunlarini talqin qiluvchi, shariat va huquq masalalari yuzasidan hukm chiqaruvchi, fatvo beruvchi lavozimli ulamo rutbasiga ega boʻlib qaytdi. Haj ziyoratidan soʻng Misr va Istanbulda boʻldi. Bu yerda davom etayotgan islohotlar uning dunyoqarashida burilish yasadi. Soʻngra Qozon va Ufa shaharlarida boʻlib, Yevropa madaniyati bilan ham qiziqdi. Oʻsha davrda Qozon va Orenburgda chiqadigan jurnal va gazetalar bilan hamkorlik qilib, ularda qator maqolalarini chop ettirdi. Maktab, maorif va madaniyat masalalari, maʼrifatparvarlik gʻoyalarining targʻiboti ushbu maqolalar magʻzini tashkil etgan edi.

Qrim-tatar allomasi Ismoil Gʻaspirali (Gasprinskiy) va u bosh muharrirligidagi “Tarjimon” gazetasi Mahmudxoʻja Behbudiyning buyuk maʼrifatchi va oʻzbek jadidchilik harakati rahbarlaridan biri boʻlib yetishishida muhim ahamiyat kasb etdi.

1912-1913 yillarda Behbudiy Samarqandda “Samarqand” gazetasi va “Oina” jurnaliga asos soladi. 1914 yilda yana Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, oʻquv qoʻllanmalarini olib keladi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq u turli xil toʻsiqlarga uchraydi; “jadidlar rahnamosi”, “dahriy” degan  tahdidlar bilan faoliyatiga chek qoʻymoqchi boʻlishadi.

Shunga qaramay, u sobit iroda bilan maorif, taʼlim-tarbiya ishlarini amalga oshirishga kirishadi; maʼrifatparvar sifatida xalq hurmatiga sazovor boʻladi. U bir nechta Sharq va Gʻarb tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi boʻlishi barobarida umuminsoniy qadriyatlarning tolmas targʻibotchisi ham edi.

Behbudiy oʻzbek va fors-tojik tillarida oʻnlab asarlar, ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratgan. Jumladan, “Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy jugʻrofiya”, 1903), “Kitob-ul-atfol” (“Bolalar uchun kitob”, 1904), “Muxtasari tarixi islom” (“Islomning qisqacha tarixi”,

1904), “Amaliyoti islom” (1905), “Russiyaning qisqacha jugʻrofiyasi” (1908) kabi darsliklar va kitoblar yozgan.

Uning 1901 yildan boshlab “Turkiston viloyati gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Osiyo”, “Hurriyat”, “Turon”, “Sadoyi Turkiston”, “Ulugʻ Turkiston”, “Najot”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Tirik soʻz”, “Tarjumon”, “Shoʻro”, “Vaqt”, “Toza hayot”, “Samarqand”, “Oina” kabi gazeta va jurnallarda bosilgan maqolalari esa jamiyatning taraqqiyparvar qatlami kishilari va, ayniqsa, yoshlarning diqqat-eʼtiborini qozongan edi.

Maktab va maorif ravnaqiga, milliy madaniyat taraqqiyotiga oid qarashlari esa ana shu ilgʻor gʻoyalar markazida boʻldi. Ayni chogʻda u yangi usuldagi maktablar asoschisi va targʻibotchisi, yangi darsliklarning ilk muallifi ham edi. Xullas, Mahmudxoʻja Behbudiy buyuk maʼrifatparvar va yetakchi jadidchi sifatida milliy madaniyatimiz tarixida mustahkam oʻrin egallaydi.

Behbudiy dramaturg sifatida “Padarkush yoki oʻqimagan bolaning holi” dramasini yaratgan. Bu asarida u savodsizlik, johillikning ayanchli oqibatlarini koʻrsatib, yoshlarni ilmli, madaniyatli boʻlishga chaqiradi. Pyesa 1911 yilda  yozilib, 1912 yilda “Turon” gazetasida bosiladi. 1913 yilga kelib Samarqandda kitob holida chop etilgan  “Padarkush” katta qiyinchilik va qarshiliklarga uchrab, nihoyat 1914 yilning 15 yanvarida Samarqandda sahna yuzini koʻradi. 27 fevralda esa Toshkentda, Abdulla Avloniy asos solgan «Turon» teatr truppasi tomonidan namoyish etiladi. Va ushbu sana, yaʼni 1914 yilning 27 fevrali oʻzbek milliy teatriga asos solingan kun sifatida tarixga kirdi. Behbudiyning mazkur sahna asari birinchidan, millatni maʼrifat va taraqqiyot sari undashda buyuk rol oʻynagan boʻlsa, ikkinchidan, professional oʻzbek teatri va dramaturgiyasining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim asos boʻlib xizmat qildi. Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasi, Mirmuhsin-Fikriyning “Befarzand Ochildiboy”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Yangi saodat” kabi qissalarining yaratilishiga turtki berdi.

Albatta, Behbudiyning xalq oʻrtasida ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori nafaqat amirlikning, balki bolsheviklarning ham reja va niyatlariga zid edi. 1919 yilda xorij safariga chiqqan Behbudiy Qarshida ushlanib, Buxoro amiri Said Olimxon farmoni bilan qatl qilinadi.

Sadriddin Ayniy allomaning fojiali vafoti munosabati bilan bunday yozgan: “Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida oʻzining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va maʼrifat uchun kurashga chorlab keldi”.

1977 yili allomaning asarlaridan saralangan “Saylanma”si chop etildi, asarlari darslik va qoʻllanmalarga kiritildi, bir qator maktab, koʻcha va mahallalar uning nomiga qoʻyildi.

Hozirgi kunda alloma qoldirgan boy va rang-barang adabiy, maʼrifiy meros xalqimizning istiqloliga xizmat qilmoqda.

 

“Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.