Komil Yashin (1909–1997)

0
505
marta koʻrilgan.

Atoqli adib va jamoat arbobi Komil Yashin (Komil Noʻmonov) 1909 yilda Andijon shahrida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatgach, 1925 yili Leningradga borib, Oʻrmon xoʻjaligi institutiga oʻqishga kiradi. Soʻngra maktabda oʻqituvchilik qiladi. 1930–1936 yillarda Yashin Oʻzbek davlat musiqali drama teatrida adabiy emakdosh, 1946–1949 yillarda Oʻzbekiston Xalq Komissarlari Kengashi qoshidagi sanʼat ishlari boshqarmasida boshliq vazifalarida ishlaydi. U yigirma ikki yil davomida (1958–1980) Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik, Oybek vafotidan soʻng (1968) “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnaliga muharrirlik ham qiladi. U Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi edi.

Yashinning ijodiy faoliyati 1925 yildan boshlanadi. Bu yillarda uning sheʼr va ocherklari vaqtli matbuotda koʻrina boshlaydi. Shoirning “Quyosh” (1930), “Kurash” (1931) sheʼriy toʻplamlariga kirgan asarlarida mehnatkash xalq hayotida sodir boʻlayotgan yangiliklar, yoshlar taqdiri va kelajagi haqidagi fikrlar oʻz ifodasini topadi.

Yashinning birinchi dramatik asari 1929 yilda sahnaga qoʻyildi. U jamoalashtirish davrida “Oʻrtoqlar” (1930) va “Yondiramiz” (1931) pyesalarini yozdi. Uning “Nomus va muhabbat” (1935), “Hamza” (A. Umariy bilan hamkorlikda, 1940) kabi sahna asarlari Ikkinchi jahon urushigacha boʻlgan oʻzbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalaridandir.

Yashinning “Gulsara” (1934), “Nurxon” (1940) pyesalari oʻz davri uchun xarakterli sahna asarlari boʻlgan.

Komil Yashinning urush davrida yaratilgan asarlarida doʻstlarga nisbatan mehr va muhabbat, dushmanlarga esa qahru gʻazab tuygʻulari balqib turadi. Uning “Oʻlim bosqinchilarga” (1942), “Oftobxon” (1944), “Davron ota” (1942, Uygʻun, Sobir Abdulla, Chustiy bilan hamkorlikda yozilgan) dramalariga shu ruh singdirilgan.

Adibning 1974 yilda yozgan “Inqilob tongi” dramasida xalqimizning yetuk farzandi, atoqli davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev siymosi gavdalantirilgan.

Komil Yashin badiiy tarjima bilan ham shugʻullangan. U Vilyam Shekspirning “Antoniy va Kleopatra”, Mirza Ibrohimovning “Chiroq”, Berdi Kerboboyevning “Mahtumquli” dramasi va boshqa asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirgan.

Yashin adabiyot va sanʼat sohasidagi xizmatlari uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” va “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi”, 1974 yilda esa “Mehnat Qahramoni” unvonlari bilan taqdirlanadi.

Yashin oʻzbek dramaturgiyasida yangi sahifalar ochgan, uning mavzu doirasini kengaytirgan adibdir. Uning oʻzbek teatri va dramaturgiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi beqiyos.

Yashin umrining keyingi yillarida “Hamza” romanini yaratdi. Uning soʻnggi asarlaridan biri esa “Yodnoma” kitobidir.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.