Kamoliddin Behzod (1455–1537)

0
1630
marta ko‘rilgan.

Movarounnahr va Xurosonda XV asrdagi Renessans (Uyg‘onish davri) vakillaridan biri, Navoiyning shogirdi, “Sharq Rafaeli”, ulug‘ musavvir va miniatyurasoz Kamoliddin Behzoddir.

Nafaqat musulmon Sharqi xalqlari, balki butun dunyo xalqlari san’ati tarixida sezilarli iz qoldirgan, uning taraqqiyotiga o‘zining barakali hissasini qo‘shgan zabardast musavvir Kamoliddin Behzod 1455 yilda Hirotda kambag‘al hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Behzod ota-onadan juda erta ajraldi. Uni bolaligidayoq Hirotning mashhur musavviri Amir Ruhillo (Mirak Naqqosh) o‘z tarbiyasiga olib, tutingan otasi bo‘ldi va Kamoliddinga tuz-non berib, kiyim-bosh bilan ta’minlab, har tomonlama ilmli qilib voyaga yetkazdi. Yosh Kamoliddin Mirak Naqqosh tarbiyasida, uning Hirotdagi Nigoristonida (san’at akademiyasida) naqqoshlik va miniatyurasozlik hunarining sir-asrorlarini o‘rganadi.

Behzodning buyuk musavvir, naqqosh va miniatyurasoz bo‘lib yetishuvining muhim omillaridan biri – bu uning XV asrning ikkinchi yarmida mashhur shoir Alisher Navoiyning nazariga tushib, badiiy g‘oyaviy va estetik jihatdan ulug‘ mutafakkir va homiy dahosidan bahramand bo‘lganligidadir.

San’at va nafosatga ishtiyoqi nihoyatda kuchli bo‘lgan Behzod g‘oyatda mehnatsevarligi, zahmatkashligi, o‘tkir aqlu zakovati tufayli iste’dodi kundan-kunga ortib boradi va tez orada Hirotda mashhur musavvir bo‘lib taniladi. Alisher Navoiyning maktabdoshi va do‘sti, podshoh Sulton Husayn Boyqaro Behzodni o‘z huzuriga – saroyiga jalb qiladi, unga saroydan maxsus joy ajratib, ijodiy ishlar bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib beradi. 1487 yilda esa Behzod Sulton Husayn Boyqaroning shaxsiy farmoni bilan Hirotdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlanadi.

XV asr oxirlariga kelib Hirotdagi Temuriylar saltanati avj olib borayotgan toju-taxt uchun o‘zaro jangu jadallar tufayli asta-sekin yemirila boshlaydi. Bu davrga kelib Behzodning Hirotdagi eng sevimli homiysi – Mavlono Abdurahmon Jomiy (1492 yilda), so‘ng ustozi Alisher Navoiy (1501 yilda) birin-ketin olamdan o‘tadilar. 1506 yilda Hirotdagi Temuriylar sulolasining so‘nggi qudratli vakili Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Shundan keyin shahzodalar Hirot saltanatini halokat yoqasiga olib keladilar. 1507 yilda ko‘chmanchi o‘zbek qabilalarining xoni Shayboniyxon (Shoybekxon) Hirot taxtini osonlik ila ishg‘ol etadi. Bunday beayov to‘qnashuvlar, toju-taxt uchun uzluksiz qonli ur-yiqitlar sharoitida ham Kamoliddin Behzod Hirotda qolib, o‘zining ijodiy faoliyatini davom ettiradi. Behzod uch yilcha Hirotda Shayboniyxon saltanatiga qarashli saroyda ish olib borarkan, Behzod san’ati oldida lol qolgan Shayboniyxon uning ijodiy ishlariga to‘sqinlik qilmaydi, aksincha, bu ulug‘ miniatyurasozga ishlashi uchun qulay sharoit yaratib beradi. Behzod Shayboniyxonning tasvirini ayni o‘sha yillari chizgan bo‘lishi kerak.

1510 yilda Shayboniylar lashkari bilan Erondagi kuchayib borayotgan Safaviylar saltanati lashkari o‘rtasida Marv yonidagi tohirobod degan joyda shiddatli jang bo‘ladi. Jang maydonida Shayboniyxon qo‘shinlari tor-mor etiladi. Shunday qilkb, 1510 yilda Hirot Safaviylar qaramog‘iga o‘tadi.

Shoh Ismoil Safaviy 1512 yilda Hirotdagi bir necha iste’dodli san’atkorlarni saltanat poytaxti Tabrizga olib ketadi. Hirotdan Tabrizga olib ketilganlar orasida zabardast san’atkor Kamoliddin Behzod va uning bir guruh iste’dodli shogirdlari ham bor edi. Bu paytga kelib Behzod va uning Hirotdagi musavvirlik maktabining dovrug‘i butun Sharqqa tarqalgan edi. Behzodning san’atini yuksak qadrlagan Shoh Ismoil Safaviy ham naqkrshga ijod qilmoq uchun Tabrizda barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi. Behzod va uning shogirdlari Tabrizda o‘zlarining ijodiy ishlarini samarali ravishda davom ettiradilar. Behzod Tabrizda Hirotdan keyingi nafis tasviriy san’at (miniatyurasozlik)ning yana bir ulkan maktabini yaratadi. O‘sha paytlarda Tabrizda, umuman Eron san’atida ham ichki siyosiy ahvol yaxshi emas edi. O‘smonli turk sultoni Salim Poshsha Eronga ketma-ket tahdid solib turardi. 1514 yilda Eron va Turk qo‘shinlari o‘rtasida Tabriz yaqinidagi Choldoron degan keng tekisliqda qattiq va dahshatli jang bo‘lib, bu jangda Safaviylar saltanati mag‘lubiyatga uchraydi. Shoh Ismoil Safaviy jang maydonidan qochib, zo‘rg‘a qutulib qoladi. Bir yilcha Tabriz turklar qaramog‘ida bo‘ladi.

Behzodning sho‘rlik boshiga yana og‘ir musibatlar tushadi. Tabrizdagi eng e’tiborli san’atkor bo‘lganligi uchun Behzodni, boshqa bir atoqli xattot Shoh Mahmud Nishopuriyni turklar o‘z yurtiga o‘lja qilib olib ketmasliklari uchun podshoh amriga binoan, Tabriz atrofidagi bir g‘orga majburan yashirib qo‘yadilar. Eronda nashr etilgan “Saromadani hunar” asarida yozilganidek, o‘z saroyidagi xazinalar ichidagi eng nodir va noyob gavhar (Behzod)ning turklar qo‘liga tushib qolmasligi uchun ishonchli joy (bir ulkan g‘or)ga yashirib ketgan Shoh Ismoil Safaviy jangdan yengilib chiqqach, o‘z mulozimlaridan biriga bergan ilk savollari quyidagilardan iborat bo‘lgan: “Behzod qalay? Uning joni omonmi? Uni, xudoy naxosta turklar olib ketmadimi?”

1512–1522 yillar Behzod hayotida og‘ir va musibatli yillar bo‘ldi. Bu yillar orasida u ahyon-ahyonda ona yurti Hirotga ham borib kelib turgan. 1522 yilda Shoh Ismoil Safaviy maxsus farmon chiqarib, Behzodni Tabrizdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlaydi. 1524 yilda Shoh Ismoil Safaviy vafot etib, uning o‘rnini o‘g‘li yosh shahzoda Taxmasp egallaydi.

1537 yilda (xijriy 942) keksayib qolgan Behzod Hirotda suyukli jiyani va shogirdi Rustam Alining o‘lim to‘shagida yotganligidan xabardor bo‘lib, uni ko‘rmoq uchun ona shahri Hirotga otlanadi. Lekin u Rustam Ali diydoriga yetisha olmaydi. Behzod Hirotga yetib kelguncha u olamdan o‘tgan bo‘ladi. Bunday judoliqdan qattiq qayg‘urgan, keksa mo‘ysafid Behzodning o‘zi ham og‘ir xastalanib, 1537 yilda Hirotda olamdan o‘tadi. Uni ham Hirot aholisi chuqur iztirob ila, zo‘r motam ostida shahar yonidagi Ko‘hi Muxtor tog‘i yonbag‘riga, jiyani va shogirdi Rustam Alining qabri yoniga dafn qiladilar.

Amir Do‘st Hoshimiy degan shoir Kamoliddin Behzodning vafot etgan yilini bayon etib, zo‘r qayg‘u va g‘am – g‘ussa ila she’riy tarix bitib, mana bunday qayd etgan:

 

Vahid ul-asr Behzod on ke chun u

Zi batni mrdari ayyom kam zod,

 

Qazo chun suvrati umrash bipardoht

Ajal xoki vujudash dod bar bod.

 

Zi man suvratgare tarix pursid,

Ba’d u guftam javob az joni noshod:

 

“Agar xoxe ke torixash bidoni,

Nazar afkan ba “Xoki qabri Behzod”.

 

(Mazmuni: O‘z asrining yagonasi bo‘lgan Behzod shunday buyuk, benazir zotki, unday kishilar onadan juda kam tug‘iladi. Qazo (o‘lim) uning umriga xotima yasadi, ajal uning tabarruk tana tuprog‘ini yelga toshpirdi. Bu suvratlar Behzod vafotining tarixini (yilini) mendan so‘radi. Unga g‘am-g‘ussa bilan shunday javob berdim: “Behzodning vafot etgan yilini bilmoqchi bo‘lsang, “Xoki qabri Behzod” jumlasidan abjad hisobi hijriy 942-yil chiqadi. Bu yil milodiy hisobda 1537 yilga to‘g‘ri keladi).

Demak, Kamoliddin Behzod uzoq va sermahsul hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Shoh Ismoil Safaviy, Shoh Taxmasp Safaviylar hukmronlik qilgan turli-tuman, bir-biriga bag‘oyat ziddiyatli to‘rt saltanatni ko‘rdi, Temuriylar sulolasi poytaxti Hirotda va Safaviylar poytaxti Tabrizda yashab, o‘z davrining barcha azob-uqubatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib mushohada qildi, o‘z atrofini o‘rab turgan ijtimoiy borliqdan olgan o‘ta boy va rang-barang taassurotlarini, ichki kechinmalarini, latif va nozik kayfiyatlarini o‘zining sermahsul va go‘zal ijodida zo‘r mahorat hamda kuchli zavq va ishtiyoq bilan tasvirladi.

Behzod miniatyura san’ati tarixida maxsus maktab “Behzod maktabini” yaratdi. U real hayot hodisalari va tabiatni tasvirlash uslubi, bo‘yoqlardan foydalanish vositalari, rasmga olinayotgan voqealarni nozik chiziqlarda ifodalash yo‘llari, inson kayfiyati va harakatini aks ettira bilishdagi ustaligi, rasm kompozitsiyasining kengligi va turli-tuman hodisalarni qamrab olabilishi, ajoyib estetik zavq uyg‘otishi bilan miniatyura san’atini yangi bosqichga ko‘tardi, uning tarixida yangi davr yaratdi. Behzod miniatyuralari uning tirikligidayoq va ayniqsa, undan so‘ng musulmon Sharqida va G‘arbda ham bu san’atning eng oliy yutug‘i deb tan olindi hamda eng qimmatli san’at asarlari sifatida mashhur bo‘lib ketdi.

Behzod ijodi va merosini o‘rganuvchi mutaxassislar fikricha, uning hozirgacha ma’lum bo‘lgan asarlari taxminan o‘ttizta rasm va rasmlar turkumidan iborat, ulardan eng mashhurlari quyidagiladir:

1. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga ishlangan miniatyuralar.

2. Husayn Boyqaroning majlislari tasvirlangan muraqqa’dagi 40 dan ortiq go‘zal miniatyuralar.

3. Abdurahmon Jomiyning “Solomon va Ibsol” asariga ishlangan rasmlar.

4. Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”siga ishlangan 33 ta ajoyib miniatyura.

5. Sa’diyning “Bo‘ston” asariga ishlangan go‘zal rasmlar.

6. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asariga chizilgan noyob va benazir miniatyuralar.

7. Abdulloh Xotifiyning “Temurnoma” asariga chizilgan rasmlar.

8. Sa’diyning “Guliston” asariga ishlangan nafis miniatyuralar.

9. Abdurahmon Jomiy tasviri.

10. Husayn Boyqaro tasviri.

11. Shayboniyxon tasviri.

12. Shoh Taxmasp tasviri.

13. Shoir Abdulloh Xotifiy tasviri.

14. Tuyalar jangi.

15. Raqsi darvish (darvishlar raqsi).

16. Samarqandda madrasa qurilishi va hokazolar.

Behzod o‘ta saxiy va mehribon ustod sifatida juda ko‘p atoqli miniatyurasoz, musavvir va naqqoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

XV – XVI va undan so‘nggi asrlarda Kamoliddin Behzod shogirdlarini Hirotda, Tabrizda, Buxoroda, Samarqandda, Sherozda, Isfahonda, Istanbulda, Hindistonda, shuningdek, ulkan Sharqning boshqa juda ko‘plab shaharlarida uchratish mumkin edi. Sulton muhammad Qosim Ali Chehrakushoy, Darvish Muhammad, Ustod Muhammadiy, Muzaffar Ali, Yusuf Mullo, Rustam Ali, Shayxzoda Xurosoniy, Shoh Muzaffar, Mir Said Ali, Mahmud Muzahxib, Abdullo kabi o‘ndan ziyod atoqli musavvirlar Behzod maktabini, uning uslubini o‘z zamonalari taqozolariga binoan zo‘r muvaffaqiyat bilan davom ettirganlar.

Behzod maktabining hozirgi zamondagi davomchilarini Afg‘onistonda (Ustod Muhammad Said Mash’al), Eronda (Karim Tohirzoda Behzod), O‘zbekistonda (marhum Ustod Chingiz Ahmarov) va boshka Sharq o‘lkalarida ham ko‘rish mumkin. Hozirda Sharq va Ovro‘po mamlakatlarida san’at, rassomchilik tarixini o‘rganishda miniatyura chizish tarixi, xususan, Behzod miniatyura maktabi alohida o‘rganiladi va tadqiq etiladi hamda maxsus maktablarda o‘qitiladi.

Behzodning musavvirlik mahorati va maktabi Temuriylar davri madaniyati tarixiga bag‘ishlangan barcha tadqiqotlarda o‘z davri san’atining ajoyib yutug‘i sifatida alohida ta’kidlab o‘tiladi.

Behzod nafaqat Sharq xalqlari musavvirchiligi tarixida, balki jahon rasm san’ati tarixida o‘chmas iz qoddirgan, o‘zining ajoyib va qimmatbaho miniatyura durdonalari bilan butun dunyo madaniyati tarixida salmoqli o‘rin olgan buyuk va zabardast san’atkordir.

 


“Ma’naviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.