Jonibek Subhon (1944–2008)

0
115
marta koʻrilgan.

Jonibek Subhon (Jonibek Suvonqulov) 1944 yilning 9 iyunida Jizzax viloyatining Zomin tumanida tugʻildi. 1960 yilda oʻrta maktabni bitirib, 1962 yilda Samarqand Davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga kirdi va uni harbiy xizmatdan keyin 1970 yilda tugatdi. “Sirdaryo haqiqati” gazetasida faoliyat olib bordi (1970–1980). OʻzTAGning Sirdaryo viloyati boʻlimi boʻyicha muxbiri boʻldi (1980–1984), 1984–1986 yillarda Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati boʻlimida adabiy maslahatchi vazifasida ishladi. 1986 yildan boshlab, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrirlik qildi.

Sheʼr va hikoyalari 1962 yildan viloyat va respublika matubotida eʼlon qilina boshlagan. Birinchi sheʼriy toʻplami “Zangori ufqlar” 1978 yilda chop etildi. “Qirralar” (1988), “Ota makon” (1991), “Tazarru onlari” (1993), “Silsila” (1994), “Roʻyo” (1994) sheʼriy toʻplamlari bilan oʻz oʻquvchilarini topdi. Shuningdek, uning “Senga intilaman” (1987), “Katta hayot boʻsagʻasida” (1987), “Zamon qoʻngʻirogʻi” (1990) toʻplamlari ham kitobxonlar nazariga tushdi.

Jonibek Subxonning aruz vaznida yozilgan “Bezovta ruh” dostoni buyuk Sohibqiron Amir Temur tavalludining 600 yilligiga bagʻishlangan.

U keyingi yillarda aruz vaznida ham ijod qildi. “Madyanlar fojiasi” dostoni, qator gʻazallari bunga misoldir. Ayniqsa, “Silsila” toʻplamiga kirgan aksar asarlari sheʼriyat ishqibozlarini befarq qoldirmadi. Undagi bir qator gʻazallar oʻquvchi fikrini zamona kechmishlariga haqiqat va diyonat koʻzi bilan boqishga daʼvat etadi. Bolalarga atab yozilgan sheʼrlari, “Suvaraknoma” majoziy dostoni mashhur.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.