Husniddin Sharipov (1933–2015)

0
235
marta koʻrilgan.

1933 yilda Namangan tumanida tugʻilgan.

2000 yilda “Mehnat” shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji 54 yil. 1993 yildan buyon nafaqada, ijodiy ish bilan mashgʻul.

Husniddin Sharipov taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi va tarjimonidir. Uning “Navoiy” deb nomlangan dastlabki sheʼri 1948 yilda Namangan viloyat gazetasida eʼlon qilingan edi. Shundan soʻng oʻtgan yarim asrdan koʻproq vaqt mobaynida shoirning “Koʻngil buyurgani”, “Quyoshga oshiqman”, “Tuproqqa qasida”, “Yerning qalbi”, “Men sizga aytsam”, “Lirika”, “Hayajonli daqiqalar”, “Oh, goʻzal”, “Xirmon”, “Yana visol” kabi jami oʻttizga yaqin sheʼriy toʻplamlari dunyo yuzini koʻrdi.

Husniddin Sharipov jami yigirmaga yaqin dostonlar muallifi. Ular orasida, ayniqsa, “Sotiboldidan salom”, “Quyoshga oshiqman”, “Insof diyori”, “Tanovar” dostonlari oʻzining oʻynoqiligi, xalqonaligi, shirador tili va boshqa fazilatlari bilan oʻzbek dostonchiligi tarixida alohida oʻrin tutadi. Shoirning “Bir savol” sheʼriy romani oʻzbek adabiyotida sheʼriy romanning eng sara namunalaridan biridir.

Husniddin Sharipov mohir dramaturg hamdir. Uning “Seni sevaman”, “Ota oʻgʻil”, “Afsona”, “Chollar va kampirlar” dramalari mamlakatimiz teatrlarida muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilgan. U mohir tarjimon sifatida I. Turgenov, U. Uitmen, R. Rojdestvenskiy kabi yozuvchilarning sheʼrlari va dramalarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Ayni chogʻda Husniddin Sharipov asarlari rus, urdu, tojik, turk va boshqa jahon tillariga tarjima qilingan.

Husniddin Sharipov ayniqsa Oʻzbekiston davlat mustaqilligi yillarida faol ijod qilmoqda. Bu yillarda shoirning “Yor istab” (1992 y.), “Ming ikkinchi kecha” (1992 y.), “Qaltis yurish” (1999 y.), “Qaynarbuloq” (2002 y.), “Asiringman” (2003 y.) kabi jami yigirmadan koʻproq sheʼriy kitoblari, dostonlari, dramatik asarlari va Yeji Yurandotning “Toʻqqizinchi pokiza” (1999 y.), Pablo Nerudaning sheʼrlari (2000 y.), Jan Lafontenning sheʼrlari (2001 y.), Bertold Brextning sheʼrlari (2002 y.), V. Mayakovskiyning sheʼrlari (2003 y.) tarjimalari oʻzbek tilida dunyo yuzini koʻrdi. Ular adabiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.

2012 yili “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Husniddin Sharipov 2015 yili Toshkent shahrida vafot etdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.