Husniddin Sharipov (1933–2015)

0
161
marta koʻrilgan.

Husniddin Sharipov 1933 yilning 10 fevralida Namangan viloyatining Pop shahrida tugʻildi. Namangan qishloq xoʻjalik texnikumida, Toshkent qishloq xoʻjalik instituti oʻrmon-melioratsiya fakultetida tahsil oldi.

Namangan oʻrmon xoʻjalik idorasida injener (1954–1956), “Namangan haqiqati” viloyat gazetasida adabiy xodim va masʼul kotib (1956–1960), “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida adabiy xodim (1960–1962), “Sharq yulduzi” jurnalida (1962–1969,1976–1977,1982–1983) boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1984–1993) vazifalarida xizmat qildi.

“Navoiy” nomli birinchi sheʼri 1948 yili “Namangan haqiqati” gazetasida, “Nihol” degan ilk sheʼriy toʻplami esa 1956 yilda nashr etildi. Shundan soʻng shoirning “Koʻngil buyurgani” (1941), “Quyoshga oshiqman” (1963), “Tuproqqa qasida”, “Yerning qalbi” (1965), “Men sizga aytsam” (1968), “Lirika” (1970), “Hayajonli daqiqalar” (1980), “Oh, goʻzal” (1981), ikki jildlik “Saylanma” (1982), “Xirmon” (1985), “Yana visol” (1987), “Yor istab” (1992) kabi sheʼriy kitoblari dunyoga keldi.

H. Sharipovning turli yillarda yozilgan “Sotvoldidan salom”, “Quyoshga oshiqman”, “Insof diyori”, “Qilmish-qidirmish”, “Bogʻ koʻcha bolalari”, “Tanovar” kabi oʻn sakkizta dostoni adabiyotimizdagi mazkur yoʻnalish rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. Ayniqsa, “Bir savol” deb nomlangan sheʼriy romani (1972) bu borada alohida oʻrin tutadi.

Husniddin Sharipovning “Seni sevaman” (1958), “Afsona” (1975), “Chollar va kampirlar” (1979), “Ota oʻgʻli” (1984), “Karvon bexatar boʻlmas” (1986) “Yor istab” (1993) kabi pyesalari respublikamiz teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. “Navroʻzim kelur”, “Jonim Oʻzbekiston”, “Iftixor” singari oʻnlab qoʻshiqlari Navroʻz va Mustaqillik bayramlarida ijro etildi. Kompozitorlar Mardon Nasimovning “Dilbarim”, “Dehqonga taʼzim”, Ikrom Akbarovning “Toʻylar muborak” lirik vokal syuitalari ham shoir Husniddin Sharipov sheʼrlari asosida yaratilgan. “Ukajonlarimga” (1963), “Bu yogʻi nima boʻladi?” (1973), “Chavandoz” (1974) kabi toʻplamlari yosh kitobxonlar qalbidan chuqur oʻrin egallagan.

Husniddin Sharipov, ayniqsa, mustaqillik yillarida faol ijod qildi. Bu yillarda shoirning “Ming ikkinchi kecha” (1992), “Qaltis yurish” (1999), “Qaynar buloq” (2002), “Asiringman” (2003) kabi jami yigirmadan ortiq sheʼriy kitoblari, dostonlari, dramatik asarlari yaratildi.

U I. Turgenev, U. Uitmen, R. Rojdestvenskiy, B. Vasilyev, Ye. Yurandot, P. Neruda, J. Lafonten, B. Brext, V. Mayakovskiy asarlarini oʻzbekchaga oʻgirgan mohir tarjimon hamdir. Ayni chogʻda, oʻzining ham bir qator sheʼr va dostonlari rus, urdu, polyak, turk kabi xorij tillariga tarjima qilingan.

Husniddin Sharipov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni va Yoshlar tashkiloti mukofotining sohibidir. Shuningdek, “Mehnat shuhrati” ordeni (2000), “Oʻzbekiston xalq shoiri” (2012) unvoni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.