Hayitmat Rasul (1937)

0
113
marta koʻrilgan.

Hayitmat Rasul (Abdurasulov Hayitmat) 1937 yilning 23 martida qoʻshni Turkmanistonning Toshhovuz viloyatidagi Oltmish qishlogʻida tugʻildi. Oʻrta maktabni bitirgach, harbiy xizmatni oʻtab qaytdi (1956–1960). Toshkent teatr va rassomchilik institutining musiqali teatr aktyorlari tayyorlash boʻlimida tahsil oldi (1961–1966). Mehnat faoliyatini Hamza nomidagi akademik drama (hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama) teatri aktyori sifatida boshladi (1966–1968). Keyin Oʻzbekiston davlat teleradiokomitetida katta muharrir (1968–1989), Oʻzbekiston Madaniyat ishlari vazirligi dramaturgiya boʻlimi bosh muharriri lavozimida ishlab, ayni paytda Oʻzbekiston davlat sanʼat instituti dotsenti sifatida talabalarga dars berdi (1989–2015).

Oʻquvchilik yillaridan sheʼriy mashqlari bilan koʻrina boshlagan ijodkor, talabalik yillarida dramaturgiya sohasiga oʻzida ragʻbat sezib, kichik sahnaviy asarlar yoza boshladi.

1967 yildan eʼtiboran uning “Shoir xayoli”, “Qiyomat qoʻngʻirogʻi”, “Zuhraning jasorati”, “Muqaddas diyor” kabi qator pyesalari Muqimiy nomidagi Davlat musiqali drama va komediya teatrida, Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat teatrida muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. Shundan soʻng “Aka”, “Suyunchi bering, odamlar”, “Kuyovning omonati”, “Qizi borning – nozi bor”. “Yigʻlama, Gʻaribim”, “Oʻlmasin jayron”, “Uzoq qishloq” kabi oʻttizdan ortiq sheʼriy, musiqiy, tarixiy romantik drama va komediyalari poytaxt va viloyatlar teatrlarida namoyish etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi.

Hayitmat Rasul Istiqlol yillarida, ayniqsa barakali ijod qilib kelmoqda. Birgina Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida “Muhabbat sultoni”, “Piri koinot”, “Muqaddas taxtizar”, “Oltin kuz”, “Boshi qotgan oshiqlar”, “Tili asalim”, “Mohi Turon” nomli sheʼriy romantik va tarixiy dramalari sahna yuzini koʻrib, teatr repertuaridan mustahkam oʻrin oldi. “Kuyovning omonati”, “Aka”, “Suyunchi bering, odamlar” kabi asarlari Turkmaniston, Qirgʻiziston va Tatariston teatrlarida ham namoyish etildi.

Hayitmat Rasul dramaturgiyamiz taraqqiyoti yoʻlidagi xizmatlari uchun 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.