Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889–1929)

0
793
marta koʻrilgan.

Yangi davr oʻzbek adabiyotining namoyandalaridan biri, shoir va dramaturg, bastakor va rejissyor, maʼrifatparvar-pedagog va jamoat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 7 martda Qoʻqon shahrida tabib oilasida tugʻildi.

Avval eski maktab va madrasalarda fors, arab tillarini, rus-tuzem maktabida esa rus tilini oʻrganishga muvaffaq boʻlgan Hamzaning badiiy ijodga qiziqishi barvaqt boshlanadi. 1903–1914 yillarda Nihoniy tahallusi bilan 197 ta sheʼr yozib, ularni qoʻlyozma devon shakliga keltiradi. Bu sheʼrlarida Hamza oʻzbek mumtoz adabiyoti anʼanalarining davomchisi sifatida namoyon boʻladi.

Hamza 1909–1910 yillar Toshkentga kelib Munavvar qori, A. Avloniy, S. Rahimiy singari maʼrifatparvarlar bilan tanishadi, ular taʼsirida jadidlar harakatiga qoʻshiladi. Toshkent, Margʻilon va Qoʻqonda yangi usul maktablarini ochib, muallimlik qiladi. “Yengil adabiyot”, “Oʻqish kitobi” kabi darsliklar yaratadi. Sheʼr va dramalari, publitsistik maqolalarida esa oʻz xalqini maʼrifatga chorlaydi.

Hamzaning 1915–1916 yillarda nashr etilgan “Milliy ashulalar” nomli sheʼrlar majmuasi, “Oq gul”, “Qizil gul”, “Sariq gul” kabi toʻplamlarida, “Yangi saodat” kabi nasriy asarida maʼrifatparvarlik gʻoyalari toʻla namoyon boʻlgan. Hamza shu davrda yozgan “Yigʻla, Turkiston”, “Oqibatsiz Turkiston”, “Vatandoshlarimga xitob”, “Dardiga darmon istamas” kabi sheʼrlarida xalqning “ruhsiz tandur, xanjar ursa qoni sochulmas” holiga kelganligidan nola chekadi; xurofot va jaholat botqogʻidan chiqib, taraqqiy etgan xalqlar qatoridan oʻrin olishga daʼvat etadi.

Shu gʻoya uning bir qator dramalarida ham oʻz maromiga koʻtariladi. Bu davrga kelib dramaturg-maʼrifatparvar adib sifatida ham samarali faoliyat koʻrsatadi. “Ilm-hidoyati”, “Normuhammad domlaning kufr xatosi”, “Oʻch”, “Zaharli hayot” kabi dramalarida zulm-xurofotdan xalos boʻlishning birdan-bir yoʻli maʼrifatdadir, degan fikrni olgʻa suradi.

Hamza ijodida 1916 yilgi mardikorlikka olish voqealari ham oʻz aksini topadi. Xususan, “Safsar gul” (1917) sheʼriy toʻplami, “Loshman fojeasi” (1916–1918) trilogiyasi shu jihatdan muhimdir.

Bu davrda u “Boy ila xizmatchi” (1917), “Kim toʻgʻri?” (1918), “Tuhmatchilar jazosi” (1918) singari pyesalarini yozadi.

Faoliyat doirasi benihoya keng boʻlgan Hamza 20-yillarning boshlarida Xorazmga borib, maktab va maorif ishlari bilan shugʻullanadi. U yerdan qaytgach, faqat ijodiy ishlar bilan mashgʻul boʻlish istagida Avval qishlogʻiga boradi; dramatik ijodining gultoji boʻlgan “Maysaraning ishi”, “Paranji sirlari” (1926) dramatik asarlarini yaratadi. Shu yili “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor boʻladi.

Hamza 1928 yil avgust oyida Shohimardonga yuboriladi. U yerda madaniy-oqartuv ishlari bilan shugʻullanadi. 1929 yil 18 martda shu yerda fojiali halok boʻladi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.