Halima Xudoyberdiyeva (1947)

0
923
marta koʻrilgan.

1947 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tavallud topgan. 1972 yilda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1975–77 yillarda Moskvada, Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida tahsil olgan.

Shoira mehnat faoliyatini talabalik yillaridayoq boshlagan edi. U 1971–75 yillarda “Saodat” jurnalida boʻlim boshligʻi, 1978–83 yillar oraligʻida “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida boʻlim boshligʻi, 1983–85 yillarda “Saodat” jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, 1985–94 yillarda esa “Saodat” jurnalining bosh muharriri vazifalarida ishladi. Shu bilan bir vaqtda 1989–94 yillarda Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimida faoliyat yuritdi. Keyinchalik “Sanam” jurnali bosh muharrir oʻrinbosari vazifasida ijodiy faoliyatini davom ettirdi.

Halima Xudoyberdiyevaning “Ilk muhabbat”, “Oq olmalar”, “Suyanch togʻlarim”, “Chaman”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Hurlik oʻti”, “Yuragimning ogʻriq nuqtalari”, “Toʻmarisning aytgani”, “Saylanma”, “Yoʻldadirman”, shuningdek, rus tilida “Beliʼe yabloki”, “Reshimost” singari oʻnlab kitoblari chop etilgan.

Shoira ijodiy faoliyati davomida tarjimachilik ishlarida ham bir qator yutuqlarga erishgan. Xususan, uning tatar dramaturgi Toʻfon Minnulinning “Alla” pyesasini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Bu spektakl keyinchalik Hamza nomidagi Milliy akademik teatrda sahnalashtirilib, uzoq yillar tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Shoira Halima Xudoyberdiyeva bir qator mukofot va unvonlar sohibasidir. Jumladan, u Doʻstlik, Hurmat belgisi ordenlari va Davlat mukofoti sovrindoridir. 1992 yilda oʻzbek adabiyotiga qoʻshgan hissasi uchun “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga munosib deb topildi.

2017 yil 17 mayda oʻzbek sanʼati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy gʻoyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshgani, koʻp yillik samarali ijodiy faoliyati hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan Halima Xudoyberdiyeva Prezident Shavkat Mirziyoev farmoni bilan “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.