Gʻulom Zafariy (1889–1938)

0
273
marta koʻrilgan.

Gʻulom Zafariy koʻp qirrali ijodkor. U oʻzbek milliy teatri, teatr tanqidchiligi, musiqa madaniyati, adabiyotimiz tarixida munosib oʻrin egallaydi. U 1889 yili Toshkentning Beshyogʻoch dahasiga qarashli Kattabogʻ mahallasida tavallud topgan.

Avval eski maktabda, keyin xususiy rus maktabida, Koʻkaldosh madrasasida taʼlim oldi. 1912–1924 yillarda Oʻsh shahrida oʻqituvchilik qildi. 1914 yildan boshlab Toshkentdagi “Turon” truppasida aktyorlik qildi, oʻqituvchi boʻlib ishladi.

1917 yildan “Ishchilar dunyosi” jurnali, shuningdek, bilim yurtlarida faoliyat koʻrsatdi. Gʻulom Zafariy ijodi 1914 yildan boshlangan boʻlib, dastlab bir qator sheʼrlari bilan taniladi. Soʻngra esa “Baxtsiz shogird” (1914) nomli bir pardali pyesa yozadi; “Bahor”, “Gunafsha”, “Toʻsqinchilik”, “Yorqinoy”, “Rahmli oʻqituvchi”, “Mozorlikda”, “Maqtangan kishi”, “Tatimboy ota” kabi pyesalar, “Choʻpon Temir” (1924), “Yoshlar endi berilmas” (1926) nomli dostonlar yaratadi. Gʻulom Zafariy dramaturg sifatida “Halima” pyesasi bilan mashhur boʻlgan. “Halima” 1920 yilda yozilgan boʻlib, oʻsha yilning 14 sentyabrida “Turon” truppasida Mannon Uygʻur tomonidan sahnalashtiriladi.

Mazkur asar toʻngʻich milliy musiqali drama boʻlib, uning musiqiy bezagini muallifning oʻzi mashhur sozanda Shorahim Shoumarov hamda Mulla Toʻychi hofiz yordamida bajargan. Ayni chogʻda, “Halima” oʻz davrida milliy opera sifatida baholangan.

Gʻulom Zafariy oʻzbek milliy kuylari, maqom va maqom shoʻbalarini juda yaxshi bilgan tom maʼnodagi ziyoli edi. Uning “Sharq musiqalari va cholgʻulari”, “Musiqa muammosi”, “Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida” kabi maqolalari shular jumlasidandir.

Gʻulom Zafariy 1937 yilda qatagʻonga uchragan ziyolilardan biridir. Dastlab, 1933 yil 21 mayda “aksilinqilobiy millatchilik faoliyati” uchun uch yilga gʻarbiy Sibirga surgun qilingan. Qaytib kelgach, ikkinchi bor 1937 yilning 28 oktyabrida hibsga olingan va 1937 yil 4 dekabrda otishga hukm qilingan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.