Gʻafur Shermuhammad (1973)

0
387
marta koʻrilgan.

Gʻafur Shermuhammad 1973 yil Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tugʻildi. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi.

“Xalq soʻzi” (1992–2000), “Qishloq hayoti” (2000–2004) gazetalarida, “Oʻzbekkino” Milliy agentligida (2004–2015) turli vazifalarda ishladi. Ayni paytda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qilmoqda.

U 2007 yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining, Uyushma qoshidagi Dramaturgiya (teatr va kino) kengashining aʼzosi.

Yozuvchining “Saman toy” (2012 yil), “Langartogʻ yoʻlida” (2016) nomli qissa va hikoyalar kitoblari chop etildi. “Quduq tubidagi faryod” (1999), “Pariqishloq afsonasi” (2005) nomli pyesalari Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida, “Koʻzlarida xoli bor” (2005) asari Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqali komediya teatrida muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. “Chavandoz” (2008), “Arosat” (2009), “Qoʻshnilar” (M. Nizanov bilan hammualliflikda, 2010), “Taʼziyadagi toʻy” (2010), “Aldangan ayol” (2011), “Baxt uyi” (A. Bekturdiyev bilan hammualliflikda, 2012), “Quduq” (2014), “Barakasini bersin” (2015) kabi badiiy filmlar, shuningdek, oʻnlab multfilm va hujjatli filmlar uning ssenariylari asosida suratga olindi.

Gʻafur Shermuhammad tarjimon sifatida Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Murodboy Nizanovning “Aqchagul” qissasini, “Oxirat uyqusi”, “Dushman”, “Oshiq boʻlmagan kim bor” romanlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.

Yozuvchining “Saman toy” qissa va hikoyalar kitobi “Eng ulugʻ, eng aziz” respublika koʻrik-tanlovining adabiyot yoʻnalishida uchinchi oʻringa sazovor boʻldi. Oʻzbek xalqining oʻziga xos milliy qadriyatlari va xarakteri talqiniga bagʻishlangan “Chavandoz” badiiy filmi esa 2009 yili Italiyaning Milan shahrida boʻlib oʻtgan sport filmlari xalqaro kinofestivalining “Oriyat va gʻurur” nominatsiyasida bosh mukofot bilan, “Listopad” (Rossiya), “Kinoaziada” (Qozogʻiston) kinofestivallarining kumush sovrini, “Kino va TVda sport” (Oʻzbekiston) xalqaro kinofestivalining bosh sovrini bilan taqdirlandi. Shuningdek, mazkur film Oʻzbekiston mustaqilligining 20 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan istiqlol yillarida yaratilgan eng sara filmlarning “Istiqlol va milliy kino” tanlovida sovrindor boʻldi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.