Gʻafur Gʻulom (1903–1966)

0
5486
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

Oʻzbek adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri Gʻafur Gʻulom 1903 yil 10 mayda Toshkent shahrining Qoʻrgʻontegi mahallasida tavallud topdi. Toʻqqiz yoshida otasidan, oʻn besh yoshida onasidan yetim qolgan Gʻafur avval eski maktabda, soʻngra rus-tuzem maktabida taʼlim oldi. U oktyabr toʻntarishidan keyingi yillarda muallimlar tayyorlov kursini bitirib, yangi maktablarda oʻqituvchilik qildi.

1923 yildan bolalar uyida mudir va tarbiyachi, soʻng “Kambagʻal dehqon”, “Qizil Oʻzbekiston”, “Sharq haqiqati” gazetalari tahririyatlarida ishladi. Gazeta uning uchun dorilfunun rolini oʻtadi, xalq hayotini oʻrganish, unga faol aralashish yoʻlida muhim vosita boʻldi.

Uning yangilanishlar ruhiga hamohang tantanavor sheʼrlari, oʻtmish sarqitlarini qoralovchi hajviyalari va xalqning kundalik ijodiy mehnatini olqishlovchi asarlaridan jamlangan “Dinamo”, “Tirik qoʻshiqlar” nomli dastlabki sheʼriy toʻplamlari 1931–1932 yillarda chop etildi. Shoir 1930–1935 yillarda “Koʻkan” dostonini, “Toʻy”, “Ikki vasiqa” balladalarini yaratdi. Keyinchalik adib shaxsga sigʻinish taʼsirida yaratilgan ayrim asarlarini qayta koʻrib chiqadi. Baʼzi asarlarini qayta tahrir etib, sheʼrga tabiiylik va hayotiylik bagʻishlaydi.

30-yillarda Gʻafur Gʻulom hikoya, ocherk, felʼyetonlar qatori “Netay”, “Yodgor”, “Tirilgan murda” kabi qissalarini ham yaratdi. Urush yillarida shoir oʻz ijodining butun haroratini fashist bosqinchilariga qarshi kurashayotgan xalqqa bagʻishladi, uning muqarrar gʻalabasiga ishonch ruhi bilan sugʻorilgan sheʼrlar yaratdi. “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Vaqt”, “Sogʻinish” kabi sheʼrlar, publitsistik ocherk va maqolalar yozib, xalqni jang va mehnat gʻalabasiga otlantirdi.

Gʻafur Gʻulom urushdan keyingi yillarda ham samarali qalam tebratib, yuksak badiiy asarlar yaratdi; publitsistika va adabiyotshunoslikka oid qator ajoyib maqolalarini eʼlon qildi. Uning ijodi xalq hayotining shu davrdagi oʻziga xos yilnomasi oʻlaroq namoyon boʻldi. Agar Gʻafur Gʻulom shu davrda sheʼriy asarlari bilan faylasuf shoir darajasiga koʻtarilgan boʻlsa, “Shum bola” qissasi, “Mening oʻgʻrigina bolam” singari hikoyalari bilan xalq turmushi va ruhini yaxshi biluvchi mohir nosir ekanini ham namoyish etdi. Gʻ. Gʻulomning bir necha bor saylanma asarlari, toʻplamlari, oʻn jildlik tanlangan asarlari chop etilgan.

Gʻafur Gʻulom oʻzbek tarjima maktabining maydonga kelishiga ham ulkan hissa qoʻshdi. U Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir” singari jahon adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga katta mahorat bilan oʻgirdi. Gʻafur Gʻulom Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (1943) edi. Tavalludining 60 yilligi munosabati bilan “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor boʻldi (1963).

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, 2000 yilda Vatan oldidagi unutilmas xizmatlari uchun Gʻafur Gʻulomga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berildi. Adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bir jildlik “Tanlangan asarlar”i (2003) nashr etildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.