Fransua Rable (1494–1553)

2
448
marta ko‘rilgan.

Rable ijodi o‘z ta’siriga ko‘ra shu qadar ulug‘ ediki, goho muallif nomi uning panasida qolib ketadi. Rablening hayoti haqida xilma-xil afsonalar yurardi: uning otasi traktir (kichikroq oshxona) egasi bo‘lgan, uning o‘zi esa tarallabedod hayot kechirgan. Rable o‘layotganda og‘zidan betahoshi so‘zlar chiqqan emish. Yolg‘ondan rostni ajratish uchun olimlar ozmuncha ter to‘kmaganlar. Mashhur kitobning yaratuvchisi Shinon yaqinidagi Luara vodiysida joylashgan La Devinya degan joyda dunyoga kelgan. Uning aynan qachon tug‘ilganini haligacha bilmaymiz, 1483 va 1495 yillar oralig‘ida bo‘lsa kerak. Rablening otasi huquqshunos bo‘lib, boy shahar kazolari orasida ancha-muncha obro‘ga ega bo‘lgan, romanda Granguzye nomi ostida keladi. Taxmin qilishlaricha, Rable oilada erta, yetti yoki to‘qqiz yoshida rohib bo‘lgan yosh bolakay edi.

Rohiblik Rableni baxtli qilolmadi. Buni uning asaridan yaqqol bilib olsa bo‘ladi. U bir monastirni boshqasi bilan almashtirib, erkin ruhoniy bo‘lib oladi va Monpalye universitetida tibbiyotni o‘rgana boshlaydi. Hozirgi tibbiy oliy o‘quv yurtlari talabalari uning muvaffaqiyatlariga havas qilsa arziydi. 1530 yilda o‘qishni tugatgani haqidagi diplomni olib, Rable 1531 yildayoq Gippokrat haqida ma’ruzalar o‘qiydi, yana bir yil o‘tgach esa u Lion kasalxonasining shifokori qilib tayinlanadi.

Shu yerda u nomini abadiy sharafga burkovchi kitoblarini yoza boshlaydi. Bu shonli voqea sodir bo‘lgan vaziyatlarning qanaqaligini aks ettiruvchi ashyoviy dalil yo‘q, ammo shu narsani bilamizki, 1532 yilda “Bahaybat va ulkan odam Gargantyua haqidagi buyuk va bebaho yilnomalar” degan nom ostida xalq kitobchasi paydo bo‘ldi. Uning muallifi Rable emasdi, biroq uni Rable tahrir qilgan bo‘lishi mumkin. Mana shu kitobcha Rablega qalam olib, davomini yozishdek baxtli fikrni qulog‘iga aytgan. Kitob ommaning ko‘ngliga yoqdi va muallif romanga yangi kirish so‘zi yozishga qaror qildi, bu bilan Gargantyua qiliqlarining o‘z versiyasini kitobxonlar hukmiga havola qiladi. Kitob nomi avvalgiday qoldi, faqat tadrijiy jihatdan ikkinchisidan oldingi birinchi qismi keyinroq yozilgan edi. Uchinchi va to‘rtinchi kitoblarda (“Le Tiers Livre”, “Le Qurt Livre”) Pantagryuelning keyingi sarguzashtlari haqida hikoya qilingan. Beshinchi kitob (“Le Quint Livre”) Rablening vafotidan keyin chop etilgan edi va uning asliyatligi keskin bahslarga sabab bo‘lgandi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar shunday to‘xtamga kelishganki, qoralama qo‘lyozmani tugallashga ulgurmagan Rablega qarashlidir. Ammo uni nashrga boshqa odam tayyorlagan.

Rable islohotlar boshida ijod qilgan, o‘shanda dahriylikda zarracha shubha qilingan odam qattiq jazoga tortilgan, bunday jazoni o‘zgartirib bo‘lmagan. Uning do‘stlaridan biri, noshir Etten Dole dahriylikda ayblangan va o‘tda kuydirib o‘ldirishga hukm qilingan edi. Rable protestant ham, hurfikr ham, dahriy ham emasdi, diniy masalalarga jiddiy qarar edi. Ammo u cherkov tizimining shartaki tanqidchisi edi. O‘tmishda rohiblik pallalarida Rable fransiskan tariqatidagi monastirlik asoslarining ziddiyatlariga duch keldi. Tariqat muqarrar ravishda layoqatli yigitchaga hasad ko‘zi bilan qaragan va uning yunon tili mashg‘ulotlariga qarshilik ko‘rsatgan edi. Endi Rablega Sorbonnaning ilohiyotshunoslari chang soldilar – ular Fransiyadagi ortodoksalchilar tayanchi va ashaddiy g‘animlar edi. U o‘ylab-netib o‘tirmay kardinal Jan dyu Belle homiyligini qabul qildi, u bilan shaxsiy tabib va ishonchli maslahatchi sifatida Rimga bir necha marta sayohat qildi. 1546 va 1547 yillarni Rable Metsda o‘tkazdi, u paytda Sorbonnadan ancha olisda joylashgan Mets Fransiya tarkibiga kirmasdi. 1550 yilda Parijdan bir necha mil naridagi Medondagi diniy xizmatdan Rable iste’foga chiqadi. Rable 1553 yilda vafot etdi va mish-mishlarga qaraganda Parijda dafn qilingan. Biroq uning qabrini topish imkoni bo‘lmagan. Rable shu qadar iltifotli inson ediki, har bir odam unda ko‘ngliga yoqqan hamma narsani topar edi. Ba’zilar uchun u hazilkash qiziqchi bo‘lsa, boshqalar uni hushyor islohotchi-axloqshunos deb bilgandilar. Bunday islohotchi o‘z va’zlariga odobdan tashqari shakl berib, ko‘proq tarafdorlar to‘play olardi. Bu nuqtai nazarning har ikkalasi ham jiddiy mulohazalarni talab etadi. Biroq Rable bizga kim bo‘lib namoyon etilgan bo‘lmasin, unda muallifga zamondosh bo‘lgan davr ko‘zgudagidek aks etib turadi. Hayotning, tafakkurning biron-bir jihati yo‘qki, uning kitoblarida o‘z aksini topmagan bo‘lsin, zero, anglashga muhabbat, ajoyib hayotsevarlik ilk Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyatini tashkil etadi.

2 Mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.