Fasih Xavofiy (1375–1442)

0
330
marta koʻrilgan.

Temur va Temuriylar davrida yashab ijod etgan allomalardan biri Fasih Ahmad Jaloliddin Muhammad Havofiy 1375 yilning 28 sentyabrida Hirotda tugʻilib, shu yerda taʼlim-tarbiya olgandan soʻng, 1405 yili davlat ishlari bilan Samarqandga joʻnatilgach, 1415 yilgacha nufuzli amirlardan Alouddin Ali Tarxon, keyin Shohrux Mirzo saroyida xizmat qilgan. Hayotining soʻngi yillarida Shohruxning oʻgʻli Boysunqur Bahodirxon saroyida devonlik mansabiga tayinlangan. Biroq koʻp vaqg oʻtmay Temuriylar saroyidagi xizmatdan butunlay chetlashtirilgan va bizga maʼlum boʻlgan birdan bir asari “Mujma ut-tavorix” (“Tarixiy sanalar yigʻindisi”)ni yozishga kirishgan. (Bu asar “Mujmai Fasihiy” ham deb yuritilgan).

Garchi Havofiy ushbu toʻplamni saroy ishlaridan chetlatilgandan keyin, yaʼni 1433–1442 yillarda tuzgan boʻlsa-da, biroq kitob debochasidagi yozuvda asardagi maʼlumotlarni muallif ilgariroq, tarixiy kitoblarni oʻqib yurgan kezlarida qisqa-qisqa tarzda qalamga olib yurgan. “Bu nusxani, – deydi muallif debochada, – uzoq yillar davomida ulugʻlarning tarixlaridan va salaflarning kitoblaridan jamladim”.

“Mujma ut-tavorix” bizning davrgacha kam nusxada yetib kelgan. Shunday asar mavjudligi haqida faqat XIX asr oxirlaridagina ilmiy adabiyotda qisqacha maʼlumotlar keltirilgan. Bu asar V. V. Bartold, E. Braun, V. Rozen, Dorn, X. Raverti singari olimlar eʼtiborini tortgan edi. Kitob muqaddima, ikqi maqola va xotimadan iborat boʻlib, muqaddima Odam Atodan tortib muhammad paygʻambarning tavalludigacha (570–580) boʻlgan tarixni oʻz ichiga oladi.

Birinchi maqola “Muqaddima”ning bevosita davomi boʻlib, “Paygʻambarning 53 yoshigacha, yaʼni uning Makkadan Madinaga qilgan hijratiga (622 yil) qadar boʻlgan tarixdan hikoya qiladi. Asarning asosiy va katta qismi ikkinchi maqola boʻlib, 622 yildan 1442 yilgacha boʻlgan voqealar sharhidan iborat.

Bizga maʼlum boshqa qoʻlyozma nusxalarda xotima uchramaydi. Bu qism muallif vatani boʻlmish Hirot shahri haqidagi baʼzi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, “Mujma ut-tavorix”da Amir Temur avlodiga bagʻishlangan “Foyda” deb ataluvchi boʻlim bor. Asarda tarixiy faktlar oʻziga xos bir yoʻsinda sharhlanganki, voqealar jarayoni bir-biriga uzviy bogʻlangan, turli-tuman tafsilotlar juda qisqa tarzda bayon qilinib, sodir boʻlgan yillari tartibi bilan joylashtirilgan. Biz uchun “Mujma ut-tavorix”ning Havofiy yashagan davrga va bunga bevosita yaqin boʻlgan yillarga oid maʼlumotlari, yaʼni asar ikkinchi maqolasining oxirgi qismi qimmatliroqdir. Shuning uchun boʻlsa kerak, asarni nashrga tayyorlagan Mahmud Farrux, asardagi 1301–1442 yillar voqealarinigina oʻz nashriga kiritgan. Shu yillarda sodir boʻlgan siyosiy voqealarga kelsak, asarda Markaziy Osiyo va Oʻrta Sharq mamlakatlarida moʻgʻullar hukmronligining inqirozga uchrab, asta-sekin yemirilib borishi, ajnabiy hukmdorlar zulmiga qarshi yerli xalqlar orasida norozlik harakatlari aks ettirilgan. 1365 yili Samarqandda tarqalgan sarbadorlar harakati tobora kuchayib, moʻgʻullar hukmronligi inqirozini tezlashtirganligi, moʻgʻullar davlati oʻrnida Temur davlatining tashkil topishi va yuksalishi kabi muhim voqealarning xulosasi qisqa-qisqa bayon etilib, oy va yillari bilan koʻrsatilgan.

“Mujma ut-tavorix”da madaniy turmushga, shoirlar, olimlar kabi oʻz davrining koʻzga koʻringan ziyolilari hayotiga oid maʼlumotlar ham juda koʻp uchraydi. Havofiy ayrim shaxslar toʻgʻrisida gapirar ekan, ularning yozib qoldirgan asarlari, vafot qilgan yili, baʼzan tugʻilgan yillarini ham albatta eslatib oʻtadi. Masalan, “Nuzhat al-arvoh” (“Ruhlar huzurida”) asarining muallifi Amir Sayyid Olim al-Husayniy vafot qilgan yilini (1318 yil, 11 dekabr) keltirib, shu bilan birga Hirotda oʻlganligini aytadi uning tasavvufda shuhrat topganligini, Bahovuddin Zakariyo Multoniyning muridi boʻlganligini va bir qancha asar yozganligini eslatadi.

Temur va Temuriylar davrida olib borilgan obodonchilik ishlari haqidagi maʼlumotlar ham diqqatga sazovordir. Bu davrda bunyod etilgan yirik madrasalar, qazilgan ariqlar va boshqa ishlarning bajarilgan yillarini ham Havofiy muntazam ravishda qayd qilib boradi. Uning maʼlumot berishicha, Amir Temur Chingizxon davrida xarobaga uchragan Banokat mavzeidagi shaharni 1382 yilda qaytadan tiklab, unga Shohruxiya deb nom bergan. Shuningdek, 1403 yili Temur Baylakon shahrini (Araks daryosining Kuraga qoʻshiladigan yerida joylashgan) ham qaytadan tiklagan va u shaharga suv keladigan Barlos kanalini qazdirgan. 1404 yili esa Shohrux farmoni bilan Hirot shahri, uning darvozalari va burjlari qayta tiklangan.

Bulardan tashqari, har xil tabiiy ofatlar, xalq boshiga tushgan qiyinchiliklar ham allomaning diqqatidan chetda qolmagan. “Mujma ut-tavorix”da 1337 yili Hirot viloyatlaridan biri boʻlmish Havofda, 1363 yili Hirotda, 1405 yili Nishopurda sodir boʻlgan zilzilalar, 1350 yili Yazdda, 1388 yili Tabrizda, 1406 yili Hirotda voqe boʻlgan ocharchilik va qahatchilik, 1345 yili Xorazmning Jurjoniyasida (Koʻhna Urganchga yaqin), 1346 yili Tabrizda, 1459 yili Ozarbayjonda tarqalgan vabo kasalligi haqidagi maʼlumotlar ham keltirilgan.

Shunisi eʼtiborga sazovorki, “Mujma ut-tavorix” muallifi oʻzi yashagan davrga oid maʼlumotlarni koʻp hollarda koʻrib bilganlari asosida yozgan, chunki u umrining anchagina qismini Temuriy hukmdorlar xizmatida oʻtkazganligi uchun, oʻz davri hayoti bilan yaqindan tanish boʻlgan, Temuriylar qoʻli ostidagi viloyatlarning aksariyatini ish jarayonida borib koʻrgan.

Havofiy voqealarni betaraf turib yoritishga harakat qilganligini tadqiqotchilar bir necha bor qayd etib oʻtganlar. V. V. Bartold bu haqda shunday yozgan edi: “Shohrux davrida Ahmad ibn muhammad Fasih al-Havofiy oʻzining saroy kirdikorlaridan xoli boʻlgan “Mujmai Fasihiy” nomli asarini yaratdi. Bu asar… katta bir tarixiy jarayonni oʻz ichiga olgan boʻlib, unda voqealar yilma-yil, birin-ketin bayon etilgan. Asar muxtasar boʻlishiga qaramay, juda foydalidir, u bizga Oʻrta Osiyo va Eron shayxlari hamda adiblari haqida yangi maʼlumotlar beradi”.

Shunday qilib, Havofiyning “Mujma ut-tavorix” asari XIV–XV asrdagi Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy va madaniy hayotiga oid qimmatli manbadir. Unda keltirilgan tarixiy voqealar, sanalar va boshqa maʼlumotlar Temur va Temuriylar davrini yanada oydinlashtirishga, bu davr tarixini yanada yaxshiroq bilishga katta yordam beradi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.