Eshqobil Shukur (1962)

0
155
marta ko‘rilgan.

Eshqobil Shukur 1962 yilning 20 iyulida Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli qishlog‘ida tug‘ildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida tahsil oldi.

O‘zbekiston televideniyesi muharriri (1985–1992), “Saodat” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari (1992–1994), Davlat matbuot qo‘mitasi bosh muharriri (1994–1995) vazifalarida ishladi. 1995 yildan “O‘zbekiston” telekanali hamda “Ma’naviyat” jurnali (2014) bosh muharriri lavozimida xizmat qiladi.

Uning ijodi o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlanib, “Qadimgi bitiktoshlarga yozuvlar”, “Mengim momoning yo‘qlovi” singari dastlabki she’rlari bilanoq tilga tushdi. Shundan so‘ng birin-ketin “Yurakni o‘rganish” (1986), “Sochlari sumbul-sumbul” (1988), “Tungi gullar” (1989), “Yashil qushlar” (1995) she’riy majmualari dunyoga keldi. “Tungi gullar” kitobi respublika yoshlar tashkilotining Usmon Nosir nomidagi mukofotiga sazovor bo‘ldi. Eshqobil Shukur “Ko‘hna bog‘ rivoyatlari” (2005), “Oqibat oqshomi”, “Padarkush” kabi nasriy asarlar hamda “Ibtido xatosi”, “Naqshband” nomli dramatik dostonlar, “Lahza siniqlari”, “Nasoyim-ul muhabbatga sayr” turkumlari, “Dunyoning ko‘chishi”, “Qo‘riqxonada”, “Pul sanayotgan odam” kabi qissa va hikoyalar muallifi hamdir. Shoirning asarlari ingliz, rus, turk, ozarbayjon va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Eshqobil Shukur 2012 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan. U “E’tirof” mukofoti sohibi (2013). 2016 yilda “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.