Dadaxon Nuriy (1943)

0
103
marta koʻrilgan.

Sirqirra ijodkor Dadaxon Nuriy 1943 yilda Namangan shahrida tugʻildi. Urushdan keyingi yillarda shahardagi 26-oʻrta maktabda, Toshkentdagi musiqa bilim yurtida oʻqishni davom ettirdi. Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini bitirdi (1960–1965).

Mehnat faoliyatini hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatrida rassomlikdan boshlaydi. Bir necha yil Toshkentdagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maxsus maktabda hind tilidan saboq beradi. Soʻng “Guliston”, “Gulxan” jurnallarida adabiy xodim, Oʻzbekiston televideniyesida muharrir boʻlib ishladi. Dastlabki “Oqshom qoʻshiqlari” kitobi 1962 yilda bosilib chiqdi. 1964 yilda “Begona” degan qissa va hikoyalar toʻplami chop qilindi. Yozuvchining “Bogʻlarda bahor” nomli qissasi esa 1969 yilda nashr qilindi. Adib hikoya va qissalar yozishda orttirgan tajribasiga tayanib, “Osmon ustuni” (1976) romanini yaratdi, “Shahar tegirmoni” (1986) qissasi alohida kitob holida chop etildi.

Dadaxon Nuriy qaysi janrga qoʻl urmasin, zamon va zamondoshlar taqdirini yoritishga harakat qiladi. Uning “Pskom osmonida qora bulutlar”, “Shahar gʻildiragi”, “Toshkentga bomba kerakmi?”, “Mushohada”, “Bizdan keyin nima qoladi?” kabi publitsistik maqolalari mavzuining dolzarbligi, hujjatliligi va fosh etuvchi quvvati bilan hozirgi oʻzbek publitsistikasining yorqin namunalaridan boʻlib qoldi.

Keyingi yillarda Dadaxon Nuriyning “Boysun junglilaridan Kandi oʻrmonlarigacha” (2001) sarguzasht asari, “Qulatilgan chinorlar panohi” (2010) qissasi, “Hindiston ming yildan soʻng”, “Pokiston “Oltin devor” tirqishidan”, “Xatarli jannat safari” (Shri Lanka haqida) asarlari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. “Niqobsiz Amerika va boshqa manzilgohlar” (2010) romani keng qamrovli, umuminsoniy mavzuga bagʻishlangani bilan oʻquvchilarda qiziqish uygʻotdi. “Xumsondan chiqqan poshsho” asari esa adibning mohir hajvchi sifatidagi mahoratidan dalolat beradi.

Dadaxon Nuriyning asarlari hind, urdu, ingliz, rus, turk, qozoq tillariga tarjima qilingan.

Adib Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi mukofotiga sazovor boʻlgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.