Begoyim Xolbekova (1962)

0
85
marta ko‘rilgan.

Begoyim Xolbekova 1962 yilning 7 aprelida Andijon viloyati Jalolquduq tumanidagi “Oyim” qishlog‘ida tug‘ildi. Andijon Davlat tillar instituti xorijiy tillar fakultetining ingliz-fors tillari bo‘limida tahsil oldi (1979–1984). Mehnat faoliyatini Shahrixon shahridagi 4-o‘rta maktabda (1984–1997) boshlab, ingliz tilidan dars berdi. Keyinchalik Andijon shahridagi “Xalqlar Do‘stligi” nomli 1-gimnaziyada oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi (1997–2004), Andijon Davlat tillar instituti xorijiy tillar fakultetida katta o‘qituvchi (2004–2010) vazifalarida xizmat qildi. 2010 yildan Andijon Davlat universiteti xorijiy tillar fakultetida katta o‘qituvchi lavozimida tadqiqotchi-doktorant vazifasida ishlab keladi.

O‘quvchilik yillaridan “Ona qishloq”, “Naychi do‘stimga”, “Dehqon amakim” kabi dastlabki she’rlari, “Chumoli va qurbaqa” kabi masallari bilan matbuotda ko‘rinib, e’tibor qozona boshlagan shoiraning “Diydor shirin” nomli birinchi kitobi 1982 yilda nashr etildi. Yurtimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng shoira ijodida ham faollik sezildi. Ona yurt sog‘inchi, istiqlol, farzandlar mehri, sevgi-muhabbat mavzularida bir-biridan go‘zal she’rlar bitib, “Muhabbat muhri” nomli navbatdagi majmuasini e’lon qildi (2011). Begoyim Xolbekova tarjima sohasida ham samarali ijod qilmoqda. U Robert Byornsning (Shotlandiya) “Yor ko‘nglining qiroliman” (2011) va Jeyms Joysning (Irlandiya) “Chirmovgul” (2010) nomli she’riy to‘plamlarini ingliz tilidan ona tilimizga o‘girdi. Shuningdek, shoira milliy she’riyatimiz namunalarini dunyoga targ‘ib etishda xam faollik ko‘rsatmoqda. U “Qalbim sizga intiladi” deb nomlangan tarjimalar to‘plamida 18 nafar o‘zbek shoirining she’rlaridan namunalarni ingliz tiliga tarjima qildi (2011). O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning saylanma asarlarini o‘zbekchadan inglizchaga o‘girib, “I was love…”, ya’ni”Men ishq edim…” degan nomda nashr ettirdi (2015).

Begoyim Xolbekova “Eng ulug‘ – eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik!” Respublika ijodiy tanlovlari mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.