Barot Boyqobilov (1937–2006)

0
182
marta koʻrilgan.

Barot Boyqobilov 1937 yili Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi Kenagas qishlogʻida tugʻildi.

Mehnat faoliyatini 1955 yilda Samarqand pedagogika bilim yurtida oʻqituvchilikdan boshladi. 1962 yilda Samarqand davlat universitetini tugatgach, 1973 yilgacha Toshkentda turli nashriyot va gazetalarda muharrir, boʻlim mudiri, bosh muharrir muovini vazifalarida ishladi. 1974–1990 yillarda masʼul lavozimlarda, 1990 yildan esa “Muloqot” jurnalining bosh muharriri vazifasida xizmat qildi.

Birinchi sheʼriy kitobi “Samarqand satrlari” (1962)dan soʻng “Visol” (1965), “Seni izlayman” (1968), “Samarqand ushshogʻi”, “Afrosiyob” (1970), “Sonetlar” (1971), “Sharq kamalagi” (1974), “Meni kuting yulduzlar” (1976), “Vatan tuprogʻi” (1982), “Sharora” (1983), “Visol va hijron” (1987), “Zamon zayli” (1987), “Kim sokin yashaydi Oʻzbekistonda” (1990) kabi qirqdan ortiq sheʼriy kitoblari, oʻndan ziyod dostonlari chop etildi.

Barot Boyqobilov sheʼriyatida sonet janri alohida oʻrin tutadi. U oʻzbek sheʼriyatida birinchi boʻlib sonetlar gulchambari va yuz sonetdan iborat “Men kashf etgan Oʻzbekiston” dostonini yaratdi. 1972 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi. “Adibning ijodiy yoʻli”, “Ijodning yulduzli onlari” (P. Shermuhamedov bilan hamkorlikda), “Sheʼriyat bongi” (A. Abdurahimov bilan hamkorlikda) monografiyalari bosilib chiqdi.

Barot Boyqobilov Movarounnahr tarixi haqida “Afrosiyob yoxud Samarqand shajarasi” (1966) nomli doston Zahiriddin Muhammad Bobur haqida “Kun va tun” (1968) sheʼriy qissa yaratdi.

Shoir ijodida Alisher Navoiy mavzusi alohida oʻrin tutadi. U 1975–1990 yillar mobaynida hazrat Alisher Navoiy yashagan va ijod etgan davrning butun murakkabliklari va qarama-qarshiliklarini qamrab olgan “Navoiynoma” (“Yangi Xamsa”) asarini yaratdiki, bu asar “Notinch Xuroson”, “Shukuhli karvon”, “Sokin Xuroson”, “Qonli Xuroson”, “Hayrat ul-Ahror” (“Erkinlar hayrati”) nomli masnaviyda yozilgan besh dostondan iborat.

Barot Boyqobilov 1994 yili Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mukofoti, 1997 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlandi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.