Bahrom Roʻzimuhammad (1961)

0
469
marta koʻrilgan.

Bahrom Roʻzimuhammad 1961 yil 10 yanvarda Xorazm viloyati, Shovot tumani, Ijtimoiyat qishlogʻida tugʻildi.

Otasi Sharifiy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan, mashqlari tuman gazetasida bosilgan edi. Sharifiy xonadonida chogʻroq kutubxona bor edi. Otasidagi bu ixlos Bahromni ham befarq qoldirmadi. Oʻn uch yoshidan boshlab sheʼrlar yoza boshladi. Ilk mashqlari Shovot tuman gazetasida (1974), “Gulxan” jurnalida (1976) bosildi.

1978 yili oʻrta maktabni tamomlab, ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdi. Talabalik chogʻida (1982) turkum sheʼrlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosildi.

Bahrom Roʻzimuhammad universitetni tugatib (1983), Shovot tuman gazetasi tahririyatiga adabiy xodimlikka ishga qabul qilindi. 1995 yilda Toshkentga qaytib, “Koʻzgu” gazetasida bir muddat faoliyat yuritdi. 1995–2000 yillarda “Oʻqituvchi” nashriyotida muharrir, katta muharrir vazifalarida xizmat qildi. Soʻng esa turli nashriyot, gazeta, jurnallarda faoliyat koʻrsatdi. “Tovushsiz qadam”, “Terakka yaqin yulduz”, “Ikki nur” “Davsaman” sheʼriy toʻplamlari nashr etildi.

B. Roʻzimuhammad germaniyalik olimalar Zigrid Klaynmixel va Ingeborg Baldauflar bilan ijodiy aloqalar oʻrnatgan. Ingeborg Baldauf Bahromning sheʼrlarini nemis tiliga oʻgirdi (“Davsaman” toʻplami 2000 yilda oʻzbek va nemis tillarida nashr qilindi).

1999 yilda shoirning “Kunduz sarhadlari” nomli saylanma kitobi chop etildi. 2006 yilda “Soyalar suhbati” nomli navbatdagi sheʼrlar toʻplami bosildi.

B. Roʻzimuhammad “Oʻzbek modern sheʼriyati” (2003) bayozini Shermurod Subhon bilan hamkorlikda tuzib, chop ettirdi. Shoir, tarjimon Aʼzam Obid bilan hamkorlikda “Ilonbaliq” (2009), “Qush tili” (2011) xalqaro antologiyalari loyihasini ishlab chiqdi. B. Roʻzimuhammadning sheʼrlari nemis, ingliz, ispan, fransuz, hind, rus, turk, ozarbayjon, turkman, qoraqalpoq tillariga oʻgirilgan. Bir turkum sheʼrlari xalqaro nufuzli antologiyalarga kiritilgan.

U adabiy tanqidchilik sohasida ham qalam tebratib, “Choʻlpon – tong yulduzi demak” (1997) risolasini yozdi.

Tarjimon sifatida B. Roʻzimuhammad qoraqalpoq shoiri S. Ibrohimov sheʼrlarini, XX asr nemis modern sheʼriyatining yirik vakillari sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Nemiszabon xorvat shoirasi Maritsa Bodrojich sheʼrlarini M. Akbarov bilan hamkorlikda asliyatdan oʻgirdi. Tarjimalaridan namunalar “XX asr jahon sheʼriyati” antologiyasiga kiritildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.