Azizxon Qayumov (1926–2018)

0
613
marta koʻrilgan.

Qoʻqonlik mashhur oʻqituvchi Poʻlatjon Qayyumiy xonadonida 1926 yilning 19 yanvar kuni dunyoga kelgan Azizxon oilada uchinchi farzand, ikkinchi oʻgʻil edi. Bu maʼrifatparvar oiladan keyinchalik ikki mashhur adabiyotshunos yetishib chiqishi bejiz boʻlmagan. A. Qayumov Qoʻqondagi 3-oʻrta maktabda mohir muallimlar qoʻlida tahsil koʻrish bilan birga, bolalikdan sheʼrga havasi tufayli Oʻzbekiston xalq shoiri Charxiy domlaga ham shogird boʻlgandi. II Jahon urushi yillarida Oʻrta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi OʻzMU)ning sharq tillari fakulteti (hozirgi ToshShI)ga oʻqishga kiradi (1944). Bu yerda ham Bertels, Arends kabi mashhur sharqshunoslardan taʼlim oladi. Akademik V. Yu. Zohidov yosh Azizxondagi iqtidorni koʻrgach, u hali talaba ekaniga qaramay, OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga ishga taklif qiladi va shu yerda u ish faoliyatini ilmiy xodim, ilmiy kotib boʻlib davom ettiradi (1949–1957). V. Zohidov bilan A. Qayumovning samimiy ustoz-shogirdligi esa bir umr davom etdi.

Keyinchalik Aziz Poʻlatovich fan, taʼlim va madaniyat sohasidagi turli yuqori lavozimlarda (Til va adabiyot instituti direktori, Oʻzbekiston MKda boʻlim mudiri, Madaniyat vaziri, Kinematografiya davlat Qoʻmitasi raisi, Madaniyat instituti rektori) ishlagan yillarida doimo oʻzbek fani, madaniyati va maʼrifati yoʻnalishida halol va samarali ishlarni amalga oshirib bordi. OʻzR FA (sobiq) H. Sulaymon nomli Qoʻlyozmalar institutidagi koʻp yillik (1979–1998) rahbarligi davomida esa adabiy manbashunoslik va matnshunoslik sohasida oʻziga xos ilmiy maktab va muhit yarata oldi. Hozirda Respublikamizning turli ilmiy tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim dargohlarida mehnat qilib, fan va maorif rivojiga hissa qoʻshgan va qoʻshib kelayotgan koʻplab olimlar chin maʼnoda domlaning shogirdlaridir. Ustoz Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim sifatida yoshlarga murabbiylik qilib va ilmiy jabhada oʻrnak boʻlib keldilar.

1954 yilda nomzodlik, 1962 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Azizxon Qayumov 1995 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Ustoz A. Qayumov qamrovi keng olim edi. U adabiy merosimizning koʻp asrlik sahifalari bilan yosh avlodni bahramand qilishdek ezgu maqsadni koʻp yillardan beri amalga oshirib kelmoqda. Olim yaratgan asarlarda ilk turkiy yozma yodgorliklardan tortib, to XIX asrning oxirigacha boʻlgan oʻzbek adabiyotiga daxldor materiallar tadqiq etilgan. Masalan, ustoz “Oʻzbek adabiyoti tarixi” besh jild jildligining (1977–1979) mualliflaridan biri, “Maxmur” (1956), “Hoziq” (1957), “Gʻoziy” (1959), “Qoʻqon adabiy muhiti (XVIII-XIX asrlar)” (1961); qadimiy yozma yodgorliklar tadqiqiga oid – “Qadimiyat obidalari” (1972), “Beruniy va adabiy ijod” (1973), “Beruniy va Ibn Sino” (1987); Alisher Navoiy ijodiyotiga doir – “Saddi Iskandariy” (1975), “Hayratul-abror talqini” (1977), “Farhod va Shirin sirlari” (1979), “Ishq vodiysi chechaklari” (1985), “Alisher Navoiy” (1976,1991), “Nodir sahifalar” (1991), “Bu ohang ila boʻlgʻasen Naqshband” (1993); Bobur haqida – “Bobur ijodiyoti” (S. Hasanov bilan hammualliflikda) monografiyasi (2007), “Zahiriddin Muhammad Bobur” (2008), “Bobur davridagi Andijon adabiy muhiti” (2009) kitob va risolalarini eʼlon qildi; yana, olimning Ahmad Fargʻoniy, Najmiddin Kubro, Amir Temur, Abdurahmon Jomiy, Ogahiy, Furqat hayoti va ijodiga oid asarlari ham keng eʼtibor qozongan.

Mumtoz asarlarimizni nashr ettirib, targʻib qilishda ham oldingi saflarda A. Qayumov boʻlgan. Sobiq shoʻro davrida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi va ijodiga munosabat sovuq boʻlgan bir paytda uning sheʼrlarini Oʻzbekistondagi alohida kitob holidagi ilk ikki (1957,1958) nashri va asarlarining 3 jildligi birinchisi (S. Azimjonova bilan, 1965) A. Qayumov tomonidan amalga oshirilgan. Ilk bora Maxmur, Uvaysiy, Nodira sheʼrlari, P. Qayyumiyning ikki tazkirasi hamda “Qoʻqon tarixi va uning adabiyoti” asarlarini nashrga tayyorladi, adabiy merosimizning koʻpgina nashrlariga ham muharrirlik qildi. Yana, oʻtgan asrda Ibn Sino “Tib qonunlari”ni arabchadan tarjima qilishda qatnashgan boʻlsa, uning ilmiy tahriri ostida chop etilgan Qoʻlyozmalar institutining ikki jildlik rus tilidagi katalogi (1988–89) xalqaro Imom Buxoriy mukofotiga sazovor boʻlgan (1998). Shuningdek, Moskvada nashr etilgan “Biblioteka mirovoy literatruriʼ” va “Biblioteka poeta. Bolshaya seriya” kitoblariga ham aynan A. Qayumov Navoiy asarlarini rus tilida tayyorlab bergan. Shuningdek, YUNYeSKO tomonidan chop etilgan “Dunyo adabiyoti” va “Markaziy Osiyo madaniyati” kitoblarining adabiyot qismi ustoz tomonidan yozilgan (Fransiya, 2000).

A. Qayumov domlaning milliy adabiyotshunosligimiz tadqiqiga munosib hissa boʻlib qoʻshilgan uzoq yillik izlanishlari uning 10 jild (12 kitob)dan iborat asarlarida oʻz aksini topgan, deyish mumkin (Toshkent: Mumtoz so‘z, 2008–2013). Taʼkidlash kerakki, nafaqat oʻzbek balki, dunyo adabiyotshunoslari orasida ham bunday koʻp jildlik asarlari bosilgan olim juda kam topiladi.

Olim Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini oʻrganishga bir necha jild bagʻishlagan. U XX asr navoiyshunosligida eng sermaxsul mutaxassislardan biridir. “Asarlar”ning 1-jildi (ikki kitob)ga ulugʻ shoirning muazzam asari “Xamsa” dostonlarini tadqiq etilgan asarlarini kiritgan. Lekin, “Xamsa”ga bagʻishlangan yana bir tadqiqot “Xamsa sarlavhalari” 3-jilddan oʻrin olgan boʻlib, bu asarlar hammasi yaxlit holda buyuk mutafakkirning muhtasham dostonlari borasida yorqin tasavvur uygʻota olgan. Muallifning Navoiy lirik merosi (“Xazoyin-ul-maoniy” va yana avvalgi ikki devon) haqidagi asarlari ham qiziqarli boʻlib, ularda “Badoyiʼ-ul-bidoya”, “Navodir-un-nihoya”, “Badoyeʼ-ul-vasat”, “Favoyid-ul-kibar” devonlarining tarkibi, gʻazal va boshqa janrdagi asarlarning badiiyati va maʼno-mazmunlari haqida bayon qilingan (2-, 3–va 4-jildlar).

“Asarlar”ning beshinchi jildi – Bobur, oltinchi – XVI asr oʻzbek adabiyoti va Huvaydo, yettinchi – Qoʻqon adabiy muhiti, sakkizinchi – Ogahiy, Komil va Furqat, toʻqqizinchisi al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Beruniy va Ibn Sinoga bagʻishlangan boʻlsa, oʻninchi jild esa qadimgi yozma yodgorliklar, Amir Temur haqida qissalar, Shohruh va Ulugʻbek Mirzo, hamda Hindistondagi turkiy adabiyot haqidadir.

Eslatish joizki, muallif avval yaratgan ayrim asarlariga tanqidiy qarab, bir qancha tahrirlar bilan ushbu koʻp jildlikka kiritgan. Bu esa uning ilmiy ishga keng va xolis yondashuvidan dalolatdir. Misol uchun, A. Qayumovning 1961 yil doktorlik dissertatsiyasiga asos boʻlgan Qoʻqon adabiy muhiti haqidagi asari bilan “Asarlar” tarkibidagi ikki kitobdan iborat shu nomli tadqiqot oʻrtasida ancha farq bor. Bu nashrda keyin aniqlangan yangi maʼlumotlar bilan birga yangicha qarashlar ham oʻz aksini topgan.

Oʻrni kelganda shuni ham taʼkidlash kerak, A. Qayumov koʻp jildligidagi asarlarning barchasi ham sof ilmiy tadqiqot emas. Ulardan bir qanchasi esse yoki badia, hattoki hikoya xarakteriga ega asarlardir. Misol uchun, “Alisher Navoiy. Mashhur siymolar hayoti” (4-j., 185-194-betlar), “Zahiriddin Muhammad Bobur. Shoir hayoti lavhalari” (5-j., 206-258-betlar), “Chimyonli shoir Huvaydo” (6-j., 192-294-betlar), “Shoir Furqat” (8-j., 111-287-betlar), “Ahmad Fargʻoniy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Abu Ali ibn Sino” (8-j.) esse va biografik qissalardir. 8-jilddan esa olimning “Beruniy izidan” nomli hikoyasi ham oʻrin olgan boʻlib, unda alloma merosi bilan qiziquvchi zamonaviy yoshlar haqida sof badiiy asar yaratilgan. Yaʼni, bu oʻrinlarda A. Qayumovning olimlik bilan birga yozuvchilik mahorati ham koʻrinadi. Misol uchun, uning “Shoir Furqat” nomli tarixiy essesi ijodkor haqida yozilgan boshqa tadqiq va asarlardan ancha farq qiladi. Unda muallif shoirning hayot va ijod yoʻlini biografik materiallar asosida yoritib berishga harakat qiladi. Shu bilan bir qatorda badiiy toʻqima va lirik chekinishlar asarni oʻzgacha tusga kiritadi, tez va oson tushunarli boʻlishiga omil boʻladi. Goʻyoki, A. Qayumov Furqatni shoir sifatidagi oʻrniga diqqat qiladi, hayotini esa yoʻl-yoʻlakay goh biografik, goh toʻqima voqealar orqali yoritib boradi. Biroq, shoir haqidagi “Sheʼriyat jilolari” (1997) tadqiqot esa olimning furqatshunoslikka qoʻshgan muhim natijalardan biri boʻlgan edi.

Umuman aytganda, akademik A. Qayumovning nashr etilgan jami kitob, risola va maqolalarining adadi 500 dan ortiq. Ustoz olim ilmiy kadrlar tayyorlash sohasida ham samarali ishlagan. Bir necha yil Qoʻlyozmalar instituti qoshidagi ixtisoslashgan kengashga raislik qilib, juda koʻplab munosib tadqiqot va olimlarning kashf etilishiga sabab boʻldi. Oʻzi ham oʻndan ziyod nomzodlik va doktorlik ishlariga rahbarlik qilgan.

Shuningdek, Azizxon domla isteʼdodli shoir ham edi. Uning “Aziziy” taxallusi bilan yozilgan koʻplab sheʼrlari, jumladan Navoiy gʻazallariga qilingan oʻnlab muxammaslari eʼtirofga sazovordir (Navoiyga taʼzim. 1 va ikkinchi kitoblar, 2003–2005).

Ustozning ajoyib va ibratli xislatlaridan yana biri ustozlarga doimo sadoqatidir. U kishining qalamiga mansub “Akademik Gʻafur Gʻulom”, “Akademik Oybek”, “Akademik V. Zohidov” va yana XX asrda nom qozongan bir qator taniqli olimlar haqidagi xotira-risolalari ham jamoatchilik eʼtiboriga tushgan.

Shu bilan birga, A. P. Qayumovning Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputati (1995–2000) sifatidagi xizmatlari, “Milliy tiklanish” partiyasi safidagi jonbozliklari ham ziyolilarga yaxshi maʼlum.

Muhtaram olim bunday sermahsul ilmiy-maʼrifiy va jamoatchilik faoliyati uchun Beruniy nomidagi Davlat mukofoti (1980), “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni (1983), “Shuhrat” medali (1996), “El-yurt hurmati” (2003) va “Buyuk xizmatlari uchun” (2014) ordenlari bilan taqdirlangan.

Akademik Azizxon Qayumov 2018 yil 17 fevral kuni vafot etdi.

 

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi sayti maʼlumotlari asosida tayyorlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.