Aziz Abdurazzoq (1928–2007)

0
818
marta ko‘rilgan.

Aziz Abdurazzoq 1928 yili Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng madaniy-oqartuv bilim yurtida tahsil olgan. Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida o‘qigan. U ko‘p kasbdoshlari kabi jurnalist sifatida gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatdi.

Shoirning ijodi o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlangan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami 1959 yili “Do‘stlarimga” nomi bilan chop etiladi. Shundan so‘ng “Yana bahor” (1961), “Mavj” (1965), “Bodom gulladi” (1965), “Lirika” (1970), “Aziz odamlar” (1975), “Sho‘x yomg‘ir” (1977), “Qalb nuri” (1978) kabi to‘plamlari nashr etildi. “Qalb nuri” to‘plami shoirning 50 yilligi munosabati bilan saylanma tarzida e’lon qilingan.

Aziz Abdurazzoq “O‘roq va xanjar” she’rida: “Yonmoqdamen, yonmoqdamen, bu ayondir, do‘stim bo‘lsang, xalal berma, sen ham yongin” ‒ deya zamondoshlarini yaratishga, bunyodkorlikka chorlagan. O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la aytganidek: “Aziz she’rlaridan non hidi keladi, o‘zi kezib o‘tgan bog‘lar, dala-dashtlar hidi keladi”.

Aziz Abdurazzoq bolalar uchun ham ijod qildi. Uning bolalar uchun “Oh, qanday shirin” (1977), “Qiz va lola” (1979), “Tap-tap elak” (1981) kabi qator asarlari chop etilgan. Ularda beg‘ubor yoshlik manzaralari goh quvnoq, goh kulgili, goh kinoyali tarzda o‘z ifodasini topgan.

Kattalar uchun yozilgan asarlarida o‘zbek xalqining milliy xususiyatlarini ifodalovchi hazil-mutoyiba ba’zan achchiq kinoya bilan almashib turadi. Kitobxonga katta zavq-shavq bag‘ishlashdan tashqari, uni hushyorlikka, shijoatga chorlaydi.

Shundan so‘ng uning “Yostiqdan chiqqan ertaklar” (1988), “Bog‘da bitgan ertaklar” (1989), “To‘rt og‘ayni botirlar” (1989), “Ming chinor” (1995) she’riy to‘plamlari bosilib chiqqan.

Aziz Abdurazzoq tarjimon sifatida M. Lermontov, T. Shevchenkolarning ayrim she’rlarini hamda amerikalik mashhur shoir G. Longfelloning “Gayavata haqida qo‘shiq” dostonini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.