Avaz Oʻtar (1884-1919)

0
1402
marta koʻrilgan.

Avaz Oʻtar oʻgʻli 1884 yilning avgust oyida Xiva shahrida, sartarosh oilasida dunyoga keldi. Shoirning otasi Polvonniyoz Oʻtar Gadoyniyoz oʻgʻli xalq orasida “usta” nomi bilan mashhur boʻlib, zamonasining mashhur shoir va sanʼatkorlaridan Ogahiy, Komil, Bayoniy kabilar bilan qalin doʻst boʻlgan. U saroyda sartaroshlik kilgan.

Avaz dastlab maktabda, keyin esa Madamin Inoq madrasasida tahsil oladi. Avazning adabiyotga havasi juda erta uygʻonib, madrasada oʻqib yurgan davridayoq Sharq adabiyoti mumtoz vakillaridan Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Alisher Navoiylarning ijodi bilan yaqindan tanishdi va ularga ergashib mashqiy sheʼrlar yoza boshladi. Avaz tez orada xalq oʻrtasida tanilib, sheʼrlari sozanda va xonandalar tomonidan kuyga solinib qoʻshiq boʻlib aytila boshlanadi.

Shoirning ustozlari Bayoniy, Tabibiy, zamondoshi Jumaniyoz Xivaqiy, doʻsti Hasanmurod Qori – Laffasiy va boshqalar uning isteʼdodiga yuksak baho berganlar. Yosh shoir Avaz Oʻtar haqidagi bu xildagi maʼlumotlar Xiva xoni Muhammad Rahim soniy – Feruz qulogʻiga yetib boradi va Avazni saroyga chaqirtirib, Tabibiyga shogird qilib topshiradi. Tabibiy juda koʻp ilm ahliga gʻamxoʻrlikqilganidek Avazga ham axloq, ilm va sheʼriyat bobida koʻp narsa oʻrgatadi. Shuning uchun shoir turli davrlarda yozilgan sheʼrlarida Tabibiyni oʻziga ustoz bilib zoʻr hurmat bilan tilga oladi.

 

Ne gʻam emdi, Avaz, nazm ilmida boʻlsang Tabibiydek,

Ki derlar, koʻrgan el nazmingni ustodingga sallomno.

 

Avaz kamolotga yetgan bir paytda sil kasaliga chalinadi va davolanish uchun Kavkazga (1905–1906) boradi. Avaz Oʻtar Kavkazga borayotib Bokuda bir oz muddat toʻxtaydi. Bokuda shoir ozarbayjon demokratlari bilan uchrashib doʻstlashadi va ular bilan keyin ham ijodiy aloqada boʻladi. Kavkaz safari Avaz ijodida alohida ahamiyatga ega boʻldi. U safar davomida Rusiya va Kavkaz xalqlari hayoti, madaniyati, adabiyoti va boshqalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻddi, ozarbayjon xalqining ilm-fan, madaniyat yangiliklari bilan qiziqdi. U rus, ozarbayjon, tatar tillarida chiqadigan gazetalarni muntazam ravishda kuzatib bordi. Toshkent va Samarqandda chop etilgan matbuot bilan bevosita aloqada boʻlib, yozgan gʻazallaridan baʼzilarini ularda nashr ham ettirdi.

Shoir ijodi juda ham rang-barang boʻlib, qamrovi nihoyatda keng edi. U mumtoz adabiyotimizdagi gʻazal, muxammas, mustazod, musamman, murabbaʼ, mulammaʼ, tarjeʼband, soqiynoma, ruboiy, qitʼa, fard kabi turlarida ijod qildi. Avaz Oʻtar nihoyatda qisqa umr koʻrdi. U 1919 yilda 36 yoshda vafot etdi. Uning bu qisqa umri ham mashaqqatlar, fojealar bilan oʻtdi.

Avaz Oʻtardan bizga boy poetik meros qoldi. U hayotlik vaqtidayoq sheʼrlarini bir joyga jamlab devon tartib qildi va ularni “Saodat ul-iqbol” (“Baxtli iqbol”) deb nomladi. Shoir tuzgan devonlarini 1908 yilda xattot mulla Boltaniyoz Qurbonniyoz oʻgʻliga berib koʻchirtirgan. Shoirning bu devonlari OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharkshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.Bundan keyin ham Avazning sheʼrlari toʻplanib, ular devon holiga keltirilgan. Uning gʻazallari Xivada litografiya usulida ham oʻzi hayot vaqtidayoq chop etilgan edi. Avaz ijodidan namunalar Xorazmda koʻchirilgan turli xil bayoz va tazkiralardan munosiboʻrin oldi. Shoirning asarlari “Oyna”, “Vaqt”, “Mullo Nasriddin” kabi vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan. Inson va hayotni, sevgi va sadoqatni oʻz ijodining asosi qilib olgan Avaz sevgini sadoqatsiz, mehrni oqibatsiz tasavvur qilolmaydi. Bu esapyuir lirikasining yetakchi gʻoyaviy asosini tashkil kiladi. Avaz Oʻtarning Fuzuliy, Munis, Ogahiy, Komil, Feruz va boshqa shoirlarning gʻazallariga bogʻlangan taxmislari haqida hamshu xildagi fikrlarni aytish mumkin. Shoir ozarbayjon adabiyotining buyuk siymosi Muhammad Fuzuliyning hur muhabbat va shaxs erkinligi masalasiga bagʻishlangan “Yozmishlar” radifli gʻazaliga goʻzal muxammas bogʻlaydi. Muxammasda shoir insonlarning baxtli boʻlishlari ijtimoiy tuzum bilan ham mustahkam bogʻliq degan xulosaga keladi.

Maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng targʻib etish Avaz Oʻtar ijodiga xos xususiyatlardan biridir. Bu uning “Til”, “Maktab”, “Xalq”, “Fidoiy xalqim”, “Topar ekan qachon?” degan sheʼrlarida yaqqol koʻrinadi:

 

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositayi robitayi olamiyondur.

 

Gʻayri tilni saʼy qiling bilgali yoshlar,

Kim ilmu hunarlar bilingki ondin ayondur.

 

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,

Bilmakka oni gʻayrat eting, foydaga kondur.

 

Bu gʻazal bugun yozilgandek, davr kun tartibiga qoʻygan buyuk ishlar haqida fikr yuritayotgandek bizga xizmat qiladi.

Avaz Oʻtarning hajviy asarlarida esa chor chinovniklari va mahalliy amaddorlar, davlat orttirish yoʻlida aldamchilik, riyokorlik kiluvchi boylar, sudxoʻrlar va shularga oʻxshash razil shaxslarning qilmishlari fosh etilgan.

Avaz Oʻtar bir qator asarlarida ijtimoiy tengsizlikni vauning keskinlashib borayotganligini haqqoniy tasvirlab, falakni “gʻaddor”, zamonani esa “kaj” deb ataydi. Shoir ijtimoiy ruhdagi sheʼrlarida oʻzining ozodlik, baxtli hayot haqidagi qarashlarini bayon qilgan. “Hurriyat”, “Sipohiylarga”, “Xalq”, “Topar ekan qachon?”“Fidoyi xalqim”, “Ulamolarga” kabi qator asarlarida Avaz Oʻtarning kelajak xususidagi fikrlari oʻz aksini topgan.

Avaz Oʻtar ijtimoiy sheʼriyati zamirida zulm va zoʻravonlik hisobiga toʻplangan boyliklarga nafrat, ikki tomonlama zulm ostida qolgan mehnatkash xalq hayotiga achinish tuygʻusi yotadi. Shoir oʻsha jamiyatda yashab turgan kishilar oʻrtasidagi tafovutlarni, qarama-qarshiliklarni roʻy-rost ochib tashlaydi.

Chor Rusiyasining birinchi jahon urushiga qoʻshilishi xorazmliklar boshiga ham yangidan-yangi kulfatlarni yogʻdirdi. Mehnatkash xalq ahvoli battar ogʻirlashdi, soliqlarning koʻpligidan xalqning tinkasi quridi. Avaz Oʻtar och-yalangʻoch ahvolga tushib qolgan xalq hayotini qoʻrib qattiq achinadi:

 

Yoʻq jahon mulkida bizdek ojizu bechora xalq,

Zulm tigʻi birla boʻlgʻan bagʻri yuz ming pora xalq…

Ey Avaz, boʻlmas muningdek barho ovvora xalq.

 

Avaz Oʻtar oʻz ijodining dastlabki davrlarida xalqning azob-uqubatdayashaganligini koʻrib zorlangan va ozodlikka chiqish yoʻllarini tushunib yetmagan boʻlsa, endi ikki tomonlama zulm va qoloqlikdan qutulish mumkin ekanligini angladi. Uning ijodida ozodlik, erkin-farovon hayot haqidagi fikrlar birinchi oʻringa chiqdi. Xivada 1917 yil aprel oyida xalq ozodlik uchun chorizm siyosatiga qarshi kurashga otlandi. Avaz Oʻtar bu voqealarga bagʻishlab oʻzining “Hurriyat” sheʼrini yozdi:

 

Siyosat mahv boʻldi, yashasun olamda hurriyat,

Bori el ittifoq ila jahonni aylasun jannat…

 

Shoir sheʼrda hurriyat natijasida xalq boshiga tushgan kulfatni, adolatsizlikni kuyinib kuylaydi. Isfandiyorxon hurriyat natijasida “sodiq fuqarolarima idorai mashrutiya berdim. Olar oʻzlari tilagancha mamlakatni idora qilsun, ham fuqarolarning maslahati bilan saylov qilib huqumat ishlarini xalq tilagan odil odamlarni tayin qilsunlar” deb farmon chiqaradi. Lekin chorizm bunga qarshi general Mirbadalov qoʻshinlarini Xivaga yubordi va ular Idorai mashrutaga saylangan vakillarni mahv qildilar, qoʻzgʻalon koʻtargan xalqdan qattiq oʻch oldilar. Bunda Avaz xalq manfaatlarini himoya qilib sheʼrlar yozdi. Elning orzu-umidlarini hamma narsadan yuqori qoʻydi. Xalq saodati uchun kurashishni baxt va ezgulik deb bildi. Bu ezgu ish uchun jonini qurbon qilishga ham tayyor edi:

 

Fidoyi xalqim oʻlsun tanda jonim,

Boʻlub qurbon anga ruhi ravonim,

 

Gar oʻlsam darbadar mazlumlar uchun,

Buddur maqsadi qalbi notavonim.

 

Mani solsa fano yoʻliga davron,

Yurur ustimdan avlodi zamonim.

 

Na yaxshi oʻylakim maʼqulu manzur,

Avaz, xalqim uchun toʻkulsa qonim.

 

Avaz Oʻtar oʻzining butun ijodiy kuchini xalqiga xizmat qilishga bagʻishladi. Shoir kishilarga baxt-saodat, ozodlik haqida yonib kuyladi. Shu boisdan boʻlsa kerak, oʻzining devoniga ramziy maʼnoda “Saodat ul-iqbol” deb nom qoʻydi. U vafotidan sal ilgari yozgan sheʼrlaridan birida:

 

Xush oʻl, koʻnglum, kelar bir qun baxt bogʻidagi raʼno,

Koʻkargay mavj urub, qirlarda lola boʻlgusi paydo.

 

Mani yod etgay avlodim, mozorimni oʻrab guldin,

Ishonchim shundadir boʻlgʻay mozarim bir ziyoratgoh.

 

Qabih onlarda erkin kuyladim, doʻstlar, birodarlar,

Ezilgan elga, boʻlgʻay bu zamon iqbol yorugʻ dargoh.

 

Avaz, oʻlgan bilan jisming, qolurki oʻchmagay noming,

Va komu istaginshga gʻov boʻlolmas boʻlsa-da Doro!

 

– deb yozganida tamoman haq gapni aytgan edi. Shoirning bu istagi va yoniq orzulari bizning davrimizda roʻyobga chiqdi. Hozir Avaz Oʻtar oʻzining ikkinchi umrini yashamoqda. Uning nomiga maktab, muassasa, jamoa va davlat xoʻjaliklari, koʻcha va xiyobonlar qoʻyilgan. Shoir yubileylari oʻtkazilib, kitoblari qayta-qayta nashr etilmoqda, gʻazallari sozanda va goʻyandalar tomonidan ashula qilib aytilmoqda, adabiy merosi olimlarimiz tomonidan oʻrganilmoqda, ijodi maktab va oliy oʻquv yurtlarida oʻqitilmoqda.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.