Amin Umariy (1913–1942)

0
120
marta koʻrilgan.

Oʻzbek adabiyotining koʻzga koʻringan vakillaridan Amin Umariy 1913 yili Qoʻqonda, xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Otasi Umar aka eski maktablarda muallimlik qilgan, onasi Nisobibi oʻz davrining ziyoli ayollaridan hisoblanar edi. Amin Umariy ana shunday ziyoli oilada tarbiya koʻrdi.

U oʻrta maktabni tugatib, 1930 yilda Samarqand Pedakademiyasiga oʻqishga kirdi, uni 1935 yilda aʼlo baholar bilan yakunladi. Bu yerda u H. Olimjon, Uygʻun, Oydin kabi isteʼdodli adiblar bilan hamnafas boʻladi. 1937 yilda Samarqanddan Toshkentga koʻchib keladi va shu yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinadi.

Uning ilk sheʼri “Salom, maktab!” 1930 yilda, “Yangroq sadolar” nomli birinchi toʻplami esa 1932 yilda nashr etiladi. Toʻplamdagi koʻpgina sheʼrlarda oʻsha davr uchun dolzarb boʻlgan mavzular yetakchilik qiladi. Jumladan, “Qaynayotgan seximiz” sheʼrida sanoat mavzui, “Zarbachi yerlar” sheʼrida maʼrifat mavzui oʻz aksini topadi.

1933 yilga kelib Amin Umariyning “Davr tantanasi” nomli ikkinchi sheʼriy toʻplami yuzaga keladi. Mazkur toʻplamdagi sheʼrlar ancha puxta, mavzui jihatidan boy edi. Uning “Yoshlik” (1935) toʻplami shoir ijodidagi koʻtarilishdan darak beradi. “Farzand” (1937), “Sadoqat” (1938), “Qoʻshiqlar”, “Ijod bogʻida” kabi toʻplamlari ketma-ket yaratildi. Shoir bu yillarda Toshkent pedagogika institutida muallimlik qildi. “Guliston” jurnalida, Oʻzbekiston Davlat nashriyotida faollik koʻrsatdi, tarjimon va munaqqid sifatida qalam tebratdi.

Amin Umariy “Sheʼrlar”, “Bolalik qoʻshiqlari”, “Ovozim”, “Quyosh jarchisi” (1939–1941) kabi toʻplamlar nashr qildi, bolalar shoiri sifatida “Bolalik qoʻshiqlari” (1938) kitobini chop ettirdi. Amin Umariy urush yillarida yana ham jonbozlik koʻrsatib, oʻsha davrning jangovar ruhi bilan sugʻorilgan “Qasamyod” (1942) sheʼriy toʻplamini yaratdi. U dramaturg sifatida K. Yashin bilan birga “Hamza” (1941), Tuygʻun bilan birga “Qasos” dramalarini yozdi.

“Asad” (1932), “Qozon yoʻli” (1938), “Toshotar” (1939) kabi hikoya va ocherklar toʻplamlarini ham eʼlon qildi. Shoir va dramaturg, yozuvchi va tarjimon Amin Umariy ijodi avji qaynagan davrda, 1942 yil 14 noyabrda ogʻir xastalikdan bevaqt vafot etdi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.