Abu Abdulloh Rudakiy (860-941)

0
392
marta koʻrilgan.

Abu Abdulloh Jaʼfar Rudakiy taxminan hijriy 243 (860) yilda Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlogʻida, dehqon oilasida tugʻildi. Bu davrda Movarounnahr Eron, Hindiston, Xitoy, Misr va Suriya bilan savdo va madaniy aloqalarni yaxshi yoʻlga qoʻygan edi.

X asrda Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Nishopur, Balx, zarafshon vodiysining yuqori qismi hunarmandchilik, savdo va madaniy markazlarga aylangan edi. Ayniqsa, Buxoro shahri IX–X asrlardayoq Sharqning eng yirik madaniy markazlaridan biri boʻlgan.

Rudakiy yoshligidanoq sheʼriyatga ixlos qoʻydi, oʻz zamonasining mashhur cholgʻuchisi Abul Abbos Baxtiyor qoʻlida musiqadan maʼlumot oldi. Dastlabki maʼlumotni oʻz qishlogʻida olgan Rudakiy oʻqish uchun Samarqandga bordi. U yerda chuqur bilim olib, tez orada ada-biyot va sanʼat sohasida ham dong chiqarishga muvaffaq boʻldi.

Buxoro hukmdori Nasr II ibn Ahmad Somoniy (914–943 yillarda hukmronlik qilgan) davrida Rudakiyning shoirlik shuhrati Buxoro va umuman Sharqqa keng tarqaldi. Rudakiy asarlariga eʼtibor berilsa, uning astronomiya va qadimgi yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini koʻrish mumkin.

Somoniylar davlatining koʻzga koʻringan davlat arbobi, Nasr II ibn Ahmadning yaqin doʻsti Abufazl Balʼamiy Rudakiy haqida “U faqat mashhur shoir boʻlibgina qolmay, balki oʻz davrining yetuk olimi ham edi”, deb baho bergan.

Nasr II ibn Ahmad Somoniy Rudakiyni oʻz saroyiga taklif etgandan soʻng, uning hayotining koʻp qismi Buxoroda oʻtdi. Uning koʻzi ojiz boʻlgan. Qadimgi manbalarda, uning onadan koʻr tugʻilganligi haqida naqllar bor. Baʼzi olimlarning fikricha, u saroydan quvilishi oldidan koʻziga mil tortib koʻr qilingan. Rudakiy qarigan chogʻida quvgʻinga uchragan, oʻz qishlogʻiga qaytib faqirliqda umr kechirgan. U 941 yilda olamdan koʻz yumdi va oʻz vatanida dafn etildi. Bu joy xalqning ziyoratgohiga aylandi.

Rudakiyning adabiy merosidan bizgacha ming bayt yetib kelgan (2 qasida, 50 ruboiy, sheʼrlar, doston va boshqalar). Ammo XII asr shoiri Rashid Samarqandiyning taʼkidlashicha, bironta shoir Rudakiy singari koʻp asar yozgan emas. Baʼzi olimlarning fikricha, Rudakiy bir million uch yuz ming misra sheʼr yozgan. Muhammad Avfiyning xabar berishicha, Rudakiy yuzta toʻplam (daftar) yozgan.

As-Somoniyning “Kitob ul-ansab” asarida keltirilishicha “Rudakiyning sheʼrlar toʻplami Ajam (arablar yashamaydigan) mamlakatlarda mashhur. Aytishlaricha, Rudakiy birinchi boʻlib fors tilida sheʼr yozgan shoirlardandir”, deyilgan. Shuning uchun ham Nasr II ibn Ahmad Somoniy uning vazirlari va harbiy boshliqpari unga qimmatbaho sovgʻalar berar edilar. Shu tufayli Rudakiy katta boylikka ega boʻlgan. Ammo u butun diqqat-eʼtiborini sheʼriyatga va fanga qaratgan. Rudakiy sheʼriyat vazifasini kishilar qalbiga taʼsir etish, “sangu-sandon yuraklarni mum kabi yumshatish” deb bildi. Uning asarlarida xalqchil gʻoyalar kuchli. Qadimgi manbalarda Rudakiyning “Oftob davroni”, “Arois an-nafois” (“Na-fis kurtaklar”) va “Sinbodnoma” dostonlari boʻlganligi haqida maʼlumotlar uchraydi.

Rudakiyning kasidalaridan “Modari man”, “Dar vasfi Buxoro” va “Shikoyat az piri” (“Qarilikdan shikoyat”) bizgacha yetib kelgan. Rudakiyning ijodida X asrning ijtimoiy hayoti oʻz aksini topgan. Uning hamma asarlarida xalqning orzu-umidlari, manfaatlari ifoda qilingan.

Rudakiyning axloqqa oid asarlarida aql-idrok, xulq-atvor va bilim asosiy oʻrinni egallagan. Mutafakkir bilimni hamma boyliklardan ustun qoʻyadi. Uning ayrim nasihatlari insonning qanday holatda baxtli boʻlish sharoitlarini aniqlashga yordam beradi. Rudakiyning fikricha, insonning toʻla baxtga ega boʻlishi uchun toʻrt narsa kerak sogʻliq, yaxshi odob, yaxshi nom va aql. U insonlarni voqealarning ichki mohiyatidan uning tashqi tomonini ajrata bilishga chaqiradi. U yaxishlik, saxiylik va ulugʻvorlikni targʻib qiladi.

Rudakiyning tabiat goʻzalliklarini ifoda etgan asarlari juda jozibalidir. Uning asarlarida Vatanga, xalqqa muhabbat mavzularigina yoritilmay, keng falsafiy fikrlar ham bayon etilgan. Masalan, “Qariliqdan shikoyat” asarida moddalar bir shakldan ikkinchi shaklga oʻtishini hamda yoʻq boʻlib ketmasligini taʼkiddaydi.

Buyuk mutafakkir kishilar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro hamkorlik kishilik jamiyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini bir necha bor taʼkidlab oʻtgan. Uning fikricha, haqiqiy doʻstlik uchun kishilarni hatto turli dinda boʻlishlari ham xalaqit bera olmaydi. Uning quyidagi satrlari diqqatga sazovordir:

Jahonning shodligi yigʻilsa butun,

Doʻstlar diydoridan boʻlolmas ustun.

Rudakiy hayotning oʻzini birinchi ustod hisoblaydi va undan taʼlim olishga undaydi:

Har kishi olmasa hayotdan taʼlim,

Unga oʻrgatolmas hech bir muallim.

Rudakiy asarlarida inson aqlu zakovatiga ishonch kuchli. Asarlarining tili, badiiy ifoda vositalari sodda va tushunarli kilib yozilgan. U birinchi boʻlib, X asrdayoq fors mumtoz adabiyotiga asos solganligi uchun koʻpgina Eron olimlari, jumladan professor Sayyid Nafisiy fors sheʼriyatining vatanini Movarounnahr deb hisoblaydi.

Tabiatni, vatanni vasf qilish, axloqiy pandu nasihatlar bilan asarni bezash keyingi mutafakkirlarga Rudakiydan qolgan anana edi. Jumladan, buyuk shoir vafotidan keyin yana 50 yil yashagan mashhur tarixchi Abulfazl Bayhaqiy (995–1077) uning gʻoyalarini oʻz tarixiy asarlarida davom ettirdi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.