Abduqahhor Ibrohimov (1939)

0
180
marta koʻrilgan.

Abduqahhor Ibrohimov Toshkentning Koʻkcha dahasidagi Oqilon mahallasida 1939 yil 16 avgustda dunyoga keldi.

Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida (1957–1962), Moskvadagi Oliy adabiyot kursida (1975–1977) tahsil oldi. “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida, soʻng “Guliston” jurnalida xizmat qildi. Respublika Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Sanʼat ishlari boshqarmasida bosh muharrirlik qildi, masʼul vazifalarda ishladi.

Oʻtgan asrning 60-yillaridan oʻz ijodini boshlagan A. Ibrohimov “Qoya ostida” (1976), “Tusmol”, “Soʻnggi nur” (1974), “Osmon yaqin, yer yumshoq” (1978), “Birinchi boʻsa” (1978), “Til ‒ taqdir demak” (1990) kabi kitoblar yaratdi.

A. Ibrohimov dramaturg sifatida yaratgan “Shayton yoʻli” (1970), “Bir oʻlikka bir tirik”, “Arra” (1971), “Zoʻldir” (1972), “Meni aytdi demang” (1973), “Mayli, mayli” (1975), “Tusmol”, “Sochqi” (1976), “Bu zamonning oʻgʻloni” (1978), “Ofarin” (1979), “Puch” (1987) kabi sahna asarlari Toshkent shahri va viloyatlar teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi. Ularning ayrimlari Rossiya, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Moldova, Ozarbayjon, Estoniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi.

Yozuvchi “Turkiston yaproqlari” (1993) nomli hujjatli qissasi uchun “Turkiston ‒ umumiy uyimiz” xalqaro tanlovining gʻolibi boʻlgan.

Istiqlol yillarida adib ijodi ayniqsa samarali kechdi. “Uyqu kelmas kechalar” (roman, 2000), “Bizkim, oʻzbeklar” (2001), “Davlat tafakkuri nima?” (2001), “Millat ovozi” (2002), “Eʼtiqodga baxshida umr” (tarixiy-falsafiy badia, 2004), “Mangulik yoʻlida” (2005), “Maʼmun akademiyasi” (2005), “Davlatning salobati” (2005), “Yorugʻlik” (2006), “Oʻzbek mahallasi” (2007), “Xastimom xotiralari” (2007), “Ziyorat” (2008), “Ruhiy oziq mahzani” (2009) nomli kitoblari, “Senga bir gap aytaman” tragikomediyasi (2008), “Oyna sindi” pyesasi (2009), “Olqish” (2009), “Buyuk mehribonlik” (2009), 5 jildlik “Tanlangan asarlar” (2011), “Hayot kutmaydi” (hikoyalar, 2012), “Oʻzbekning qalbi” (falsafiy oʻylar, 2013), “Ildizim va oʻzim” (tarixiy-hujjatli roman, 2015) singari asarlari oʻquvchilar qoʻliga tegdi.

A. Ibrohimovning “Beg po krugu” (1981), “Obo mne ni slova” (1982), “Padeniye trona” (1988) nomli sahna asarlaridan iborat kitoblari Moskvada nashr qilinib keng kitobxonlar ommasiga tortiq qilingan.

Abduqahhor Ibrohimov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.