Abdulla Sher (1943)

0
428
marta koʻrilgan.

Abdulla Sher 1943 yilning 5 avgustida Toshkent viloyati Chinoz tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatgach, avval boshlangʻich maktab oʻqituvchisi, soʻng tuman gazetasida adabiy xodim boʻlib ishladi. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida oʻqidi.

1969–1978 yillarda “Guliston” jurnalida adabiy xodim, boʻlim mudiri, masʼul kotib, “Oʻzbekiston fizkulturachisi” gazetasida muharrir oʻrinbosari boʻlib ishladi. Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida taʼlim olib qaytgach (1979–1981), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, “Yoshlik” jurnalida masʼul kotib, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi birinchi kotibining ijodiy ishlar boʻyicha muovini, uyushmaning Toshkent viloyat boʻlimi masʼul kotibi vazifalarida faoliyat yuritdi.

Dastlabki sheʼri 1959 yili Chinoz tumani gazetasida bosildi. Shundan keyin uning “Koʻklam tabassumi” (1973), “Alyor” (1977), “Atirgul soyasi” (1979), “Roz” (1980), “Kuz hiloli” (1983), “Aliʼy shipovnik”, “Qadimgi kuy” (1987), “Nuqtadan soʻng” (1989), “Toqat” (1997), “Yonayotgan yoʻl” (2007), “Yomgʻirlar oralab” (2009), “Sevgi olmoshi”, “Sevilmagan mening sevgilim”, “Sarbast qoʻshiqlar” (2010), “Gul yillar, bulbul yillar” (Saylanma, 2012) singari oʻn beshdan ziyod sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi.

Abdulla Sher badiiy tarjima bilan ham shugʻullanib, Bayronning “Don Juan” sheʼriy romanini ingliz tilidan, H. Heynening “Olmoniya” dostoni va “Qoʻshiqlar kitobi”ni olmon tilidan, A. Pushkin, N. Nekrasov, A. Axmatova asarlarini rus tilidan oʻzbekchaga oʻgirdi. Ayni choqda oʻzining ham bir qancha asarlari qozoq, qirgʻiz, ozarbayjon, turk, rus, bulgʻor, qalmiq, qrim-tatar kabi xalqlar tillariga tarjima qilindi.

Abdulla Sher koʻp yillar Oʻzbekiston Milliy universiteti falsafa fakultetining etika va estetika kafedrasida muallimlik qildi. U “Estetika” (oʻquv qoʻllanma, hammuallif, 2010), “Axloqshunoslik” (darslik, 2010), “Asrlarning asraganlari” (badialar toʻplami, 2011) singari falsafa, estetika va etika muammolariga bagʻishlangan tadqiqotlar, qator maqolalar muallifidir.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.