Abdulla Avloniy (1878-1934)

0
1651
marta ko‘rilgan.

XIX asr oxiri XX asr boshidagi o‘zbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri ma’rifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniydir. U 1878 yilning 12 iyulida Toshkentning Mergancha mahallasida, to‘quvchi Miravlon aka oilasida dunyoga keldi. Bolaligi Mirobod mahallasining egri-bugri ko‘chalarida, ko‘pchilik qismini ruslar tashkil qilgan temir yo‘l ishchilari bolalari orasida kechdi. O‘qchidagi eski maktabda, so‘ng madrasada o‘qidi (1885–1886). Mustaqil mutolaa bilan shug‘ullandi. Arab, fors, rus tillarini o‘rgandi. Orenburg, Qozon, Tiflisda chiqib turgan gazeta-jurnallarni kuzatib bordi. Qisqa muddat ichida u ma’rifatparvar sifatida tanildi va o‘lkadagi ijgimoiy-madaniy harakatchilikning faol namoyandalaridan biriga aylandi.

XX asr boshlarida Turkiston madaniy hayotida yuz bergan eng muhim o‘zgarishlardan biri maktab o‘quv ishlarida o‘zgarish bo‘ldi. Avloniy bu davrda jadidchilik harakatiga qo‘shilib, Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri bo‘lib tanildi. Avloniy 1904 yilda Mirobodda, so‘ngroq Degrezliqda (1903–14) xuddi shunday yangi usulda, yangicha maktab ochib, dars berdi va darsliklar yozdi.

1909 yilda maktab maorif ishlariga yordam beruvchi “Jamiyati xayriya” ochib, yetim bolalarni o‘qitdi. “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” nomli to‘rt qismdan iborat she’riy to‘plamining birinchi juz’ini nashr qildirdi. Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxo‘jayev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xo‘jayev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan sheriklikda “Nashriyot” (1914), “Maktab” (1916) shirkatlarini tuzdi. “Taraqqiy”, “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908), “Turon” (1917) gazetalarini chiqardi. 1918 yilda Turkiston Shurolar hukumatining birinchi gazetasi “Ishtirokiyun”ning tashkilotchilaridan va uning birinchi muharrirlaridan bo‘ldi. U sovet davrida turli mas’uliyatli lavozimlarda xizmat qildi, qaysi vazifada ishlamasin ilm-ma’rifat tarqatish, ta’lim-tarbiya masalalari bilan shug‘ullanib keldi, bilimyurtlarida, oliy maktablarda o‘qituvchilik qildi. 1930–34 yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetida (hozirgi ToshDU) kafedrani boshqardi. U 1934 yilda vafot etdi.

Avloniy 1927 yilda Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi.

Avloniy 30 yildan ortiqroq ijod qildi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarining, so‘ng inqilobiy talotumlaru milliy-ozodlik kurashlarining guvohi bo‘ldi. O‘tgan davr ichida, o‘zi ta’kidlaganidek, “o‘nlab she’r va maktab kitoblari, to‘rt teatr kitobi”qoldirdi. Uning madaniyatimiz tarixidagi o‘rni haqida gap ketganda, ikki jihatini alohida ta’kidlash zarur: pedagogik faoliyati va adabiy badiiy ijodi. Uning pedagogik faoliyati, ta’lim-tarbiya haqidagi fikrlari XX asrning boshlarida yangi bosqichga ko‘tarilgan ma’rifatchilikning xususiyatlarini belgilashda muhim manbalardandir.

Avloniy maktabi gumanistik va erkin tarbiya asosiga qurilgan, dunyoviy va ilg‘or ilm-fanni bolalarga o‘rgatishni o‘z oldiga asosiy vazifa qilib qo‘ygan, yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralasha olish qobiliyatiga ega bo‘lishini ta’minlaydigan haqiqiy xalq maktabi bo‘ldi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzdi. Uning avvalgi sinf shogirdlari uchun “Birinchi muallim”i (1911) Oktyabr o‘zgarishigacha 4 marta, “Alifbedan so‘nggi o‘quv kitobi” – “Ikkinchi muallim” (1912) 3 marta kayta nashr etilgan. Axloqiy didaktik mazmundagi “Turkiy Guliston yoxud axloq” darsligi (1913) XX asr boshlari ijtimoiypedagogik fikr taraqqiyotida alohida o‘rin egalladi. Unda tarbiya va axloq masalalari birinchi marotaba XX asrning talab va ehtiyojlari nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Avloniy xulqlarni an’anaviy yaxshi va yomonga ajratar ekan, mulohazalarini Gippokrat, Platon, Aristotel, Sa’diy Sheroziy, Bedil fikrlari bilan dalillagan holda zamonaviylikni asosiy mezon qilib oladi. Adib Vatan muhabbatini uning uchun kurashmoqni eng yaxshi insoniy xulqlardan hisobladi. Vatan – bu har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakati. Uni qadrlamoq, sevmoq, yashartmoq kerak. Shoir Vatan va unga muhabbat deganda shuni tushungan edi. Tilga, madaniyatga muhabbat esa, har bir kishining o‘z xalqiga bo‘lgan muhabbatidir: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

Avloniy Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegaboy, Abdulhaq taxalluslari bilan she’r, hikoyalar va maqolalar yozgan. Shuni aytish kerakki, Avloniy ancha murakkab hayot va ijod yo‘lini bosib o‘tdi. U adabiyotga g‘oyaviy kurashlar g‘oyat keskinlashgan bir davrda kirib keldi. Hech ikkilanmasdan ma’rifat va taraqqiyot uchun kurashishini maslak etib qabul qildi. Shoir she’riyati bilan tanishar ekansiz, qiziq bir holga duch kelasiz. Unda birorta ishqiy she’r yo‘q. U ijtimoiy muammolarni, el-yurt g‘amini muhimroq biladi. Xalq va Vatan baxtsizligi oldida har qanday muhabbatni rad etadi. O‘z onadiyorini bamisoli “yor kabi sevadi”. Butun mehrini shunga bag‘ishlaydi. Asrimiz boshlari Turkiston takdirida g‘oyat mas’uliyatli bo‘lgan, uning hayot mamot masalasi hal qilinayotgan bir payt edi. Buni Avloniy davrning peshqadam ziyolisi, yirik ma’rifatparvar, jadidlar ta’limotining faol tarafdori sifatida tezda ilg‘ab oldi.

Dastlabki poetik asarlari “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” (I, II, III, GUjuzlar), “Maktab gulistoni” (1916), “Mardikorlar ashulasi” (1917) kitoblarida va “Sabzavor” tazkirasi (1914) hamda vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan asarlaridir. Ularda ilm-ma’rifat targ‘ib qilingan, jaholat va nodonlik, eski tuzumning ijtimoiy-axloqiy asoslari qoralangan, ozod va baxtiyor zamon haqida fikr yuritilgan. Shu jihatdan Avloniyning bu davrdagi she’rlari Hamza, Anbar otin poeziyasiga ohangdoshdir. Avloniy barmoq vaznini adabiyotda keng qo‘llagan. Milliy kuylarga moslab she’rlar yozgan va poeziyaning imkoniyatlarini boyitgan.

Avloniyning adabiyot oldidagi muhim xizmatlaridan biri shu bo‘ldiki, u mardikorlik she’riyati deb atalgan yangi adabiy hodisaning yaratuvchilaridan bo‘ldi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarini ifodalovchi “Bir mardikorning otasi o‘g‘liga aytgan so‘zlari”, “Onasining o‘g‘liga aytgan so‘zlari”, “Afsus” kabi she’rlar yozdi. Ona yurtdan uzoq shimolning qorli-muzli yerlariga, front orqasidagi qora xizmatga olib ketilgan mardikorlarning xayrlashuv manzaralarini, haqsizlikni yoritdi. Bu she’rlarning ohang va uslubi xalq qo‘shiqlariga g‘oyat yaqin bo‘lib, ular xalqimizning milliy uyg‘onishida muhim o‘rin tutdi.

Avloniy 1917 yil fevral inqilobini xursandchilik bilan kutib oldi (“Qutuldik”, “Yotma” she’rlari). Oktyabrga bag‘ishlab “Hurriyat marshi” (1919), “Ishchilar qulog‘iga” kabi she’rlar yozdi, yangi sotsialistik tuzumni ulug‘ladi. Lekin ko‘p o‘tmay, rus sovet tuzumi eski chor tuzumining oldingidan battarroq shakli ekanligini, sovet siyosati riyokorlik asosiga qurilganligini anglay boshladi. Jumladan, tantanavor va’da qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida g‘amgin tushkun ohanglarning paydo bo‘lishiga olib keldi (“Haftalik soatda” 1919). Shularga qaramasdan Avloniy turli mavzularda she’rlar yozdi. 1919–20 yilgi Afg‘oniston safariga doir “Afg‘on sayohati” kundaliklari esa mamlakatimizning yon qo‘shnimiz bilan o‘zaro do‘stlik, totuvlik aloqalarining o‘rnatilishi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Avloniy o‘zbek teatrining asoschilaridan edi. U 1913 yilda “Turkiston” teatr truppasini tuzdi. “Turkiston” o‘zining qatiy nizomini ham e’lon qilgan edi. Uning tashkilotchisi ham, g‘oyaviy-badiiy rahbari ham Avloniy edi. Truppa “Zaharli hayot” (Hamza), “Baxtsiz kuyov (A. Qodiriy) kabi XX asr boshlari o‘zbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalarini sahnalashtirgan, teatr ozarbayjon dramaturglari asarlari (“Badbaxt kelin”, “Xo‘r-xo‘r”, “Jaholat”, “Uliklar”, “Joy ijaraga olgan kishi”, “Man o‘lmisham”, “Layli va Majnun”, “Asli va Qaram”) ni o‘zbekchaga tarjima qilib sahnaga qo‘ygan. Avloniyning o‘zi Mallu (“Layli va Majnun”), Fayziboy (“Baxtsiz kuyov”), Aliboy (“To‘y”), Boy (“Padarkush”) rollarini ijro etgan.

Avloniy “Advokatlik osonmi?” (1914), “Pinak” (1915) komediyalari, 1914–17 yillarda yozgan “Biz va Siz”, “Portugaliya inkilobi”, “Ikki sevgi” kabi fojeaviy asarlari bilan o‘zbek dramaturgiyasining maydonga kelishi va teatrchilikning xalq orasigatomir otishiga muhim hissa qo‘shdi. Advokat Davronbek orqali Turkistondagi huquqsizlik, dunyodan xabarsizlikni fosh etdi. “Advokatlik osonmi?” degan asarida bir qator ko‘knori va qimorbozlar obrazini yaratib, ma’naviy turmushning tuban bir holga kelib qolganlini ko‘rsatdi. Monarxiyaga qarshi kurash, bayrog‘i ostida kechgan 1910 yilgi Portugaliya inqilobi, 1909 yili Turkiyada yuz bergan “Yosh turklar” inqilobi (“Ikki sevgi”) haqida yozib, adabiyotimizda mavzu va g‘oyalar ko‘lamini kengaytirdi. “Biz va Siz”da esa XX asr boshidagi Turkistonning eskilik va yangilik borasidagi kurashini aniq taqdirlar misolida yoritib berdi.

Avloniy asosiy ijodiy faoliyatining eng sermahsul yillari 1917 yildagi Oktyabr to‘ntarishiga kadar bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi.

Avloniy ijodi 60-yillarning oxiridan o‘rganila boshlandi. Hozirda uning turli janrlardagi asarlaridan namunalar alohida kitoblar holida chop etilgan.

 


“Ma’naviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.