Abdulla Avloniy (1878–1934)

0
1326
marta koʻrilgan.

XX asr oʻzbek milliy maʼrifatparvarligi yoʻnalishining atoqli namoyandasi, isteʼdodli shoir va dramaturg, pedagog, jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentning Oʻqchi mahallasida, hunarmand oilasida dunyoga kelgan. U oʻz tarjimai holida shunday yozadi: “12 yoshimdan Oʻqchi mahallasidagi madrasada dars oʻqiy boshladim. 13 yoshimdan yoz kunlari mardikor ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari oʻqir edim. 14 yoshimdan oʻsha zamonga muvofiq har xil mavzuda sheʼrlar yoza boshladim. Bu zamonlarda “Tarjimon” gazetasini oʻqib, zamondan xabardor boʻldim”. Avloniy madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shugʻullandi. Oʻqish va oʻqitish usuliga isloh kiritib, yangi usuldagi maktab tashkil etdi. Turkistonda birinchilardan boʻlib maktab oʻquv dasturlariga geografiya, kimyo, handasa, fizika fanlari kiritilishiga taʼsir koʻrsatdi, taʼlimni real turmush bilan bogʻlashga intildi, bir dars bilan boshqasi oʻrtasida muayyan tanaffusni, bir sinfdan ikkinchisiga oʻtishdagi imtihonni joriy etdi, taʼlim tizimining dunyoviy yoʻnalishini kuchaytirishga alohida eʼtibor berdi.

Avloniy 1904 yilda Toshkentning Mirobod mahallasida jadid maktabini, 1909 yilda “Jamiyati xayriya” uyushmasini tashkil etadi. Maktab oʻquvchilari uchun “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” (1912), “Tarix”, “Turkiy guliston yoxud axloq” (1913) kabi zamonasi uchun muhim maʼnaviy hodisa boʻlgan darsliklar yaratdi.

1895 yildan ijtimoiy faoliyati boshlangan Avloniy “Qobil”, “Shuhrat”, “Hijron”, “Avloniy”, “Surayyo”, “Abdulfayz”, “Indamas” taxalluslari bilan sheʼr, hikoya, felʼyeton va kichik hajmli dramatik asarlar yaratdi. Shoir oʻz asarlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tanqid qiladi va kishilarni bilimga, maʼrifatga chaqiradi. Toshkentda “Shuhrat”, “Osiyo” kabi gazetalarni tashkil etadi. 1913 yili “Turon” teatr truppasiga asos soldi va mazkur truppa uchun “Advokatlik osonmi?”, “Ikki muhabbat”, “Toʻy”, “Sʼyezd”, “Layli va Majnun”, “Oʻliklar” kabi dramatik asarlar yozib beradi. Bu asarlarida u jaholat, bidʼat, bilimsizlik oqibatlarini, qoʻpol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi. Ayni choqda u qardosh dramaturglarning pyesalarini oʻzbek tiliga tarjima qildi.

Abdulla Avloniy sheʼrlarida esa, ular bidʼatu xurofotga qarshi qaratilgan boʻladimi, muhabbat yoki maktab-maorif mavzusidami, hamma-hammasida inson, uning axloqiy goʻzalligi va maʼnaviy boyligi kuylanadi. Jumladan, “Oʻz mamlakatimizda” sheʼrida maishat uchun pul-boylikni ayamagan, ammo bola tarbiyasi uchun sariq chaqani ham ravo koʻrmaydigan kimsalarni “Ilm uchun pulni koʻzlari qiymas”, deb qoralaydi. Yoki “Maktab” sheʼrida:

Maktab misni tillo qilur,

Maktab sizni mullo qilur,

Gʻayrat qilib oʻqing oʻgʻlon, –

deydi shoir va insonni zulm, nohaqlik, adolatsizlikdan xalos etuvchi najot yoʻli, bu maʼrifat, maktab ekanligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, uning “Adabiyot” (1915) kitobi bu jihatdan alohida ajralib turadi.

Shuningdek, Abdulla Avloniy Afgʻonistonda elchi sifatida samarali faoliyat yuritgan jamoat arbobi hamdir. U 1934 yil 24 avgustda Toshkentda vafot etdi. Istiqlol yillarida Avloniy ijodi boʻyicha olimlarimiz (jumladan, professor Begali Qosimov) tomonidan keng tadqiq etilib, asarlari chop etildi. Shoir Muhammad Ali oʻzining “Boqiy dunyo”(1979) sheʼriy romanida Abdulla Avloniyni asar qahramonlaridan biri sifatida tasvirlagan edi.

 

“Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.