Yoshlar bayroqdor boʻlsin!

0
363
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri  Abdulla ORIPOV bilan suhbat

 

– Abdulla aka, avvalo qutlugʻ 70 yoshingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Shu yoshda toʻla ilhom bilan ijod qilayotganingiz shogirdlaringizga ham yuqsin. Siz 50 yoshga kirganingizda oʻsha vaqtdagi Yozuvchilar uyushmasining raisi, atoqli adib O. Yoqubov adabiyot gazetamizda kattakon bir maqola (balki essedir) bilan chiqqan edi. Maqola “Tavba, Abdulla ham ellikka kirib qoʻyibdi-ya!” deb boshlangani hanuz esimda. Otaxon adiblar nazdida oʻsha vaqtlarda ham Siz tengi shoirlar hamon “yosh shoir” deya eʼtirof etilishini biz ham kuzatganmiz. Odam ellikka kirsa ham “yosh” boʻlib yurishi… gʻalati. Holbuki, A.Qahhor, Oybek, Gʻ.Gʻulom kabi oʻzbek adabiyotining yuksak qoyalariga aqalli 65 yosh ham nasib etmagan edi. Oʻsha yili 31 avgustda Prezidentimiz I.Karimovning beqiyos jasorati bilan milliy mustaqilligimiz eʼlon qilindi. Jamiyat tubdan oʻzgara boshladi. Koʻp oʻtmay davlatimiz madhiyasi yaratildi va Siz uning matni muallifi boʻldingiz.

Hozir oʻylab qarasam, men maktabni tugatgan 1981 yilda Siz qirq yoshga toʻlgandingiz va kitoblaringizdagi qisqa maʼlumotlarni oʻqib bilardikki, dovrugʻingiz allaqachon Oʻzbekistondan toshib chiqqan edi.

Bugun yetmishga kirdingiz. Ortga, zalvorli davrlarga qaraganingizda nimalar xayolingizga keladi?

– Odamning yoshi nechaga borsa ham demak, unga Xudo shu yoshni nasib koʻribdi, bunga hech shak-shubha yoʻq. Lekin qiziqasan-da: qaysi yosh oʻzi koʻrkam? Bunga javoban aytamanki, qaysi yosh ustida turgan boʻlsang, oʻsha yosh koʻrkam. Chunki minib yurgan otga oʻxshaydi-da bu. Xoh oltmish, xoh yetmishga, xoh saksonga kir – shu gap. Odil aka, Pirimqul aka, Jumaniyoz akalar saksondan oshib yashadilar. Qaysi yosh yaxshi ekan deb soʻramaganmiz. Qandoq ham soʻraysan – odam bolasi uzoqroq umr koʻrsam, deb yashaydi-ku.

Ustoz Abdulla Qahhor, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Shayxzodalar paygʻambar yoshiga ham yetib-yetmadilar. Abdulla aka umrining oxirlarida juda zaiflashib qolgan edi.

Balki zamon, siyosiy algʻov-dalgʻovlar ularning ichini toʻkib tashlaganmikan? Shundayligi-ku aniq. Zamon asabingni tinimsiz egovlab turgandan keyin sogʻliq qolarmidi. Hozir, toʻqsonga ham chiqqan adiblarimiz bor. Lekin Oybek, Qahhorlar qisqaroq umr koʻrgan boʻlsalar ham iqtidorlari nihoyatda kuchli edi. Balki buning yana bir sababi ularning oʻtgan asr boshlaridagi jadidchilikning shiddatli toʻlqinidan suzib chiqishganidadir.

Rus adabiyotida “oltin davr” deb ataladigan XIX asrni olaylik. Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Dostoyevskiy – qancha yashaganidan qatʼiy nazar ketma-ket gurkirab ijod qilishdi. Barchalari daho edi. Bizda ham xuddi fasllar singari adabiy avlodlar almashib turdi. Oʻrta avloddan soʻng paydo boʻlgan Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovlarni eslaylik – ular bizning avlod karvonboshilari edilar. Odil akaning “Muqaddas” qissasi Aytmatovning “Jamila”sidek, yangi bir qoʻshiqdek paydo boʻldi. Bu qoʻshiqning sadosi baland edi. Ungacha adabiyotda bunaqa asar yoʻq edi. Yoki Pirimqul akaning “Uch ildiz” romanini olaylik. Asarda talabalikning oltin davri barobarida hayotiy ziddiyatlar dadillik bilan tahlil etilgan ediki, bu asar ham qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi.

Elliginchi yillarning oxiri, oltmishinchi yillarning boshiga kelib sheʼriyatimiz ham oʻzgara boshladi.

Badiiy asarga nisbatan aytiladigan yetuk, oʻrtacha kabi baholar bor. Bu toʻgʻri, albatta. Ajabo, mazkur sifatlar adiblarning oʻzlariga ham mutlaqo taalluqlidir. Mayli, ularning hayot yoʻllari qanchalik ziddiyatli boʻlmasin,  barchasiga xos umumiy jihatlar ham mavjud.

Aleksandr Blok bir sheʼrida shunday deydi: ey, shoir, ertadan kechgacha qovoqxonaga kirib boʻkkuncha ichasan, soʻkishasan, boʻgʻishasan, chiqib cherkovga borib ibodat ham qilasan, qaytayotib yoʻlning bir chetida yumalab qolasan. Lekin men achinsam-da, nafratlansam-da, baribir sening qavmingdanman, seni shu holingdayam yaxshi koʻraman…

Maydakashlik, tarafkashlik nafaqat adabiyotni, balki millatni ham yemiradi. Chamasi qirq yillar boʻldi, Fargʻonada xizmat safarida yuribmiz. Ertalab tursak bir sherigimiz ayyuhannos solib baqiryapti, Toshkentga, hozirgi adabiyot gazetamizga telefon qilib oʻshqiryapti: nega mening nomim gazetada falonchidan keyin yozilibdi, undan mening kam joyim bormi?..

Shunda oʻz-oʻzimga: yo falak, shularga oʻxshashdan Xudoning oʻzi asrasin, deganman. Buyam bir ibrat.

Lekin hayotimda juda mard, tanti ustozlarni ham koʻrdim. Ularni qoʻmsayman. Ular avvalo Shaxs edilar. Nazarimda Shaxs boʻlish uchun inson 70-80 ga kirishi shart emas. U 20 yoshda boʻlishi ham mumkin. Yuragi katta, olijanob, bagʻri keng inson Shaxs boʻlishga haqli. Oybek, Qahhor, Shayxzoda, Mirtemirlar Shaxslar edilar. Ular qalblariga odamiylikni, rang-barang, katta adabiyotni jo qila olgan edilar.

Yaqinda yozuvchi ukamiz L.Boʻrixonning yangi romani qoʻlyozmasini oʻqidim. Uning qahramoni juda yirik Shaxs. Oʻylaymanki, bunday asarlar kitobxonni ham yuksaltiradi.

– Sizni Xudo yuksak isteʼdod bilan qanchalik siylagan boʻlsa, isteʼdodda tengsiz ustozlar bilan ham shunchalik siylagandir. A.Qahhor “Munojotni tinglab” sheʼringizdan toʻrt misra epigraf olgani va buning sababini ham bilgandaymiz. Avvalo, bu keng miqyosdagi eʼtirof ekanini ham tushunamiz. Oybek, Gʻ.Gʻulom, M.Shayxzoda, Mirtemir haqidagi maroqli xotiralaringizdan voqif boʻlganlar bor. Nazarimda, bularni bir tizma qilsa, yaʼni qogʻozga tushirilsa naqadar ajoyib va qimmatli kitob boʻlar edi.

Ayting-chi, Siz ustoz yoki zamondosh sifatida ulardan nimalarni oʻzingizga ibrat qilib olgan edingiz?

– Oʻzim ham bu haqda koʻp oʻylayman. Yorqin isteʼdodlar, yirik shaxslar haqida yozish yaxshi, albatta. Lekin kamina baʼzan ulugʻ ustozlar hayotiga oid baʼzi xotiralarni varaqlab koʻrib, negadir koʻnglim toʻlmaydi. Masalan, A.Qahhor lanj, chuchmal, ezma odamlarni mutlaqo yoqtirmas edi. Biroq Qahhor xotirlangan baʼzi asarlarda u uzundan-uzoq nutq irod etadi, maʼruzalar oʻqib yuboradi. Gʻafur akaning ham oʻz feʼli bor edi. Albatta, allaqachon marhum boʻlib ketgan odam haqidagi gapning toʻgʻri ekanini hech kim isbotlay olmaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, baʼzilar bu oʻrinda oʻzlaridan bemalol qoʻshib ham yuboraveradilar. Biz ularni bilmasak ekan… Axir tutilib gapirganning har biri Oybek, yoki “boʻtam” deganlar Mirtemir boʻlavermaydi-ku. Ustozlar haqida soʻz yuritganda avvalo ular haqida ibrat boʻlgulik narsalar bitish kerak, deb oʻylayman. Avvalambor, u zotlarning men uchun ibrati mehnatsevarligi va bagʻrikengliklaridir.

Umuman, xotira yozmoqchi boʻlganda kishi turli andishaga boradi: yaʼni, ular bilan osh-qatiq boʻlgan edim, bazmu jamshidlarda birga edim, meni otiga mingashtirib yurar edi, deganga oʻxshash iddaolar paydo boʻlmasmikan, deb oʻylab qolasan. Holbuki, mening Ch.Aytmatov, R.Hamzatov, Q.Quliyevlar toʻgʻrisida ham xotiralarim koʻp.

Biroq nima desangiz deng-u, bugungi kunda xotira yozish haddan ziyod moda tusiga kirdi. Adabiy mardikor yollash ham odatga aylandi. Ularni oʻqiganda asar qahramoni shu qadar pokizayu malaksiymo ekan-u, biz ularni bilmay yurgan ekanmiz-da, degan xayolga borasan…

Baʼzi olimlar haqidagi kitoblarda esa u haqda kim iliq gapirgani, kim bilan suratga tushgani, qaysi yurtga safar qilgani – hammasi batafsil yoziladi. Bunday kitob balki uning oʻziga kerakdir, boringki, besh-oʻnta yaqin qarindoshiga ulashar. Bir shovvoz esa kimlardan dastxat olgan boʻlsa, ularni yigʻib kitobga aylantiribdi. Bir qarasang, kitob chiqarish ham toʻyga taklifnoma chiqarganday gap boʻlib qoldi. Hamma narsa evi bilan-da…

Navoiy bobomiz haqidagi zamondoshlari xotiralarini oʻqisangiz, aksar “taʼblari nozik edi” degan jumlaga duch kelasiz. Xondamir, Boburlar ham shunday deb yozgan. Bu – hazratning injiq feʼliga ishora. Bobur Navoiy turmushi haqida yoza turib, shoirning roʻzgʻor tutmaganligini aytadi, sababi esa bizga maʼlum emas deydi. Qanchalar oqilona munosabat!

Agar Bobur Mirzo mish-mishlarni ham yozib yuborganida bormi, Xudo koʻrsatmasin, bizning vaqtimizga kelib ular yana ham bolalab ketgan boʻlarmidi? Bu hol aslo tasavvurga sigʻmaydi.

Ibn Arabshoh sohibqiron Amir Temur haqida salbiy gaplarni koʻp yozgan. Sababi – 12 yoshli Arabshoh Shomdan asir qilib keltirilgan, demak, uning alami boʻlgan. Lekin tarixchi olim oʻzi bilmagan holda ham Sohibqironning naqadar olijanob inson ekanini qayd qilib oʻtadi. Amir Temur dahosini tan oladi.

Yozilgan xotira ahamiyatli boʻlsa yaxshi, biroq maqtanchoqlik, guruhbozlik, oliftagarchilikka xizmat qilsa, u baloi azimga aylanadi.

Oʻrni keldi, bir gapni eslab qoldim. Yozuvchilar uyushmasida Sheverdin degan zot boʻlgan. Koʻp akalarimizning qamalishiga shu odam sababchi boʻlgan. A.Qahhor qachondir “Hayotdan oʻtganimda tepamda Sheverdin gapirishidan qoʻrqaman”, degan ekan. Nadomatlar boʻlsinki, Abdulla aka vafot etganda shunday hol yuz berdi…

– Zamon shundoq ediki, nadomat, afsus, armon u yoqda tursin, sevgida ayriliq, hijron haqidagi sheʼriy satrlar ham taʼqib etilardi. “Nega?” degan savolni beruvchi mahkama kimlarning yostigʻini quritmagan edi axir? Ularni sanab oʻtsak gapimiz choʻziladi, albatta. Ammo unutish ham mumkin emas-da.

Anov kuni televizorga qarab oʻtirsam, yosh boʻlishiga qaramay dunyoning koʻp joylariga borib kelgan sportchi yigit oʻzbekcha talaffuzda qiynala-qiynala olamda Oʻzbekistonday, balki goʻzalroq joylar ham bor, lekin hech bir joyda bizdagi mehr yoʻq, menikiday ona yoʻq, mening ayolimday goʻzal yoʻq, mening uyimdagiday xotirjamlik yoʻq. Shuning uchun bizning choʻllarimiz ham ularning bogʻu parkidan afzal koʻrinadi, deyapti. Samimiyligi koʻzlaridan sezilib turibdi.

Shunda beixtiyor qattol zamonlarda ham Vatanni, ona xalqimizni alqab bitgan koʻplab sheʼrlaringiz birin-ketin shuurimga oqib kira boshladi. Va banogoh, negadir, har tugul Vatanni sevish taʼqib ostiga olinmagan ekan-ku, deb oʻyladim. Aslida ham shundaymidi?

– Vatanni sevish oddiy gap emas. Kimdir soʻzamollik bilan artistlik qilib sevaman deyishi mumkin, birov oyogʻiga tikan kirgani holda shu tikanzorlari bor Vatanini yaxshi koʻrishda davom etaveradi.

Odam bolasi onaning qornidan vatanparvar boʻlib tugʻilmaydi. Vatanni sevishga ham, iymonli boʻlishga ham bola oʻrgatiladi, unga shu ruhda tarbiya beriladi. Bola murgʻakligidan nimaning taʼsiriga tushsa, shu amalni qila boshlaydi.

Bir yapon askari ruslarga asir tushib Sibir oʻrmonlarida yashab yuradi. Yapon imperatori asirga tushgani uchun kechirmasligini u yaxshi biladi. Yurtiga  qaytgani bilan jazosi aniq – oʻlim. Biroq payt kelib yapon imperatorining tugʻilgan kunida surgundagilar oʻsha hukmdorni boʻralab soʻka boshlaydilar. Buni koʻrgan yapon asiri alamidan shartta pichogʻini oladi-yu, oʻz yuragiga sanchadi…

Dunyoda shunaqangi vatanparvarligu oriyatlar ham bor ekan.

Najmiddin Kubroni eslang. Yoshi bir joyga borib qolgan avliyo zot, Chingizxonning siz qalʼadan chiqing, biz jang qilamiz degan shartiga javoban: ”Mening ortimda elim, muridlarim turibdi, ularni tashlab ketmayman!” deydi. Va u, oʻzingiz bilganingizdek, yurtdoshlari bilan birga Chingizxonga qarshi jangda qurbon boʻladi. Albatta, Kubroning jasorati ham asl vatanparvarlikning aynan oʻzidir. Biz esa, bunday holatlarni asarlarimizda tasvirlaganimizda, qahramonga uzun monolog oʻqitamiz, vatanni sevish xususida amru maʼruf qildiramiz.

Maqsud Shayxzoda bir suhbatda shundoq degani esimda: “Shekspirning dramalarida odam birdaniga oʻlib ketavermaydi, jon bergunicha ham koʻp voqealar yuz beradi. Falonchining asarlarida esa qahramoni tez oʻlib qoladi-da… Baʼzan esa halok boʻlgan kimsaning iyagini bogʻlash oʻrniga bir balolarni deklamatsiya qilib gapirishadi. Kitobxon shunga ishonadimi?..”

“Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” degan sheʼrimda “Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun, Sevgan farzand boʻlsa kechirma aslo!” degan misralar bor. Taassufki, biz aziz bilgan shu Vatanni faqat moddiy boylik manbai deb qarovchilar ham talaygina.

Vatanni sevish taʼqib qilinganmidi, degan savolingizga kelsak, mening javobim bundoq: Oʻzbekistonni emas, bepoyon SSSRni vatan deb kuylash nainki lozim, balki shart edi. Oʻzbekistonni undan alohida kuylash millatchilik va ayirmachilikka kirardi. Shu boisdan Vatanni joʻngina “Yurtim”, deb qoʻya qolardik.

– Saksoninchi yillarning oʻrtalariga kelganda – u payt biz talaba yoxud bitiruv arafasida edik – baʼzilar Sizni kitobiy tilda aytganda zamonasozlikda ayblay boshlaganlari esimga tushyapti. Lekin Siz ularga javob qilmadingiz. Zamon oʻzgardi, dunyo adabiyoti ham boshqa yoʻsinga oʻtdi, adabiyot buyogʻiga bizniki, deganlarni ham koʻrdik. Siz esa, oʻzingizning muhtasham sheʼriy koshonangizni tiklash bilan band boʻlaverdingiz.

Keyinchalik zamon biz oʻylagandan koʻra shiddatli tus oldi. Mustaqil boʻldik. Mana, Ulugʻ Istiqlolga erishganimizga 20 yil boʻlayotir. Siz esa uslubingizga sodiq qoldingiz, sheʼriy shaklda ham oʻzgarish yasamadingiz.

Yaqinda yubiley qilishga taraddud koʻrayotgan bir shoir qulogʻimga shivirlaganday qilib aytdi: “Sobir, adabiyotda isteʼdodlar juda koʻp boʻlar ekan, lekin daho bitta boʻlarkan!..”

– Yov qochsa botir koʻpayadi, degan bor gap. Lekin hamma joyda hayot mavjud. Hatto oʻsha qamoqxonalarda ham.

Betgachoparlik jasorat sanalmaydi. Menga yoqmadi, deb toʻyni buzish mardning ishi emas. Oʻtgan zamonlarda oʻzini siyosiy tazyiqqa uchraganman deganlarning baʼzilari aslida kissavur, ot oʻgʻrisi boʻlganlar. Astagʻfurillo!

Hazrat Navoiy “Aytar soʻzni ayt, aytmas soʻzdan qayt”, deya oʻgit bergan edilar. Rost gapni ham oʻz oʻrnida aytmoq lozimligini uqtirganlar.

Navoiy odob bilan salaflarini eʼtirof etadi, ularning izidan borayotganini taʼkidlaydi, soʻng esa shoirning  oʻzi salaflaridan ham oʻtkazib yozib qoʻya qoladi…

– Adabiyotda isteʼdodlar doim ham boʻlgan. Navoiy hazratlari oʻz muhitidagi yuzlab shoirlar haqida maʼlumot beradi. Davr hukmi shekilli, biz ularning kamginasini bilamiz.

Shoʻro davrida adabiyot borasida katta tanlovlar boʻlganini eslash qiyin. Mustaqillikdan soʻng bizda ayniqsa yoshlar uchun juda koʻp tanlov, mukofotlar joriy etildi. 25 yoshgacha boʻlgan qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilganiga ancha yil boʻldi. Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” jamoat fondining tashkil etilishi esa davlat rahbari I.Karimovning tagʻin adabiyot ahli, jumladan, yoshlarga koʻrsatgan alohida marhamati boʻldi. Hozir bir qator yoshlarning kitoblari davlat homiyligida koʻp ming nusxada chop etilib, barcha oʻquv dargohlariga yetkazib berildi.

Abdulla aka, bu yoshlardan Siz nimalar kutasiz? Ular ichida ayricha isteʼdod sohiblarini koʻryapsizmi?

– Yoshlarga eʼtibor juda ulugʻ ish. Bu eʼtibor muhtaram Yurtboshimizning “Farzandlarimiz bizdan koʻra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli boʻlishlari shart!” degan daʼvatining davomidir. Yosh ijodkorlar orasida isteʼdodlilari koʻp. Kelgusida ularning oʻntasidan biri yoki yuztasidan oʻntasi yaxshi ijodkor boʻlib chiqishi, shubhasiz! Axir yuzta nihol oʻtqazsang, hech boʻlmasa, uchdan biri koʻkarib daraxt boʻlar-ku.

Oʻtgan asrning elliginchi yillarida yalpi adabiy saviya juda past edi. Bugungi yoshlarning saviyasi esa ancha baland. Ularning yana ham yuksalishlarini, mumtoz adabiyotimizning maʼno va mazmunini, mahoratini yanada puxtaroq oʻzlashtirishlarini xohlaymiz.

Adabiyotda mavzu cheklanmagan. Xohlagan mavzuda qalovini topib yozolsang zoʻr asar vujudga kelishi mumkin. Birovlarga taqlid qilish aslo shart emas.

Isteʼdodlarni yuzaga chiqarish uchun har tomonlama shart-sharoitlar muhayyo qilindi. Yoshlar bu imkoniyatdan unumli foydalana bilishlari zarur. Bizga dunyo tillarini oʻrganish, oʻzlashtirish nasib qilmadi. Qani endi farzandlarimiz orasidan nafaqat mohir tilmochlar, balki zukko adabiy tarjimonlar ham chiqsayu asarlarimizni dunyoga koʻz-koʻz qilolsa.

Bu yil mustaqilligimizning yigirma yilligini nishonlaymiz. Adabiyot ostonasida turgan yigit-qizlar ham qariyb mustaqilligimizning tengqurlaridir. Biz bu navqiron avloddan koʻp narsa kutishga haqlimiz.

Muhtaram Prezidentimiz «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashdirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish konsepsiyasi» risolalarida Oʻzbekistonimizni yuqori darajada taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qoʻshish prinsiplarini aniq belgilab berdilar. Mamlakatimiz oʻshanday darajaga yetishishida yoshlar bayroqdor boʻladilar, albatta. 

– Eʼtibor berganmisiz, bizda bibliografiya, memuar yozish yoʻlga qoʻyilmagan. Bir-birimizni qisqa eʼtirof etishga oʻrganib qoldik. Said Ahmad domlaning Gʻ.Gʻulom, A.Qahhor haqidagi esdaliklari gʻoyat qadrli. Chunki ular juda jonli tilda yozilgan va tabiiyki, ulugʻ adiblarimizning hayotda oddiy inson boʻlganliklarini, ayni paytda xos fazilatlarini ham yorqin anglatadi.

Demoqchi boʻlganim: fursati bilan Siz ham ustozlaringiz yoki sizga zamondosh boʻlgan tarixiy shaxslar haqida yozsangiz, juda maroqli kitob (yoki kitoblar) boʻlar edi. Oʻrni bilan aytay, Siz haqingizda memuar yozmoqchi boʻlib yurganlar bor. Borlari, kitob holida chiqqanlari esa chala-yarim, uzuq-yuluq tasavvur beradi.

– Birovni yaxshi koʻrish uchun uni yaxshi bilish kerak. Birovni yomon koʻrish uchun esa undan ham koʻproq bilish lozim. Bir ijodkorni baholash uchun uning ayrim satrlarini talqin qilish bilan chegaralanmaslik kerak.

Umuman bilmay baholash yomon illat. Baʼzi olimlarimiz esa annotatsiya, taqriz, eʼtirofdan iborat aks-sadolarni katta ilm deb hisoblashadi. Baʼzan oʻzim haqimda yozilgan ayrim narsalarni oʻqiganda ham hayron qolaman.

– Garchand odatiy boʻlsa-da, bu savolni chetlab oʻtolmas ekanmiz: nimalar yozish bilan mashgʻulsiz?

– Bir toʻrtligim bor:

 

Koinot gultoji insondir azal,

Undadir eng oliy tafakkur, amal.

Hatto u tubanlik ichra ham tanho,

Yo falak, ijoding buncha mukammal!

 

Bundan buyon ham kattami, kichikmi asar yozar ekanman, inson qalbining murakkabligini tasvirlashga harakat qilaman. Bu murakkablik esa nihoyatda teran, uning tubi koʻrinmaydi.

 

Sobir OʻNAR suhbatlashdi.

 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.