Yoʻlimdagi chiroqlar

0
226
marta koʻrilgan.

Bolalikning xotiralari nurli chiroqday doim inson yoʻllarini yoritib turadi. Kim biladi, balki bekinmachoq oʻynab yurgan kezlaring, dugonalar bilan “toʻptosh”, “beshtosh” oʻynagan paytlaringdagi begʻuborliklar sheʼrning daragiga oʻxshar. Qishloq toʻylarida Sarvar xola, Robiya xolalarning yurakni sel qiladigan termalaridan koʻngilga sheʼriyatning shuʼlasi tushgandir.

 

Chiroq yonar yogʻ bilan,

Bagʻrim toʻla dogʻ bilan.

Oʻynamadim, kulmadim

Oʻzim sevgan yor bilan.

Bu dardli misralarni dalalarda sigir boqqanimizda dugonalar bilan takrorlab yurardik. Onalarimiz qaldirgʻochlar, laylaklar kelganda ularni olqishlab sheʼr aytishni oʻrgatishardi. Qahraton qish kechalari, dekabrning soʻnggi tunlarida choyxonalarda qoʻllarimiz muzlab koʻrak chuvirdik. Odamlar uxlab qolmasligi uchun Fayzulla togʻa “Kuntugʻmish”dan, “Yusuf va Zulayho”dan oʻqirdi. Qiziqchi Roʻzi bobo xoʻroz boʻlib qichqirar, turli qushlarning ovozini oʻxshatib “sayrardi”. Dostondagi ohanglar qulogʻimizga surnay tovushiday quyilib qolardi. Oʻsha dostonlardagi sheʼr parchalarini yodlab, ayollar davrasida takrorlab yurardim. Bir oʻgʻlini boʻri olib qochib Gurkijon, birini baliq yutib Mohijon atalganini aytayotganimda ayollar koʻzda yosh bilan tinglardilar. Oʻshanda besh-olti yoshlarda edim.

Maktabga borganimda men moʻjizalar olamini topdim. Muallima Rahima Saloyeva har bir darsining oxirida mendan yodlagan sheʼrlarimni aytib berishni soʻrardi. Sheʼrni ifodali oʻqishni oʻrgatar, barcha majlislarga meni qunt bilan tayyorlardi. Uchinchi sinfdaligimda qish kunlari shoir Uygʻun bilan uchrashuv boʻlgan. Tumanning katta madaniyat klubida tumonat odam. Musiqa oʻqituvchimiz Sharif Ahmedovning gʻijjagi bunday tadbirlarga shavq va hayajon, fayz qoʻshardi. Qalam qoshli, sochlari etagi bilan barobar Muhabbat Shoyimova opamiz “Dilxiroj”ga, Ibodat opamiz “Jonon” kuyiga raqsga tushganida koʻkdan farishtalar yogʻilganday, muhtasham bino charaqlab ketardi. Yoshlik zavqi, jozibasi, qizlarning nafis va chiroyli harakatlari, barmoqlaridan sochilgan nur, qora koʻzlaridan taralgan iboli ishvalardan hayratlanib tomosha qilardilar. Ana shunday zavqli daqiqalardan soʻng sheʼrga navbat keldi: uchinchi sinf oʻquvchisi (men) shoir Uygʻunning “Men qushlarga don berdim” sheʼrini dona-dona qilib oʻqib berayotganda… birdan toʻxtab qoldi va ketma-ket ikki-uch marta aksirib yubordi. Kichkina qizaloq oʻzini yoʻqotmasdan kaftlari bilan burnini artdi-da, sheʼrni davom ettirdi. Ana shu holat Uygʻun boboda ajib taassurot qoldirgan boʻlsa kerak, shoir Toshpoʻlat Hamidga qizaloqqa ustozlik qilishni tayinladi.

Qish oʻtib, bahor keldi. Boʻston qishlogʻining tolzor, jiydazor, akas daraxtlari shovullab turgan koʻchalaridan quvonib-quvonib, qushday uchib maktabga boradigan boʻlgandim. Koʻrganlar meni alohida samimiyat bilan koʻrsatib, Uygʻunga sheʼr oʻqib bergan qizcha kelayapti, deyishardi. Bibirajab opam menga bir sidra yangi usti-bosh, kavushcha olib berdilar. Ana shunday kunlarning birida maktabga borsam, Toshpoʻlat Hamidning ayollari meni chetga imladilar. U kishi rus tilidan dars berardilar. Tumanimizning ikki betli gazetasida mening “sheʼrim” chiqibdi. Muallima menga tayinlab aytdilar: “Kim soʻrasa, oʻzim yozdim degin”. Maktabdagi ochiq maydonchada yigʻilish boʻldi va meni “sheʼrim” bilan qutlashdi. Dars tugashi bilan xalq maorifi idorasiga chaqirishdi. Bino chorbogʻning ichida edi. Daraxtzor oralab binoga kirdim. Devorlari qorday oppoq, chiroyli, uzun dahlizdan oʻtib, Toshpoʻlat Hamid oʻtiradigan kabinet ostonasida toʻxtab qoldim. Koʻlmak yoʻllarda kavushcham loy boʻlgan edi. Ostonada yechib qoldirdim va iymanib ichkariga kirdim. Mening bunday odobimdan zavqi kelibmi, xursandchilikdanmi, u kishi meni yaxshi kutib oldilar va oʻtirishga taklif qildilar. Hind aktyorlariga oʻxshagan sochlari jingalak, koʻzlari katta-katta, koʻrkam, salobatli kishi ekanlar.

– Obbo, sen-yey, sheʼr yozibsanmi? – dedilar kulib.

– Oʻzim yozdim, – dedim muallima tayinlaganiday.

U kishi birdaniga qah-qaha otib kuldilar. Tizzalariga urib, “obbo, sen-yey”, deb meni hayratga solardilar. Nihoyat kulishdan toʻxtab, dedilar:

– Bu sheʼrni sening nomingdan men yozdim. Sen koʻp sheʼrlarni yod bilasan, dostonlardan ham yodaki oʻqiysan. Bir urinib koʻr, qofiyalar topsang, oʻqituvching turoqni oʻrgatsa boʻldi, sheʼr yozaversang boʻladi, – deb maslahat berdilar.

Oʻsha lahzalardan boshlab mening murgʻak ongimda oʻzim ham anglab yetmagan bir orzu kurtak yozdi. Bibirajab opam paxsa devorli uyning bir burchagiga kichkina stolcha qoʻyib berdilar. Kecha-yu kunduz qogʻoz qoralay boshladim. Nimasidir sheʼrga oʻxshamasdi ularning. Lekin maktab “lineyka”larida, yobonda ayollar davrasida oʻqib berardim. Butun tumanga”muxbircha” boʻlib dovrugʻim ketdi.

Har yili may oyida qoʻshiqlar bayrami boʻlar, bu goʻzal tadbirlarda qoʻshiqlar va sheʼrlar jarangidan yuraklarimiz junbushga kelar, chorbogʻ sahni yoshlik va bolalikning quvnoq gurungu mushoirasidan Eram bogʻiga aylanardi goʻyo. Gʻafur Gʻulom, Uygʻun, Zulfiya, Quddus Muhammadiy sheʼrlaridan gumburlatib oʻqirdik. Maktabimiz M. Gorkiy nomi bilan atalardi, shuhrati baland edi. Daraxtlar shoxiga, yon-atrofdagi pastak uylarning tomlariga chumchuqlarday terilib tomosha qilardi bola-baqra.

Oʻsha yillar hayajonlari meni sheʼriyatga shaydo qilgan ekan endi bilsam. Novacha toʻparida kichkinagina kutubxona boʻlardi. Zaxgina, nimqorongʻu ikki xonadan iborat edi. Qish kunlari maktab, dala va uy ishlaridan ortib kutubxonaga kirishga vaqtim boʻlmasdi. Yorugʻ yozda kutubxona oldidagi hovuz boʻyi shiypon vazifasini oʻtardi. Qizlar kashta tikishsa, men kutubxonadan kitob tanlab chiqib, muk tushib oʻqirdim. Pushkinning ertaklari, oʻzbek xalq ertak va dostonlari, sharq xalqlarining afsonayu rivoyatlarini bosh koʻtarmay oʻqir, baʼzilarini uch-toʻrt bor takroran koʻzdan kechirardim. Maktab taʼtili paytida ona tili va adabiyot oʻqituvchimiz Murod Xolmurodov darslikdagi asarlar roʻyxatini berardilar. Qishloq kutubxonasidan topmagan kitoblarimni Boʻstondagi asosiy kutubxonadan olardim. Muallim Sharif Ahmedovning koʻrkam, xushtabiat rafiqasi Gulchehra opa menga qiziq kitoblarni tavsiya etardi.

Yozda yulduzlar sayrini tomosha qilib hovlimizdagi baland supada uxlardik. Oyning yorugʻida alla-mahalgacha kitob oʻqirdim. Ertaklardagi qahramonlarim qismati yuragimga ham azob, ham faxr solardi. Tonggacha ertaklar dunyosida yashardim. Onamning ertaklari esa hech tugamas, sigirimiz paxtani yeb, ipga aylantirib berishini kutardim. Otasining koʻziga malham izlab ketgan Kenja qizning sarguzashtlari meni hali-hamon sehrlab keladi. Oʻzini qullikdan ozod qilgan xaloskorining mushkuliga yarash uchun “labbay” deb goʻrdan chiqib, kafanini boʻyniga ilib yugurgan qulning himmatlari taʼrifini tinglab, dilimda ezgulik gullari ochilardi. Sheʼriyatning sehrgar xayollari bilan yashardim. Ana shunday tuygʻular menga jurʼat bagʻishlagan va shunday jasorat bilan qishlogʻimdan birinchi boʻlib Toshkentga oʻqishga kelganman.

Milliy universitet darsxonalari chinakam ijod olamiga olib kirdi va mashqlarimni ilk bor tahririyatga – “Oʻzbekiston xotin-qizlari” jurnaliga olib bordim. Gulchehra opa sheʼrlarimni ancha sayqallab, 1961 yili hozirgi “Saodat”ning avgust sonida chop ettirdi. Oʻsha sheʼrimni har gal oʻqisam, yuragim nurga toʻladi. Zulfiyaday buyuk ustozning imtihonidan oʻtganimga suyunib yuraman. Talabchan ustoz Ozod Sharafiddinovning”Zamon. Qalb. Poeziya” kitobini qayta-qayta oʻqirdim, sahifalari yod boʻlib ketgan edi. Mirtemir domlaning “Men seni”, “Onaginam” sheʼrlari, “Surat” tilimizdan tushmas edi. Shuhratning “Ishqingda yonib” va “Sening sevging” sheʼriy kitoblari doimiy hamrohimiz edi. Ijod va hayotda ularning koʻp mehribonliklarini koʻrdim. Uygʻun domla oʻsha uchrashuvdan soʻng oʻn yil oʻtgach, sheʼrlarimni matbuotda oʻqib qolib, shoir Barot Boyqobilov orqali meni topib, birinchi”Oq yoʻl”ni yozib berdilar. Shundan soʻng oʻzimga boʻlgan ishonch mustahkamlandi.

Birinchi dostonim “Kelinchak” 1967 yili “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, sevimli ustoz Zulfiyaga manzur boʻldi. Ilk kitobim “Shabnam” 1971 yili dunyo yuzini koʻrdi. Hayotimning eng ogʻir kunlarida men uchun unutilmas bayram boʻldi. Onam kitobning ilk nusxasini koʻzlariga surib yigʻlab yubordilar.

– Otangiz oʻgʻillarim oʻntasi ham yerga yem boʻldi, qizlarim birovning xasmi, otim qolmaydi, deb armon qilgan edi. Mana endi Hoji boboning nomi oʻchmaydigan boʻlibdi, oʻrgilay sizdan, – degandilar.

Hayotda mashaqqatlar girdobida qolgan kezlarim mehribon Zulfiyaxonim oʻz farzandiday panohiga oldi. U kishidan boshimni baland tutib yashashni, oʻz qadrim uchun kurashishni oʻrgandim. Mirtemir domla har gal sheʼrim matbuotda chiqqanida gohi maqtab, baʼzan otalarcha koyib, saboq berganlarini, Shuhrat aka tahrir qilishni, soʻz ustida qunt bilan ishlashni oʻrgatganlarini, Lazizxon Qayumov dono oʻgitlar berib koʻnglimni koʻtargan kunlarni unutmayman. “Sharq yulduzi” jurnali men uchun chinakam ijod maktabini oʻtadi. Mualliflarning asarlarini mehr bilan, soʻzimni qizgʻanmay tahrir qilishni shoir Husniddin Sharipovdan oʻrgandim. Aziz Saidaxonimning mehri, donishmand Toʻxtasin Jalolovning haftada ikki bor ishxonamga kelib, “qizim, bugun qanday yangi shoira topdingiz”, deb xushxabar kutishlari hech esimdan chiqmaydi.

Shu kungacha 29 ta toʻplamim chiqdi: sheʼrlar, hikoyalar, maqolalar, tarjimalar, badialar. Albatta, ularning mazmun-mundarijasi, saviyasi har xil. Koʻnglim toʻlmaganlarini ham oʻzimning injiq bolamday qadrlayman. Ayniqsa, “Saylanma” kitobimni dastalayotganda koʻnglim toʻlmaganlari oʻz-oʻzidan mundarijaga kirmay qoldi. 14 ta doston va balladalarimdan 7 tasi shu kitobimga kirmadi. Baʼzilari mavzusi bois, baʼzilari esa boʻsh koʻringani uchun.

Ha, adabiyot xalqni uygʻotuvchi qudratga ega. Oʻnlab qarorlarning kuchi yetmagan ishlarni birgina sheʼr, birgina qoʻshiq bilan amalga oshirish mumkin. Adabiyotdan yiroq odamning yuragini poʻpanak bosadi. Davralarda ziyoli odam bilan kitob koʻrmaganning suhbatini darrov farqlaydi kishi. Xalqimiz orzu-umidlarini, kelajagini, buyuk shijoatini kitoblarda, buyuk qahramonlar timsolida koʻrgan. Xalq Alpomishlaru Goʻroʻgʻlilarni, qahramonlik va mardlik zavqiga toʻla ertaklarni bejizga oʻylab topmagan. Ertaklari boʻlmagan xalqning yerda ildizi boʻlmaydi. Adabiyot xalq uchun hayot bulogʻi, tafakkur manbai, shunday boʻlmasa, bunday xalqning ruhi oʻladi. Adabiyot ona kabi murabbiy vazifasini oʻtashi darkor. Adabiyot – millatning urib turgan yuragi. Yaxshigina eslayman: oʻzbek tili qatagʻonga uchragan yillari bogʻcha bolalarining tilidan “Oʻzbegim”, “Oʻzbekiston” tushmasdi. Urush yillari jangchilarning koʻkrak choʻntaklarida “Qoʻlingga qurol ol”, “Sen yetim emassan”, “Surat”, K. Simonovning “Meni kutgil” sheʼrlari tumorday saqlanib kelgan.

Adabiyot milliy qadriyatlarning bardavomligi, millatning oʻzlikni anglash yoʻlidagi saʼy-harakatlari qaror topishi, xalqning maʼnaviy-axloqiy qatlamlarini mustahkamlash uchun xizmat qilishi kerak. Sheʼriyatda Hamid Olimjon, Zulfiya, Usmon Nosir, Mirtemir anʼanalariga hozirgi yoshlar amal qilishlarini orzu qilaman. Modern sheʼrlar deb shakli-shamoyili yoʻq, sovuqdan-sovuq misralarni oʻquvchiga taqdim etayotgan ijodkorlarni qabul qilolmayman. Bir yilda uch-toʻrt kitobini qalashtirib tashlab, oʻquvchining didini buzayotgan “yozuvchinamo”, “shoirnamo”lar ijod erkidan mastu mustagʻraq boʻlib, kekkayib yurishganidan hayron boʻlasan kishi. Nazmlarda soʻzbozlik, ikki tomchi suvday bir-biriga oʻxshagan, mazmuni poʻkak sheʼrlar koʻpayib ketganidan xavotirdaman. Dehqon xirmon koʻtarganda yaxshilab sovuradi, gʻalvir-chigʻil qiladi. Doni-donga, puchagi-puchakka ajraladi. Bugʻdoyga tushgan qoramugʻni bittalab teradi dehqon. Nazarimda, har bir ijodkor oʻz asarlarini mana shunday saralab, keyin oʻquvchiga taqdim etishi kerak. Buning uchun ijodkorga, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, kuchli masʼuliyat tuygʻusi zarur. Adabiyot xalq hayotining, u bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻllar tarixining badiiy koʻzgusi boʻlsagina, kelajak avlodga xizmat qiladi.

Oilamiz haqida soʻz yuritsam, ikki ijodkor bir yoqa, bir yeng boʻlib ijod qilamiz. Bir-birimizning yutuqlarimizdan ilhomlanamiz. Birinchi oʻquvchim, baho berguvchim ham Ibrohim aka boʻladilar.

Bolaligimda muallimlarim, “Oydin matematikani suv qilib ichgan, matematik boʻladi”, deb yurishardi. Meni soʻz sehri oʻz olamiga maftun qildi. Qizimiz Malohatxon raqamlar poeziyasiga maftun boʻldi, u texnika fanlari doktori. Nabiralar ham uning yoʻlini tanladi. Balki shajara daraxtining qaysidir novdalarida shoirmi, baxshimi tugʻilar! Bu yogʻi Yaratganga ayon.

Matbuotda chiqqan ilk sheʼrim “Tongni qarshilab” sarlavhali edi. Unda “umr boʻyi yurtim tonglarini bedor kuzatay”, degan satrlar bor edi. Bedor oʻtgan tunlarimdan, mehnat va izlanishda kechgan kunlarimdan topgan shodliklarim, taqdir nasibam uchun shukrona aytaman.

 

Oydin HOJIYEVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.