“Xivaki” tarixda qolgani rostmi?

0
328
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist

Rahmatjon QURBONOV bilan suhbat

 

Inson oʻz kasbini nechogʻli puxta egallasa, uning ipidan ignasigacha bilsa, hayotdan oladigan zavqi ham oʻzgacha boʻladi. Atrofdagilar esa shunga yarasha munosabat bildiradi.

Sirasini aytganda, oʻz sohasining ustasi elda hurmat qozonadi. Ayniqsa, bu sanʼatkor uchun juda muhim. Uning xalq orasida hofiz maqomini egallashi esa, chinakam baxt demakdir. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Rahmatjon Qurbonovning bu borada oʻz qarashlari bor.

 

– Hofiz degan nomning yukini koʻtarib yurish, munosib boʻlish ancha mushkul, – deydi Rahmatjon QURBONOV. – Hofiz, avvalo, xushovoz boʻlishi, hikmatlarni puxta bilishi kerak. Kitob uning doimiy hamrohiga aylanishi lozim. Alisher Navoiy, Ogahiy, Mahtumquli, Boborahim Mashrab kabi buyuklar asarlaridan boxabar boʻlmasa, sanʼatning haqiqiy ustasiga aylana olmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, savodda benazir insonni hofiz deyish toʻgʻri boʻladi.

Inson kamoloti, uning kelajakda erishadigan yutuqlariga bolaligida zamin yaratiladi. Sizni sanʼatga qanday kuch yetaklagan?

– Otam besh yasharligimda rubob olib bergandi. Ishtiyoqim ichimga sigʻmay, ikki kunda bir kuy oʻrganib, chalganimni koʻrgan yaqinlarim meni musiqa maktabiga berishdi. U yerda ustozlardan rubob chalish sirlarini oʻrgandim. Har kuni toʻrxaltamga rubobni joylab, musiqa maktabiga qatnardim. Bolabaxshi Abdullayevning xonadoni yoʻl yuzida edi. Bir kuni Bolabaxshi bir otaxon bilan eshik oldida gurung qilib oʻtirgan ekan. Ikki qoʻlimni koʻksimga qoʻyib, ularga salom berdim.

– Kimning oʻgʻli bu? – soʻradi otaxon. Boshida xorazmcha telpak, moʻylovlari ham oʻziga yarashib turgan bu inson diqqatimni tortdi.

– Bu – Xudarganning oʻgʻli, musiqa maktabiga qatnayapti, – dedi Bolabaxshi ota doʻstiga qarab. – Ulli boʻlsa, artist boʻljoq. Oti Rahmatjon. Qani, shu bolaga bir fotiha bering.

Shunda otaxon qoʻlini duoga ochib, menga oq fotiha berdi. Ulgʻayib bilsam, bu kishi mashhur sanʼatkor Madrahim Sheroziy ekan.

Oʻshanda 1967 yil edi. Men endi sakkiz yoshga kirgan bola edim. Shundan keyin koʻp ustozlarni koʻrdim. Oʻzbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov otamning doʻsti boʻlgani bois uyimizga koʻp kelardi. Sanʼat, ulugʻ allomalar haqida tonggacha bahs-munozara qizirdi.

Bolalikda boshlangan ishtiyoq oʻtining alanga olishida ustozlarning bergan oʻgitlari va koʻrsatgan yoʻl-yoʻriqlarining ham ahamiyati katta, shunday emasmi?

– Albatta, boshlangan ishning bardavom boʻlishida bu juda muhim. Musiqa bilim yurtidagi tahsil davomida ustozim Abdusharif Otajonovdan aytim yoʻllarini, “Girya”, “Kuygay” kabi qoʻshiqlarni oʻrgandim.

Bilim yurtini tamomlab, 1979 yili Toshkent davlat konservatoriyasiga oʻqishga kirdim. Ish faoliyatim esa 1975 yildan boshlandi. Xivadagi “Naqsh” ansamblida musiqa rahbari boʻlib ishlay boshladim. Ham oʻqib, ham ishlab nazariya va amaliyotni birga olib bordim. Keyinchalik 1978 yili Urganch shahrida filarmoniya ochildi. U yerga Bobomurod Hamdamovni badiiy rahbar, meni esa musiqa rahbari etib tayinlashdi.

Konservatoriyada Halima Nosirova, Shavkat Muhammedov, Orif Alimaxsumov kabi ustozlar qoʻlida oʻqib, sanʼatning nozik sirlarini oʻrgandim. Uchinchi kursdan keyin oʻzim ham oʻqituvchilik qilib, talabalarga saboq bera boshladim. 1988 yildan “Lazgi” ashula va raqs ansamblida musiqa rahbari boʻlib oʻn yetti yil faoliyat olib bordim. Koʻp yillik ijodiy izlanishlardan keyin Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida faoliyatimni davom ettirdim. Hozirgi kunda Xorazm madaniyat boshqarmasida ish olib boryapman.

Sizni “Dovudiy ovoz sohibi” deb eʼtirof etishadi. Bu maqomga qanday erishgansiz?

– Tarixda bu maqomga faqatgina Dovud paygʻambardek shirali, sehirli va baland ovoz sohiblarigina erishgan.

…1983 yil respublikamizda maqomchilar koʻrik-tanlovi boʻldi. Ana shu tanlovda men ham qatnashib, birinchi oʻrinni olganman. Shu tanlovda menga “Dovudiy ovoz sohibi” degan diplom berishdi. Hayʼat aʼzolari orasida Fattohxon Mamadaliyev, Orif Alimaxsumov, Saodat Qobulova, Fayzulla Karomatov, Nasim Hoshimov, Otanazar Matyoqubov kabi sanʼat dargʻalari meni shunday nomga loyiq koʻrishdi.

Rahmatjon ogʻa, siz ijodkor insonsiz. Bir qancha kitoblaringiz sanʼat ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan. Hammasiga qanday vaqt ajratasiz?

– Tadbirlar, uchrashuvlar, gastrollar odamni charchatib qoʻyadi. Ammo men ijod qilib, dam olaman. Sheʼrlar, ruboiylar, qoʻshiqlar yozib oʻzim kuy bastalab, charchogʻimni chiqaraman. 2004 yilda yozgan ruboiylarimni toʻplab kitob qildim. 2009 yili “Sanʼatnoma” nomli kitobimning birinchi qismi nashrdan chiqdi. 2017 yili ustozim Komiljon Otaniyozov va oʻzimning sheʼrlarimni jamlab “Ustoz yoʻlidan” nomli kitob chiqardik. “Sanʼatnoma”ning ikkinchi kitobi ham tayyor. Komiljon Otaniyozovning hayoti va ijodini aks ettiruvchi “Uch boʻston bulbuli” nomli drama yozib, Ogahiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida sahnalashtirdik. Yubiley arafasida qoʻyilgan bu sahna asari muxlislar tomonidan iliq kutib olindi.

Maʼlumu mashhur boʻlgan, xalq tilida “Boq, boq”, yaʼni “Xivaki”ning yaratilish tarixi muxlislarga qiziq…

– Sanʼat olamiga kirib kelganimga qirq yildan oshdi. Ustozim Komiljon Otaniyozovga oʻxshab men ham lazgi kabi umrboqiy qoʻshiq yaratsam, deb niyat qilardim. “Xivaki”ning soʻzlari, kuyi xayolimda yaxshi yetildi. Bir kuni uyga kelib, qoʻlimga torni olib, shu qoʻshiqning musiqasini chaldim. Izidan soʻzi keldi. Ikkinchi bandi, uchinchi bandi… Buni qarangki, ajoyib bir qoʻshiq chiqdi. Ammo hali “xom” edi. Shu payt uyga shogirdim Toʻlqin Jabborov kelib qoldi. Unga koʻrsatdim, maʼqulladi. Sheʼrni va musiqasini maromiga yetkazdik.

Bugungi toʻylarimizda xizmat qilayotganlarga sanʼatkorlik odobi haqida qanday oʻgit va maslahatlar berasiz?

– Agar sanʼatkor oʻz kasbini sevsa, fidoyi boʻlsa, xalqning oldida halol xizmat qilsa, albatta, unga el munosib bahosini beradi. Endi toʻylarda har turli “yarim yalangʻoch” qoʻshiqlarni kuylaydigan, har narsani qoʻshiq, deb aytaveradigan “sanʼatkorlar” ham borki, ularni eshitadigan odamlarning darajasi shu ashulani aytib turgan sanʼatkorniki bilan teng. Qoʻshiqni tinglab, tushunish ham bir sanʼat aslida.

Sanʼat mukammallikni talab etadi. Shu dargohga kadam qoʻydingmi, kasbingga mehrli boʻl, uni mukammal oʻrganishga kirish. Xalqning oldiga xom-xatala qoʻshiqlarni aytib chiqib boʻlmaydi.

Mana shu oʻgitlarni shogirdlaringizga ham uqtirishga harakat qilasizmi?

– Shogirdlarimga hamisha halol, sanʼatda sofdil boʻlishni uqtirganman. Shundagina xalqning qalbiga kirib borish mumkinligini tez-tez takrorlayman. Bu zimmamdagi ustozlik burchim.

Oila – ulugʻ dargoh. Har qanday ijodkorning erishadigan muvaffaqiyatlari, avvalo, shu maskanda kurtak yozadi. Sizning erishgan yutuqlaringizda ham buning oʻrni boʻlakcha boʻlsa kerak?

– Toʻgʻri aytasiz, har kimning oʻz oilasidan koʻngli xotirjam boʻlsagina, ishida unum va baraka boʻladi. Mening ijod qilishimda bu ishda rafiqamning koʻmagi katta. Ikki oʻgʻil, ikki qizni birga tarbiyaladik. Hammasi uyli-joyli, oliy maʼlumotli. Turmush oʻrtogʻim hozir nabiralar tarbiyasi bilan band. Farzandlarimdan koʻnglim toʻq. Jamiyat ravnaqiga oʻz hissalarini qoʻshib kelayotganidan xursandman.

 

Boltaboy Muhammad Qurbon suhbatlashdi.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.