Ummon yuzidagi mavjlar

0
194
marta koʻrilgan.

Yozuvchi, sanʼatshunos Nodir NORMATOV bilan suhbat

 

Lazizjon Baxranov: Mustaqillik xalqimizga oʻz taqdirini oʻzi yaratish, erkin va farovon hayot barpo etish imkonini berdi. Buning natijasida, milliy qadriyatlar tiklanmoqda, madaniyat, sanʼat sohalarida katta oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Oʻzbek tasviriy sanʼatida yangi-yangi badiiy yoʻnalishlar paydo boʻlmoqda. Serqirra hayotni, zamondoshlarimiz portretlarini, jamiyatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni obʼyektiv rangtasvirga tushirish anʼanaga aylandi. Prezidentimiz Islom Karimov taʼkidlaganidek: “Hozirgi kunda milliy maʼnaviyatimiz rivojini tasviriy sanʼat namunalarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Oʻzbek rassomlarining keyingi yillarda samarali ijod qilib, yangi-yangi yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani, bu sohada koʻplab yosh isteʼdod egalari kirib kelayotgani uning ravnaqi va istiqbolidan dalolat beradi”. Haqiqatan ham, bu borada yutuqlarimiz koʻp. Biroq, taraqqiyot vaqt oʻtgan sari oldimizga koʻplab vazifalarni qoʻyaveradi. Ularni ado etgandagina soha yanada rivojlanadi. Tasviriy sanʼatni rivojlantiruvchi omillardan biri esa badiiy tanqiddir. Nodir aka, oʻzbek badiiy tanqidchiliging bugungi holati sizni qoniqtiradimi?

Nodir Normatov: Tasviriy sanʼat asarlarini, xoh u milliy, xoh jahoniy boʻlsin, tushunishda tarjimon talab etilmaydi. Ammo, badiiy tanqidda tilning ahamiyati beqiyos. Biz oʻzbek tasviriy sanʼatini anglashda zamonaviy sanʼatshunoslikni badiiy tanqidga ehtiyoji katta boʻlib borayotganligini sezib turibmiz. Bu esa bugungi kunda tasviriy sanʼatimiz xilma-xilligi, kutilmagan “izm”laru yangicha va eskicha uslub hamda ularning qorishiqligi, mavhum va botiniy maʼnolar kasb etayotgan asarlarga toʻlib-toshganligi bilan izohlanadi. Toʻgʻri, bu sohada rusiyzabon muxlislarning omadi chopgan, ular ham Oʻzbekistonda, ham Rossiyada nashr etilayotgan minglab kitoblardan bahramand boʻlishmoqda. Ammo, respublikamizda yashaydigan oʻttiz milliondan ortiq aholining asosiy qismi oʻzbek tilida gaplashadi. Ana shundan kelib chiqib, men badiiy tanqidchiligimizning bugungi ahvolini qoniqarli, deb hisoblamayman.

Maʼlumki, istiqlol musavvirlarimizga ijod erkinligi, tasviriy sanʼat uslubini erkin tanlash, oʻzining badiiy-estetik qarashlarini ochiq ifodalash va targʻib etish imkonini berdi. Eng muhimi, musavvirlarimiz obʼyektiv haqiqatga tayanish, uni oʻz asarlarida ifodalash imkoniga ega boʻldilar. Ushbu erkinlikdan toʻgʻri foydalanish, badiiy jarayonlarni falsafiy-estetik tadqiq etish jamiyatni maʼnaviy yuksaltirish nuqtai nazaridan dolzarb muammo hisoblanadi. Keyingi yillarda chop etilgan tanqidchilikka doir ilmiy maqola yoki asarlardan qaysi birlarini badiiy jarayonlarni keng qamrovda tadqiq etgan deyish mumkin? Ularda qanday ilmiy-tanqidiy fikrlar, konsepsiyalar ilgari surilgan?

Nazarimda, tasviriy sanʼat sohasida biyennale (har ikki yilda oʻtkaziladigan ijodiy koʻrgazma) munosabati bilan yozilgan bir-ikki maqolani hisobga olmaganda tahliliy maqolalar kam chop etildi. Toʻgʻri, bu sohada Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi sanʼatshunoslarining davra suhbatlari oʻtkazildi. Ulardan bir qismining “San’at” jurnalida chop etilishi eʼtiborni tortdi. Ammo, oʻzbek tasviriy yoki amaliy sanʼatining boshqa turlari va janrlari ham bor-ku. Aytaylik, haykaltaroshlik.

Janrlar muammolariga bagʻishlab mazkur sanʼat jurnalning alohida sonlari nashr etilmoqda. Ammo, har bir sohada oʻz mulohazalarini bildirayotgan mutaxassislarning bu chiqishlari amaliyotda qay darajada hisobga olinayotir, monitoringi qay ahvolda? Bu ham jiddiy masala. Davlatimiz bu sohalarni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va imtiyozlarni yaratgan hozirgi paytda biz ularning istiqbollariga befarq boʻlmasligimiz kerak.

Soʻnggi yillarda turli grantlar va loyihalar asosida Akbar Hakimov, Nigora Ahmedova, Elmira Gul, Kamola Oqilova singari mutaxassislar anchagina salmoqli tadqiqotlar qilishdi. Ammo, ularning aksariyati rus tilida.

Mustabid tuzum davrida ijodning barcha sohalari qatori tasviriy sanʼat va badiiy tanqidchilik ham kommunistik mafkura talablariga, dogmalariga boʻysundirilgan edi. Sotsialistik realizm ijtimoiy borliqni tasvirlashning yagona obʼyektiv uslubi sifatida qaralgan, undan chekingan yondashuv “burjua estetikasi”, “xalqchillikning buzilishi”, “sotsrealizmdan chekinish” kabi tamgʻalar bilan qoralangan. Ijod erkinligi va tanqidiy yondashuv zarurligi rasmiy hujjatlarda qayd etilgan boʻlsa-da, real hayotda “sotsrealizm namoyandalari”ning ijodi, asarlari badiiy tanqiddan xoli edi. Hozirgi kunda murakkab, serqirra va rang-barang badiiy jarayonlar kechayotgan paytda tanqidchiligimiz qay darajada rivojlanayapti?

Nazariya oʻz yoʻlida, biroq sanʼatshunos oʻzi tanlagan yoʻnalishda ishini amaliyot bilan bogʻlab, aniq dalillar asosida ish olib borishi kerak, deb oʻylayman. Toʻgʻri, gilam va ipakdan sanʼat asarlari yaratish sohasida bir qancha ishlar olib borildi. Ammo, ularni yetarli deb boʻlmaydi. Gap shundaki, avvalo, oʻzbek tasviriy va amaliy sanʼatining turlari va janrlari rivoji bir xil emas. Uning yangi davr sharoitidagi holatiga eʼtibor beradigan boʻlsak, katta imtiyozlar berilgan. Xalq amaliy sanʼatida, jumladan, miniatyura yoki kulollik sanʼat darajasidan koʻra koʻproq hunarmandlikka tomon ogʻayotgandek. Bu holat – bozor iqtisodiyotiga moslashish mayllari, boshqa sanʼat turlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xoʻsh, ana shunday holatlarga badiiy tanqidchiligimiz qay darajada munosabat bildirdi? Bunga Akbar Hakimov, Kamola Oqilova, Elmira Gul kabi mutaxassislarning maqolalarini hisobga olmaganda, oʻziga xos yechimlar, javoblar topish qiyin.

Ijodiy erkinlik tufayli milliy tasviriy sanʼatda kubizm, syurrealizm, impressionizm, traditsionalizm, simvolizm, abstraksionizm, avangard, naturalizm, giperrealizm, erotik sanʼat, pop-art, neoimpressionizm, neoklassitsizm, fotorealizm, futurizm kabi badiiy-uslubiy yondashishlar rivoj topmoqda. Jahon tasviriy sanʼatidagi uslublarni oʻzlashtirishga boʻlgan intilish yangi falsafiy-estetik paradigmani shakllantirmoqda. Bu esa badiiy jarayonlarni keng va chuqur tahlil etishni taqozo etmoqda. Prezident Islom Karimov inson maʼnaviyatiga taʼsir etuvchi barcha sohani, shu jumladan tasviriy sanʼatni ham “xalqning maʼnaviy ehtiyojlari, zamon talablari asosida yanada kuchaytirishimiz, yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur”, deb taʼkidlagan edi. Buning eng samarali, sanʼat tarixida sinovlardan oʻtgan vositasi tasviriy sanʼat ravnaqiga konstruktiv, ilmiy-ratsional taʼsir etuvchi badiiy tanqidchilikdan foydalanishdir.

Bu juda nozik masala. Men maʼlum bir muddat Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida dars bergan edim. Oʻsha paytlarda talabalarga erkin mavzu va tasviriy sanʼat sohasida janrlar boʻyicha maqolalar yozdirgandim. Maʼlum boʻldiki, avvalo, bu masala yechimi tarbiya bilan bogʻliq ekan.

Nazariya va amaliyot tutashgan joyda rivojlanish boʻladi. Bu masalaning yechimi esa talabalarni uchinchi bosqichdan soʻng tegishli joyda amaliyot oʻtishi bilan ijobiy natija beradi. Bunday yondashish dunyo mamlakatlarida allaqachon yoʻlga qoʻyilgan.

Realizmga munosabatingiz qanday?

Realizm, bu – barcha “izm”larning onasi, deyish mumkin. Realizm hayot inʼikosi, hayotdan, voqelikdan ilhomlanadi. Realizm tufayli jamiki baquvvat yoki mukammal, chala va sayoz oqimlar paydo boʻladi. Ammo, ularning tasviriy sanʼatda oʻz imkoni darajasida izlari qoladi. Ummonga mayda tosh tashlasangiz, toʻlqin emas, mavj hosil boʻladi. Shu maʼnoda, realizm qudratli kuchga ega, u katta bir imoratning poydevoridir.

Bugun “ommaviy sanʼat”, “ommaviy madaniyat”ning inson maʼnaviyatiga salbiy taʼsiri haqida koʻp gapirilmoqda. Mazkur illatning oldini olish va bartaraf etishda badiiy tanqidchilikning rolini qanday baholaysiz?

Har qanday sanʼatning asosi, oʻlchovi, mezoni bor. U osmondan tushmaydi. Agar sanʼatda mantiq, meʼyor, uygʻunlik, noziklik ustunlari buzilsa yoki chala boʻlsa, u salbiy hodisaga aylanadi. Chalalik tufayli ana shunday chala madaniyat, chala sanʼat namunalari roʻy beradi. Bu bir illat, kasallik. Uni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun sogʻlom muhit kerak.

Koʻrgazmalarda namoyish etilayotgan asarlarda musavvirlarning ichki hissiyotlari ustuvorlik qilayotganini kuzatish mumkin. Aslida, musavvir ham shu zamon va makonning odami. Shu maʼnoda ijodkor ham faqat oʻzining oʻy-xayollari, ichki kechinmalari bilan ovora boʻlib qolmasligi, jamiyatda kechayotgan oʻzgarishlarga, mavjud kamchilik va muammolarga faol munosabat bildirishi zarur. Shundagina tasviriy sanʼat asarlari tomoshabinlar orasida ommalashib, musavvir va jamiyat maqsadlari, manfaatlari uygʻunlasha boradi…

Tasviriy sanʼat, bu – oddiy reallikdan yashirin olamga qoʻyilgan qadam, degan edi Jubron Xalil. Shu maʼnoda unda majozlar, shartliliklar, imo-ishoralar yogʻdular va rang sochmalari, timsollar orqali ijodkor niyati namoyon boʻladi. Rangtasvir, bu – plakat yoki publitsistika ham emas. Uning maʼnosida yashirin olamlar sharpasi bor.

Aksariyat hollarda tomoshabin madaniyati haqida soʻz yuritilganda, asosan, teatr, kino yoxud konsert tomoshabinining madaniyati gapiriladi. Holbuki, tasviriy sanʼat asarlarini idrok etuvchi tomoshabinning madaniyatini yuksaltirish ham ijtimoiy-maʼnaviy taraqqiyotning muhim omili sanaladi. Bu borada sizning fikr-mulohazalaringiz qanday?

Maqomni har kim ham tushunavermaydi, ammo u yaxshi ijro etilsa, istagan tinglovchi quloq solib zavq oladi. Tasviriy sanʼat sohasida ham hammani tushunadigan qilib tarbiyalash qiyin, bu oʻrinda sanʼatshunoslarimiz hech boʻlmaganda, boshlangʻich tarbiyani berish usullarini oʻylashlari kerak, deb oʻylayman.

Xulosa qilib aytganda, bugungi oʻzbek badiiy tanqidchiligi zamonaviy badiiy jarayonlarda roʻy berayotgan yangilanishlardan, xususan, tasviriy sanʼatdagi uslubiy oʻzgarishlardan orqada qolmoqda. Tasviriy sanʼatning bugungi holatini tahlil etish, yutuq va muammolariga jahon tanqidchiligi darajasida haqqoniy baho berish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda. Yosh, isteʼdodli sanʼatshunos-tanqidchilar avlodining yetishib chiqishi qiyin kechmoqda. Holbuki, tasviriy sanʼat xalqimizning maʼnaviy-madaniy yuksalishiga qanchalik ijobiy taʼsir etsa, tanqidchilik ham tomoshabin va musavvirning badiiy-estetik didini oʻstirish orqali umumtaraqqiyotga shu qadar kuchli taʼsir etadi. Shu bois, bu sohani har tomonlama rivojlantirish dolzarb masala hisoblanadi.

 

Lazizjon BAXRANOV suhbatlashdi.

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.